Rossiya bilan ziddiyat kuchaygan bir paytda AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Uilliam Byorns iste'foga chiqadi


Uilliam Byorns (William Burns), AQSh Davlat kotibi muovini

Vashingtonda asoslangan xalqaro tashkilot - Yevrosiyo Jamg’armasi (Eurasia Foundation) AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Uilliam Byorns (William Burns) ni o’zining yillik Sara Keri mukofoti (Sarah Carey Award) bilan taqdirlab, iste’foga chiqayotgan diplomatni “bebaho kadr” deya ulug’lamoqda. Tashqi siyosatni belgilashda muhim rol o'ynab kelgan, xususan Rossiyaga nisbatan strategiya ortida turgan Byorns 33 yillik xizmatdan so’ng pensiyaga ketish arafasida.

Uilliam Byorns bugungi lavozimiga diplomatik xizmatdagi uzoq yillik tajribasi va orttirgan bilimi bilan erishgan. Davlat kotibi rasman AQShning bosh diplomati, tashqi ishlar vaziri, mamlakatning xalqaro maydondagi yuzi. Uning o’rinbosari esa Davlat departamentining kundalik faoliyati, kadrlar va strategiya uchun mas’ul. Elchilarni tanlash va tayinlashdan tortib, uchrashuvlar, muzokara va muhokama - bularning hammasi davlat kotibi o’rinbosarining bo’ynida. Davlat kotibi ko'p vaqtini chet elda o'tkazadi. U safarda ekan, o'rinbosar vazirlik uchun javobgar.

Byorns 2011-yildan beri bu kursida. Qizig’i shundaki, u AQSh tarixida bu lavozimga loyiq ko’rilgan ikkinchi professional diplomat. Boshqalar prezidentlarning “odamlari” bo’lgan, ya’ni diplomatik xizmatda yetishgan shaxslar emas, davlat kotibi va Oq uy ma'qul ko'rgan, tashqaridan olingan arboblar.

58 yoshli Byorns Rossiya va Iordaniyada elchilik qilgan. Rus va arab tillarini, shuningdek, fransuzchani yaxshi biladi.

Arab dunyosi, Yevrosiyo, xususan sobiq Sovet Ittifoqi bo’yicha eng bilimdon mutaxassis sanaladi.

“1981-yilda diplomatik xizmatga kirganimda, dunyo juda notinch edi. Yaqin Sharq alanga va tahlika ichida edi. Amerika va Sovet Ittifoqi orasidagi rishtalar juda xavotirli bir nuqtada edi, ziddiyatlar bag’oyat kuchaygan davr edi. 33 yil o’tib, diplomatik xizmatni yakunlash arafasida ekanman, Yaqin Sharq alanga va tahlika ichida, Rossiya bilan aloqalarimiz esa keskin bir nuqtada”,- deydi Byorns Yevrosiyo Jamg’armasi mukofotini qabul qilar ekan.

Oliy mukofotlarga loyiq insonlar juda ko’p, ayniqsa AQSh diplomatlari orasida, deydi arbob, dunyoning eng notinch chekkalarida ishlab yurganlar cheksiz tahsinga munosibdir.

Byorns ustozlik qilgan diplomatlar bugun sobiq ittifoq bo’ylab elchilik qilmoqda. Tojikistondagi elchi Syuzan Elliotdan tortib, Ukrainadagi elchi Jeff Payatgacha. Rossiyadagi yangi elchi Jon Tefft va uning o’rinbosari Linn Treysi. Qirg’izistonga elchilikka ko’rsatilgan va tasdiqlanishi kutilayotgan Shila Gvoltni ham Byorns maktabidan o’tgan.

Byornsning o’zi Rossiyada 2005-2008-yillarda elchi bo’lgan. Moskva va Vashington orasidagi ko’plab kelishmovchiliklarni yopiq eshiklar ortida muzokara orqali hal etgan, deya tasvirlaydi o’zi ham Rossiyada elchilik qilgan Tomas Pikering.

“Byorns Amerikaning “diplomatik quroli”, super diplomati”,- deydi u. “Xatolar qilgan albatta va buni o’zi ham yaxshi biladi. Pand yegan, xatolar qimmatga tushgan lekin diplomatiya shunday narsaki, muvaffaqiyat ko’zga ko’rinmaydi. Yutuq tinchlikda”,- deydi u.

“Faoliyatimda ko’plab xatolarga yo’l qo’yganman va saboq olganman. Biroq diplomatiya naqadar kuchli vosita ekaniga har kuni qayta-qayta amin bo’lganman”,- deydi Byornsning o’zi.

Arbob Markaziy Osiyo davlatlariga safar qilib, rahbarlar bilan yuzma-yuz suhbatlarda bo’lgan. Oxirgi marta shu yoz borganida prezidentlarni “Amerika sizni tashlab qo’ymaydi. Afg’onistondan chiqamiz lekin siz bilan yaqin hamkorlik qilishni xohlaymiz” deya ishontirishga uringan.

Bugun Rossiya bilan aloqalar o’ta salbiy holatda ekan, nega aynan hozir pensiyaga ketayapti? Davlat kotibi Jon Kerri unga muhtoj emasmi?

Byornsning o’zi bu savollarga javob bermaydi, ammo uni yaxshi tanigan ekspertlar deydiki, siyosat va rishtalar shunday narsalarki, ular hech qachon barqaror emas, har kuni yangi masala, yangi muammo. Yuqori lavozimli diplomat shaxsiy hayotini chetga surishga majbur. Byorns charchagan, ketish uning istagi, oilasi bag’riga qaytmoqchi.

Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash, uzilgan zanjirlarni qayta ulash esa uzoq muddatli vazifa.

Bu masalalarni uzoq yillar davomida yoritib tanilgan jurnalist, "CNN" telekanali sobiq sharhlovchisi Jill Doerti tahlilicha, bugun Amerika va Rossiya bir-biri bilan muloqot qilmayapti, balki bir-birini so’kayapti va baqirayapti xolos. Kim nima deyapti, ular eshitmaydi va buni xohlamaydi ham. Kreml Amerikaga qarshi axborot urushi olib bormoqda. Hamma narsa oq va qora rangda talqin qilinmoqda, har ikki tomonda, bu esa muloqotdan emas, yanada uzoqlashuvdan darak, deya umidsizlanadi ekspert.

AQShning Rossiyadagi yana bir sobiq elchisi Jon Beyrl esa axborot urushi xavf emas deb hisoblaydi. Uning nazarida bugungi propaganda o’tkinchi. Rossiya va Amerika bir-biriga qanchalik va nima uchun kerakligini juda yaxshi biladi, deydi u. Ukraina va boshqa masalalar yuzasidan ziddiyatlar qanchalik keskinlashmasin, tomonlar qaysidir darajada rishtalarni saqlab qolishi tabiiy. Kreml bir narsani aniq tushunadi, deydi u, Amerika xalqining munosabati salbiylashganida Rossiya hamisha yutqazgan.

Keksa diplomat Tomas Pikering esa quyidagi qarashni o’rtaga tashlaydi: AQSh Rossiyasiz yashay oladimi deb emas, bu ikki davlat bir-biri bilan chiqishib yashay oladimi deb so’rash va shuning ustida ishlash kerak.

Uilliam Byornsning o'rniga hozirda siyosiy masalalar bo'yicha muovin Vendi Sherman yoki prezident Obamaning yaqin maslahatchilaridan Toni Blinken kelishi mumkin degan taxminlar bor.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America and a leading Washington-based authority on geopolitics and national development in Central Asia. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for over 15 years on TV, radio and online. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented nearly 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She is frequently asked to speak on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences, including the U.S. Foreign Service Institute, Princeton University, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, George Washington University, Michigan State University, the University of Wisconsin, Northeastern University, and her alma mater Harvard University. Her essays on the region have been published in journals and edited volumes, including Central Eurasian Studies Review and Demokratizatsiya: The Journal of Post-Soviet Democratization.

    She began her career at the Uzbek state broadcaster. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University.

XS
SM
MD
LG