Uyg'ur faoli Italiyada Xitoy talabi bilan hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

Jahon uyg'urlar kongressi bosh kotibi To'lqin Isa

Uyg'ur yetakchisi To'lqin Isa bir muddat Italiyada hibsda ushlab turildi. Bu narsa Xitoy ta'sirining Yevropada ham o'sib borayotganidan darak, deydi faollar.

Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan Jahon uyg'urlar kongressi bosh kotibi To'lqin Isa Shinjondagi vaziyat bo'yicha Italiya Senatida hisobot berish uchun Rimga borganda politsiya tomonidan hibsga olindi.

Uyg'ur huquqlari tashkiloti so'zlovchisiga ko'ra, taniqli huquq faolining Xitoy talabiga binoan hibsga olinishi Yevropa uchun ogohlantiruvchi hodisa bo'lishi kerak. Agar Yevropa mamlakatlari Xitoy bilan savdo aloqalariga urg'u bersa, inson huquqlariga oid fundamental qadriyatlarga putur yetadi, deydi u.
To'lqin Isa Rimda uch soat hibsxonada saqlangan.

Xitoy talabi

Mahalliy politsiyaning aytishicha, To'lqin Isa nomi Interpol ro'yxatida bo'lgani uchun hibsga olingan. Xitoy uni 2009-yilda eng ko'p qidirilgan terrorchi sifatida ro'yxatga kiritgan. 2016-yilning noyabrida Xitoyning xavfsizlik bo'yicha vaziri Interpol rahbari etib saylangan edi.

"Bu men uchun kutilmagan bo'ldi. Chunki demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi Italiya demokratiyasi va hukumatining asosiy qadriyatlari ekaniga ishonaman", - deydi Isa.

Uyg'ur faoli ilgari ham Nyu-York, Janubiy Koreya, Turkiya va Shveysariyada shunday holatlar bilan to'qnashgan. Bunda u Xitoyning o'sib borayotgan ta'sirini ko'radi.

"Yevropa Ittifoqi uyg'onib, Xitoy bilan savdo va siyosiy almashinuv siyosatlarini qayta ko'rib chiqishi kerak", - deydi Jahon uyg'urlar kongressi so'zlovchisi Dilxat Rixat.

Xitoyning o'sib borayotgan ta'siri

Tahlilchilar fikricha, Isa bilan ro'y bergan hodisa Xitoyning xorijdagi ta'siri oshib borayotganidan darak.

Shunga qaramay, faolning tez orada ozod qilinishi va Yevropa bo'ylab erkin harakatlanishiga ruxsat berilishi mintaqada uyg'urlar masalasiga hurmat hanuz kuchli ekanini va yevropaliklar Xitoy da'volariga shubha bilan qarashini ko'rsatadi.

Xitoyning Shinjonda mahalliy uyg'ur xalqi dini va madaniyatiga nisbatan tazyiq o'tkazishi xalqaro hamjamiyat tanqidiga sabab bo'lib keladi.

Madaniy genotsid

"Bu Xitoy hukumatining uyg'urlarga nisbatan olib borayotgan madaniy genotsidi", - deydi Isa.

Uning aytishicha, Xitoy hukumati uyg'urlarning dini va madaniyatiga ko'proq bosim o'tkazmoqda. Agar tilingizni yo'qotsangiz, o'zligingizning 60 foizini boy berasiz, deydi u.

Avstraliya Milliy universiteti professori Maykl Klarkning aytishicha, bunday bosim uyg'urlar orasidagi bezovtalikni yanada kuchaytiradi. Natijada aholi va hukumat o'rtasidagi aloqalarda ziddiyat paydo bo'ladi.

Pekinga ko'ra, xorijdagi ekstremistik kuchlar Shinjonda to'polon chiqarishdan manfaatdor. Ularning "Al-Qoida" va "Islomiy davlat" kabi terror guruhlarga aloqasi bor, deya da'vo qiladi Xitoy.

Professor Klark fikriga ko'ra esa, noroziliklar, asosan, mahalliy muammolar bilan bog'liq.

Ayrim tahlilchilar fikricha, agar Pekin Shinjondagi siyosatini yumshatmasa, "Yagona makon" va "Ipak yo'li" iqtisodiy loyihalari to'siqlarga duch kelishi mumkin. Chunki bu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun, Markaziy Osiyo va arab davlatlari qo'llab-quvvatlovi muhim. Ular esaozchilik musulmon uyg'urlarining ezilayotganidan norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG