Vashingtonda Rossiya tergoviga oid mashmasha davom etadi

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp xorijdagi ilk safari bilan band ekan, Rossiya ustidan tergov hanuz Vashingtonni o'z domiga tortgan eng katta mashmashaligicha qolmoqda. Eng so'nggi matbuot xabarlariga ko'ra, Prezident Donald Tramp Rossiya rasmiylari bilan uchrashuvda FBR rahbari Jeyms Komining ishdan haydalishini "katta bosim"ning bartaraf etilishi deb atagan. Ammo bu ma'lumot tasdiqlangani yo'q.

Prezident Donald Tramp va uning ma'muriyati a'zolari Saudiya Arabistonida qilich ko'tarib raqs tushar ekan, Oq uy "Nyu-York Tayms" nashri chop etgan yangi mashmasha tafsilotiga oid savollar bilan olishdi. Maqolaga ko'ra, Tramp Jeyms Komini "ahmoq" deb atab, FBRning Rossiya tergoviga oid bosimi kamayganini aytgan.

"Prezident aniq nima deganini eslolmayman va nashrdagi detallar to'g'ri matndan olingan deb o'ylamayman", - dedi Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Makmaster "ABC" kanali bilan suhbatda.

Tramp Rossiya tashqi ishlar vaziri va elchisi bilan uchrashganda Makmaster ham yonida edi. Tramp Rossiyaning AQSh sayloviga aralashgani yuzasidan Kreml mulozimlarini so'roqqa tutdimi, degan savolga javob berishdan o'zini olib qochdi.

"Suhbatdan maqsad Rossiyaga oid barcha gap-so'zlarni ortda qoldirib, hamkorlik imkoniyatlarini topish edi", - dedi Makmaster.

Rossiya munozarasi unutilish o'rniga, yanada kuchaymoqda. Komi ishdan olinishi ortidan Adliya vazirligi mojaroni tekshirish uchun maxsus tergovchi tayinladi.

"Tramp jamoasi bilan to'qnashuv bo'lganmi, yo'qmi, biz bilmaymiz. Shunga oid tergovni to'xtatish uchun Komini ishdan haydashgandir? Buni bilishimiz kerak", - deydi demokrat qonunchi Bred Sherman.

Matbuotning yozishicha, Tramp avvalroq Komidan Maykl Flinga oid tergovni to'xtatishni so'ragan. Komi bo'lib o'tgan suhbatni yozib qo'ygan. Agar to'g'ri bo'lsa, bu yozuvlar oshkor qilinishi kerak, deydi qonunchilar.

"Bu hujjatlarni hech kim ko'rmagan. Bunday hujjatlar aslida borligini ham bilmayman, lekin biz buni tekshiryapmiz", - deydi respublikachi qonunchi Jeyson Shafez.

"Nima haqiqat va nima yolg'onligini tekshirishda bu hujjatlar yordam beradi. Bosti-bosti qilishga urinish bo'lganmi, shuni aniqlashimiz kerak", - deydi demokrat Elayja Kamings.

Sobiq rasmiylar ham xavotirda.

"Oq uyda kamroq mojaro bo'lishini istaymiz. Matbuot ham sal o'zini bosib olishi kerak", - deydi sobiq davlat kotibi Kandoliza Rays.

Jeyms Komining o'zi tez orada Kongressda hisobot berishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG