AQSh Davlat kotibi o'rinbosari O'zbekiston rahbari bilan uchrashdi


Uilyam Byorns (William Burns), o'ngdan, AQSh Davlat kotibi o'rinbosari, Rossiya va boshqa sobiq sovet davlatlariga nisbatan siyosat ortida turgan arboblardan biri. 32 yillik diplomatik tajribaga ega. Rus, arab va fransuz tillarida gaplashadi. Rossiyada elchilik qilgan.

Amerikaning ikkinchi raqamli diplomati, tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Uilyam Byorns (Уильям Бёрнс- William Burns) 6-7 may kunlari Toshkentda bo'ldi. 8-mayda esa u Ostonada.

Biror yangi bitim haqida gap yo'q. Byorns O'zbekiston va Qozog'iston hukumatlariga shuni uqtirmoqdaki, AQSh Afg'onistondan chiqib ketgach ham bu davlatlar bilan hamkorlikni davom ettiradi. Vashington serqirra aloqalarni yo'lga qo'yishga bel bog'lagan, deya bildiradi u.

Davlat departamentiga ko'ra, xavfsizlikni ta'minlashda yordamlashish, savdo va iqtisodiy sohada birga ishlash, inson huquqlariga hurmatni oshirib, fuqarolik jamiyati shakllanishida ko'maklashish - Amerikaning Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston va Qozog'istondagi ezgu maqsadlari.

Toshkentda nima haqda gap ketdi?

7-may kuni O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va sal keyinroq prezident Islom Karimov bilan muzokaralarda Ukrainadagi vaziyat, Afg'oniston kelajagi, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy birdamlik va inson huquqlari bilan bog'liq masalalar muhokama qilingan.

Vashington biladiki, deydi Byorns, O'zbekiston Rossiya bilan yaqin iqtisodiy, siyosiy va madaniy rishtalarga ega. Kremlning Ukrainadagi qilmishlariga nisbatan O'zbekiston pozitsiyasini hurmat qilami, deydi u. Hech bir tomon Ukrainada ahvol hozirgidan ham yomonlashishini istamaydi.

"Men qanchalik xavotirda ekanimizni aytib o'tdim. Rossiyaning agressiv, provokatsion xatti-harakatlarini qoralab, xalqaro hamjamiyat biz tomonda ekanini aytdim. AQSh Rossiya bilan urush qilmoqchi emas. Ukraina va Rossiya orasida mustahkam aloqalar shakllansin deymiz. Bir-birini hurmat qiladigan qo'shnilar bo'lsin. Madaniy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan mushtarak tarixga ega jamiyatlar. O'zbekiston va boshqa yaqin davlatlar ham Rossiya bilan yaqindan hamkorlik istaydi. Biz ham bu davlat bilan kelishib, xalqaro qonunlarni buzmagan holda, boshqa davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga raxna solmayotgan holda, hamjihatlikda qadam tashlashni istaymiz".


Uchrashuvlarda Afg'oniston va u yerdagi xalqaro kuchlarga yuk tashiladigan, O'zbekiston hududidan o'tadigan Shimoliy Ta'minot Tizimi xususida ham so'z ketgan.

Afg'onistondagi missiya o'z nihoyasiga yetar ekan, bu tizim ishdan to'xtatishi kutilmoqda. Vashington Yangi Ipak Yo'li tashabbusini olg'a surmoqda, ya'ni mintaqaviy savdo va transport tizimini joriy etish kerak deb kelmoqda. Mavjud yo'llarni yaxshilab, tijoratni oshirish kerak, deydi Byorns.

Ayni damda Toshkentda AQSh-O'zbekiston olim va tadqiqotchilari ishtirokida Ilm-fan va texnologiya qo'mitasining anjumani o'tmoqda. Qishloq xo'jaligi va muqobil energiya singari muhim sohalarda birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish niyat qilingan.

"Lekin bugun va oldingi uchrashuvlarimizda vazir Komilovga aytganimdek, hamkorlik to'liq samara berishi uchun ochiq, samimiy va konstruktiv dialog olib borishimiz lozim. Bu degani Amerika va O'zbekiston uchun birdek muhim masalalarga e'tibor qaratishimiz lozim, jumladan fuqaro huquqlari, so'z va matbuot erkinligi, uyushish erkinligi, majburiy mehnatga chek qo'yish, mustaqil adliya va qonun ustuvorligini ta'minlash, oshkora va mas'uliyatli boshqaruv hamda demokratik islohotlar. Bular Amerika uchun bag'oyat muhim va o'ylaymanki, O'zbekiston uchun ham shunday bo'ladi".

Xatlar, murojaatlar va chaqiriqlar

Huquq tashkilotlari Vashingtonni O'zbekiston bilan muloqotda paxta sohasiga e'tiborni oshirib, majburiy mehnatga chek qo'yish yuzasidan bosim ko'rsatishga chaqirib kelmoqda.

Shuningdek, siyosiy mahbuslar masalasi ham bor. Xalqaro tashkilotlar Davlat kotibi Jon Kerriga o'tgan bir yil ichida yuqoridagi ikki mavzu borasida bir necha bor murojaat qilgan. AQSh senatorlari prezident Islom Karimovga siyosiy mahbuslarni ozod etishini so'rab xat ham yozgan edi.

Aprel oyining boshida "Paxta kampaniyasi" - G'arb va o'zbek huquq tashkilotlari, xalqaro biznes va nohukumat sektor vakillarini o'z ichiga olgan targ'ibot guruhi Jon Kerriga ochiq maktub yo'llab, O'zbekistonda paxta terimiga majburan olib chiqish amaliyotiga batamom chek qo'yilmas ekan, buni zamonaviy qulchilik sifatida e'tirof etib, tegishli choralar ko'rishga chaqirgan.

O'zbekiston AQSh uchun allaqachon alohida xavotirga molik davlat hisoblanadi. Hamkorlik ko'lamini cheklovchi hujjatlar amalda. Lekin Afg'oniston yuzasidan hamkorlik bois Vashington o'tgan yillar mobaynida Toshkent bilan rishtalarni mahkamlash yo'lidan bordi.

"Amerika Ovozi" bilan muloqot qilgan ekspertlar, huquq faollari va fermerlar hamkorlik va muloqotning to'xtamasligi tarafdori. Faqat AQSh O'zbekiston hukumati bilan oldi-berdida xalq manfaatlarini yodda tutishi lozim, deydi ular.

O'zbekiston hukumatining qayd etishicha, mamlakatda hech kim majburiy mehnatga jalb etilmaydi. Bolalarni zo'rlab terimga olib chiqish amaliyoti man etilgan. Asosiy boylik bo'lgan paxtani yig'ib olish Toshkentda milliy hashar deya izohlanadi.

O'tgan yili BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti terimni mahalliy rasmiylar ko'z ostida kuzatib, ijobiy o'zgarishlar borligi, ya'ni maktab o'quvchilari majburan dalalarga olib chiqilmayotgani haqida hisobot bergan edi.

Katta yoshdagilar esa hamon terimga olib chiqilishini biror tomon inkor etmaydi. Hukumat bu ixtiyoriy deydi, huquq himoyachilari nazarida esa bu "hashar bayrog'i ostidagi ekspluatatsiya".

Ostonada

Qozog'istondagi uchrashuvlarda ham Ukrainadagi voqealar va Rossiya siyosati asosiy o'rinda, biroq Afg'onistondagi vaziyat, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya singari masalalar ham muhokamada.

Ostonada Byorns fuqarolik jamiyati a'zolari bilan gaplashadi, matbuot anjumani ham rejalangan.

Uilyam Byorns - uzoq tarjibaga ega diplomat, ayniqsa, sobiq Sovet davlatlarida. 2005-2008-yillarda u Rossiyada elchilik qilgan.

Undan oldin Iordaniyada elchi bo'lgan. Arab davlatlariga nisbatan siyosatni belgilashda ham muhim rol o'ynagan.

Oq uyda Davlat xavfsizlik kengashida yuqori lavozimlarda ishlagan. Davlat kotibi o'rinbosari vazifasiga 2011-yilda tayinlangan.

Byorns rus, arab va fransuz tillarida gaplashadi. 1982-yildan beri diplomatik xizmatda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America and a leading Washington-based authority on geopolitics and national development in Central Asia. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for over 15 years on TV, radio and online. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented nearly 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She is frequently asked to speak on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences, including the U.S. Foreign Service Institute, Princeton University, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, George Washington University, Michigan State University, the University of Wisconsin, Northeastern University, and her alma mater Harvard University. Her essays on the region have been published in journals and edited volumes, including Central Eurasian Studies Review and Demokratizatsiya: The Journal of Post-Soviet Democratization.

    She began her career at the Uzbek state broadcaster. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG