Breaking News

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy choralarni muhokama qilmoqda


AQSh va G’arb davlatlari Rossiyani turli platformalarda Ukrainaga hujum qilmaslik haqida ogohlantirmoqda. Yevropa Ittifoqi, “Katta Yettilik”, NATO Kreml ogohlantirishlarga quloq solmasa, jazolanishini bildirmoqda.

Xalqaro hayot - 13-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:33 0:00

O’tgan hafta Angliyaning Liverpul shahrida majlis qilgan “Katta Yettilik” guruhiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari shu mavzuni muhokama qilgan.

AQSh razvedkasiga ko’ra, Rossiya kelasi yil boshida 175 minggacha qo’shin bilan bir necha yo’nalishda Ukrainaga hujumni rejalamoqda.

Kreml bunday da’volarni safsata, rusofobiya deb atamoqda. Prezident Vladimir Putinning aytishicha, NATOning Rossiya chegaralari tomon kengayishi uning mamlakatiga tahdid solmoqda. Putin yaqinda AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan virtual muloqot paytida Ukrainani NATOga qabul qilmaslikka va Rossiyaga yaqin qurol joylashtirmaslikka kafolat so’radi.

Biroq NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya talabiga bo’yin egishdan bosh tortdi. Alyans 2008-yilda Ukrainani kelajakda o’z safiga qabul qilishga va’da bergan edi. Kreml bu majburiyatdan voz kechishni talab qilmoqda.

"NATOning Ukraina bilan munosabati faqat NATOga a’zo 30 mamlakat va Ukraina tomonidan belgilanadi. Rossiya kabi yirik davlatlarning ta’sir doiralariga egalik qilishga qaratilgan tizimni qaytadan joriy etish harakatlarini qabul qila olmaymiz”, - dedi Stoltenberg.

“Katta Yettilik” qo’shma bayonot chiqarib, Rossiyani taranglikni yumshatishga, diplomatik kanallar orqali muloqot qilishga, harbiy harakatlarini shaffof qilishga chaqirdi.

AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Bill Teylorning aytishicha, Putin hozirgi nuqtadan chekinishi kerak.

“Agar u xavfsizlikni, Yevropa xavfsizligini muhokama qilishni istasa, muloqotga Ukrainani, Yevropani qo’shish kerak. Biroq buning uchun Putin avval qurolini tushirishi kerak. Boshingizga qurol niqtab turgan odam bilan muzokara qilib bo’lmaydi”, - deydi endilikda AQSh Tinchlik institutida ishlayotgan mutaxassis.

Teylorning aytishicha, Ukraina umumiy chegaraning uch joyida Rossiya qo’shin to’playotganidan hamda Putinning “Ukraina mustaqil davlat emas” degan gaplaridan xavotirda.

Yevropa Ittifoqi AQSh va Britaniya bilan maslahatlashgan holda Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni muhokama qilmoqda.

Tashkilotning tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrelning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga iqtisodiy jihatdan qimmatga tushishi mumkin bo’lgan choralarni rejalamoqda.

"Sanksiyalar bo’yicha qarorni bugun qabul qilmaymiz. AQSh va Birlashgan Qirollik bilan birga sanksiyalar nimalardan iborat bo’lishi, qachon va qanday qo’llanilishi haqida gaplashyapmiz”, - dedi u.

Ayrim rasmiylarga ko’ra, rus siyosiy elitasining qudratli vakillariga qarshi viza cheklovlari hamda ularning Yevropadagi mulkini muzlatish kabi choralar ko’rilmoqda.

Rossiyaning bank va moliya tizimi ham nishonga olinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG