Breaking News

Isroil-Falastin ixtilofi oson hal bo'ladigan masala emas


AQSh prezidenti Barak Obama (o'ngda) Falastin prezidenti Mahmud Abbos (chapda) va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan Oq uyda uchrashmoqda, Vashington, 1-sentabr, 2010-yil.
AQSh prezidenti Barak Obama (o'ngda) Falastin prezidenti Mahmud Abbos (chapda) va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan Oq uyda uchrashmoqda, Vashington, 1-sentabr, 2010-yil.
Isroil va Falastin o’rtasidagi tinchlik muzokaralarining to’xtaganiga ikki yildan oshdi. Tinchlikka umid bormi? Falastin davlatining barpo etilishigachi? AQShdagi ba’zi rasmiylar bu masalaga o’z fikrlarini bildirdi.

Muzokaralarda muhokamaga qo’yilgan masalalar tayin: bo’lajak Falastin davlati, Quddus shahrining maqomi, falastinlik qochqinlarni qaytarish, xavfsizlik hamda Isroil istilo qilgan hududlarda qurilishlar.

Isroil 2010-yil sentabrida qurilishlarga qo’yilgan moratoriy muddati tugaganidan so’ng tinchlik muzokaralari to’xtab qolgan. Falastin rasmiylari qurilishlarga chek qo’yilmaguncha muloqotga qaytmaymiz, demoqda. Isroil bu talabga bo’yin egmay, shartlarsiz gaplashamiz, deydi.

Tahlilchilar nazarida Falastin boshqaruvining ikkiga bo’lingani jiddiy muammo. G’arbiy Sohilda FATX partiyasi hukmron va uning yetakchisi Mahmud Abbos prezident. G’azo Sektorini esa XAMAS boshqarmoqda, biroq AQSh va Isroil uni terrorchi tashkilot deb hisoblaydi.

Sobiq prezidentlar Jerald Ford va Jorj Bish ma’muriyatlarida milliy xavfsizlik maslahatchisi lavozimida ishlagan Brent Skoukroftning aytishicha, falastinlik arboblar birlashmasa bo’lmaydi.

"Agar FATX va XAMAS bir yoqadan bosh chiqarib, tinchlik jarayonida ishtirok etmasa, Falastin davlati haqida unutish mumkin. Bunday vaziyatda Isroil bilan kelishib bo’lmaydi", - deydi Skoukroft.

O’tgan yil noyabrida XAMAS va Isroil bir hafta o’q almashdi. Falastinliklar Isroil janubiga yuzlab raketa otdi, Isroil esa havo hujumlari bilan javob qaytardi. Misr o’rtaga tushib, sulh tuzildi.

AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Boltonga ko’ra, mojarodan XAMAS va Eron naf ko’rdi.

"XAMAS Isroil bilan olishib yengilmagani uning imijini kuchaytirdi. Eron pozitsiyasi ham kuchaydi, chunki islomiy respublika XAMASga Isroilning Quddus va Tel-Aviv shaharlarigacha yeta oladigan raketalarni berishi mumkinligini ko’rsatdi", - deydi Bolton.

FATX esa diplomatik sahnada yutuqqa erishdi. Uning yetakchisi va Falastin prezidenti Mahmud Abbos harakati tufayli muxtoriyat BMTda kuzatuvchi maqomini oldi.

Jon Boltonning aytishicha, falastinliklar BMT Bosh Assambleyasida xayol surishni yana mashq qildi.

"Assambleyada ko’pchilik Falastinga ovoz bergani bilan mustaqil davlat paydo bo’lib qolgani yo’q. Biroq qabul qilingan rezolyutsiya real hayotdan yiroq bo’lsa-da, o’ziga yarasha siyosiy ma’nosi bor. Xalqaro qonunchilik uchun Falastin davlat maqomini oldi, deyavering. Muxtoriyat endi Isroil ustidan Xalqaro adliya sudi, Xalqaro jinoiy sudga shikoyat qilishi, ayrim xalqaro bitimlarga qo’shilib, ulardan siyosiy maqsadda foydalanishi mumkin", - deydi Bolton.

FATXning diplomatik g’alabasi va XAMAS mavqeining kuchayishi turg’un bo’lib qolgan tinchlik jarayoniga turtki bera oladimi, yo’qmi, aniq emas. Buning uchun Qo’shma Shtatlar faolroq rol o’ynashi lozim, ammo, deydi sobiq prezident Bill Klinton ma’muriyatida mudofaa vaziri bo’lib ishlagan Uilyam Koen, AQShning bir aybi bor.

"Mintaqada Amerikani xolis deb bilishmaydi, Isroilga qattiq bog’langani pand bermoqda. Falastinliklar nazarida bunday vaziyatda Qo’shma Shtatlar betaraf, xolis vositachi bo’la olmaydi", - deydi Koen.

Shunga qaramay, sobiq mudofaa vaziri nazarida, Amerikaning qo’lidan kelgan narsaga boshqalar qodir emas

"Isroil bizga ishonadi. Endi falastinliklar bilan til topisha olsak, tinchlik jarayoniga sodiq ekanimizga ishontira olsak, muzokaralardan foyda bo’lishi mumkin", - deydi Koen.

Ayrim tahlilchilar nazarida Barak Obamada prezidentligining ikkinchi muddati davomida buni uddalash uchun yaxshi imkoniyat bor. Isroilda 22-yanvarga belgilangan parlament saylovlarining natijalari ham ba’zi masalalarga oydinlik kiritishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG