Breaking News

Yevropa Ittifoqi Suriya va Rossiya muammolarini muhokama qildi


Suriya va Rossiya muammolari Bryussel sammitida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

Yevropa Ittifoqi yetakchilari 21-oktabr kuni Bryusselda Suriya mojarosi bo'yicha muzokaralarni davom ettirdi. Suriya hukumati 20-oktabr kuni Halabda uch kunlik sulh ijroga kirganini ma'lum qildi, ammo Rossiya uni uzaytirishni istamayapti.

Halabda to'qnashuvlar biroz tingandek, ammo Suriya va Rossiya kuchlari amalga oshirayotgan bombalash kampaniyasiga butunlay yakun yasashga umidlar kam. Yevropa va AQSh Moskvani minglab tinch aholini qirayotganlikda aybladi.

Yevropa Kengashi uchrashuvida ilk bor qatnashgan Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey a'zo davlatlarni birdamlikka chaqirdi.

"Birga ishlashda davom etishimiz kerak. Suriyadagi shafqatsizliklarga chek qo'yish uchun Rossiyaga bosim ko'rsatishda davom etishimiz kerak", - dedi u.
Yevropa Rossiya Qrimni egallab olishi ortidan kiritilgan jazo choralarini yengillatish haqida o'ylayotgan edi. Endi buning imkoni yo'qqa o'xshaydi.

"Rossiya sanksiyalar bo'yicha yevropaliklar orasidagi bo'linishlardan unumli foydalanayotgan edi. Putin Suriyada Halabni bombalashga tushib ketgach, xalqaro miqyosda g'azabga uchradi. Endi Yevropada qarashlar yanada jiddiylashdi", - deydi tadqiqotchi Jon Lof.

Uning aytishicha, Yevropa Rossiya bo'yicha siyosatini qayta ko'rib chiqishi kerak.

"Imkoni bor masalalarda muloqotga ehtiyojimiz bor. Ayni paytda toqatimizning chegarasini ko'rsatadigan vositalarimiz ham bo'lishi lozim. Qadriyatlarimizni himoya qilishimiz kerak. Chegaralar daxlsizligi tamoyilini qattiq himoya qilishimiz zarur", - deydi Lof.

Millionlab qochoqlarni Yevropa sohillariga olib kelgan omillardan biri aynan mana shu Suriya urushi bo'ladi.

Bryussel Anqara bilan mart oyida kelishuvga erishgandan beri Turkiyadan kelayotgan muhojirlar soni keskin kamaydi. Ammo bitim shartlari bo'yicha Yevropa turkiyaliklarga yil oxirigacha vizasiz sayohat qilish huquqini bermasa, Anqara kelishuvni buzishi haqida ogohlantirmoqda.

"Kelishuvni davom ettirishdan ma'no qolmayapti. Uni bekor qilish yo'lini topishimiz kerak", - deydi Turkiyaning Yevropa Ittifoqi masalalari bo'yicha vaziri Umar Chelik.

Turkiyadan kelayotgan muhojirlar soni kamaygan bo'lsa ham, har hafta Shimoliy Afrikadan minglab migrantlar Italiya sohillariga oqib kelishda davom etmoqda. Bryussel sammiti oldidan Rim ittifoqni yordam ko'rsatmayotganlikda aybladi.

"Italiya o'z aybi bo'lmagan muammo bilan yuzlashmoqda. Yevropa Ittifoqi yetarli chora ko'rmayapti. Chunki Italiyaga kelayotgan qochoqlarni qabul qilishni istamayotgan davlatlar bor, masalan, Vengriya va ma'lum darajada Polsha ham", - deydi Yevropa islohoti markazidan Ayan Bond.

Bryusseldagi anjumanda Britaniyaning ittifoqni tark etishi masalasi ham ko'riladi. Bu borada rasmiy muzokaralar kelasi yil boshlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG