Breaking News

Turkiya savdo va tijoratda yetakchilik qilish harakatida


Turkiya savdo va tijoratda yetakchilik qilish harakatida
Turkiya savdo va tijoratda yetakchilik qilish harakatida

Bir paytlar zaif davlatlar qatorida ko’rsatilgan Turkiyada iqtisodiy o’sish sur’ati 10 foizdan oshiq. Turkiya Katta Yigirmalik doirasida e’tiborga molik bir o’lka, lekin mutaxassislar nazarida import-eksport sohasi muammolardan xoli emas.

Turkiyadagi yirik shirkatlardan biri “Oydinlar Binokarlik” firmasi vakili Omer Oydinlar mamlakatda qurilish-bunyodkorlik avjida deydi.

“Yaqin Sharq biz uchun muhim. Turkiyada savdo-tijorat va sarmoya-moliya bo’yicha yangi qonunlar ishga tushib, biznes sharoiti yaxshilangan. Birlashgan Arab Amirliklari singari mamlakatlardan sarmoyachilar bu yerga intilmoqda.Yaqin Sharq mintaqasidagi bizneslar bilan hamkorlik kengaydi. Turk firmalari ham regionga ko’proq e’tibor qaratmoqda”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, rasmiy Anqara savdo va tijoratda faqat Yevropa bozorlariga qaram bo’lib qolmaslik uchun import-eksportni Yaqin Sharq tomon kengaytirish harakatida.

Tadbirkorlar uyushmasi sobiq rahbari Omer Bolat fikricha, Turkiya turli davlat va mintaqalar bilan savdo aloqasini rivojlantirish orqali inqirozdan tez fursatda chiqib olishga, o’z iqtisodini oyoqqa turg’azishga erishdi.

“Yevrosiyo, Yaqin Sharq va Fors ko’rfazi va hatto Afrikada bozorini kengaytirdi”,- deydi u.

Natijada eksport hajmi so’nggi yillarda sezilarli saviyada oshgan.

“Turkiya bank-moliya sistemasi 2001-2002 yillarda inqirozga uchrab, hukumat o’ziga yarasha saboq olgan”, - deydi iqtisodchi Emre Yigit.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi yordamida bank tizimi isloh qilinib, hozir Turkiya jahonda eng mustahkam bank sistemasiga ega mamlakatlardan biri sanaladi.

Katta Yigirmalik davlatlari orasida qarzi kam. Bu yili byudjet kamomadini birmuncha kamaytirishga ham erishdi.

“Lekin Yevropadagi hamkorlarimiz bilan muomalada defitsit bor va kengayib boryapti. Bu yaxshi alomat emas”, - deydi Emre Yigit.

Mutaxassisga ko’ra, import va ichki bozorga tayanishning oqibatlaridan biri bu spekulyativ kapital ko’payganidir. Bu masalaga e’tibor qaratish kerak, deydi iqtisodchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG