Breaking News

Yevropaga a’zolik Turkiya uchun muhim, ammo qaltis masala


Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirasi Ketrin Ashton Istanbulda Turkiya rasmiylari bilan uchrashib ittifoqqa a’zolik talablari haqida to’xtalgan.

“Rasmiy Anqaraning Yaqin Sharq, Bolqon, Eron, Afg’oniston va Pokistonga doir siyosati tahsinga loyiq”, - deydi u.

Ketrin Ashton nazarida Turkiyani Yevropaga qabul qilish masalasi jiddiy ko’rilishi lozim. Biroq endi Turkiya achchiq qilishi ehtimoldan xolis emas.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Ashton Turkiyani taslim bo’lmaslikka undab, a’zolik masalasi hamon kun tartibida, deydi. Jarayonni tezlatish zarur, deb hisoblaydi Ahton.

Yevropa Ittifoqi va Anqara bu haqda 2005 yilda rasman muzokara boshlagan edi. Ammo Fransiya va Germaniya asosan musulmonlar yashovchi Turkiyaga ro’y-xush bermagani bois, oxirgi ikki yilda ishlar orqaga ketgan. Qo’shma Shtatlar nazarida Yevropaning e’tirozi Turkiya hukumatini G’arbdan bezdirmoqda.

Yevropa tarkibiga kirish uchun Turkiya 35 shartni bajarishi kerak. Ular qisman hal bo’lgan. Lekin bir masala borki, uning yechimi go’yat murakkab.

G’arb talabiga qaramasdan, Turkiya greklar nazorati ostidagi, Yevropa Ittifoqiga a’zo Kiprga chegarani ochib berishdan bosh tortib keladi.

Kipr oroli 1974 yilning 20 iyulida Turkiya istilosi natijasida ikkiga bo’lingan.

Shundan beri, Turkiya greklar Kiprini (2004 yilda Yevropa a’zosiga aylangan) tan olmay, faqat turklar boshqaruvi ostidagi Kiprni tan oladi. Grek tomoni qo’shni o’lkani siyosiy va iqtisodiy blokada holatida ushlamoqda.

Yevropa Ittifoqiga a’zolik muzokarasi doirasida Turkiya greklar qaramog’idagi Kipr bilan chegarani ochishi kerak.

Ammo Anqara talabi shuki, dastlab turklar nazorati ostidagi Kiprning blokadasi bas qilinishi kerak, shunda grek tomonini davlat sifatida tan olishga ham tayyormiz, deydi rasmiylar.

Bahcheshehir Universiteti xodimi, tahlilchi Chingiz Aktar fikricha, ittifoqqa a’zolik masalasi boshi berk ko’chaga kirib qolgan. “Menimcha, Yevropa nima qilishni bilmay turibdi. Ittifoq iqtisodiy bo’hron bilan ovora va Turkiyani asta-sekin qo’ldan boy berishyapti”, - deydi u.

Turkiya Xorvatya bilan bir paytda, ya’ni 2005 yilida ittifoqqa to’laqonli a’zolik uchun ariza bergan. Xorvatya shu yil oxirigacha Yevropaga qabul qilinishi kutilmoqda, ammo Turkiyaning taqdiri mavhum.

Biroq sharhlovchi Semih Ildiz deydiki, har o’n fuqarodan yetti nafari Yevropa Ittifoqi samimiy emas deb o’ylaydi. “Ularning yurtiga nisbatan salbiy munosabatni his qiladilar”.

Yevropa oyoq tirab turib olgan ekan, Turkiya achchiq qilib, sharqiy qo’shnilari va va Yaqin Sharq, jumladan, Suriya va Eron bilan rishtalarni mustahkamlashga kirishgan. Vizasiz rejim, erkin savdo haqida bitimlar imzolamoqda. G’arq esa bu siyosatga shubha bilan qaramoqda.

AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts bunda Yevropaning o’zi aybdor deb hisoblaydi.

Rasmiy Anqara o’z navbatida G’arbdan yuz o’girib, sharqqa burilding, degan da’volar asossiz, deydi. Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li Turkiyaning Ittifoqqa a’zo bo’lish siyosati birinchi o’rinda ekanini ta’kidlaydi.

“Biz Yaqin Sharqda qonun ustuvorligi va demokratik qadriyatlar qaror topishini istaymiz. Inson huquqlari hurmat qilinsin, iqtisodiy taraqqiyot va birdamlik ta’minlansin deymiz. Bularning bari Yevropa Ittifoqi uchun ham muhim qadriyatlar”, - deydi u.

Mutaxassislar fikricha, Yevropa tezlikda harakat qilishi kerak. “Aniq sanalar haqida gap ketishi kerak”, - deydi tahlilchi Chingiz Aktar.

Ammo iqtisodiy tushkunlik bilan yuzlashgan Yevropa nisbatan kambag’al va 70 million aholiga ega davlatni safiga qabul qilishga uncha istiyoqmand emasdek. Turkiya tomondan qiziqish bor, az’olikka intilish kuchli, ammo bu xohish-iroda qachongacha davom etadi, aytish qiyin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG