Breaking News

Tramp reytinglarda tushib ketgan, lekin Klintonni yoqtirmaydiganlar kam emas


Demokratlardan prezidentlikka da'vogar Hillari Klinton va respublikachilardan da'vogar Donald Tramp tasviri tushirilgan suvenirlar.
Demokratlardan prezidentlikka da'vogar Hillari Klinton va respublikachilardan da'vogar Donald Tramp tasviri tushirilgan suvenirlar.

So’nggi so’rovlarga ko’ra, prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Tramp demokrat raqibi Hillari Klintondan ortda qolmoqda. Tramp reytinglarda tushib ketgan, lekin Klintonni ham yoqtirmaydiganlar kam emas.

So’rovlarda sobiq davlat kotibini ko’pincha samimiy emas deb tasvirlashadi. Uning o’zi ham buni tan oldi.

“Bu jabhada hali ko’p ishlashim kerak, bilaman. Odamlar menga ishona olmasligini aytayapti. Bu gaplarni eshitish og’ir. Barcha qatori xatolar qilganman. Xalq meni savolga tutishi o’rinli”, - deydi Klinton.

Ammo Donald Tramp bilan qiyoslaganda Klinton yuzlashayotgan qiyinchiliklar hech gap emas. Badavlat tadbirkorga ayollar orasida ham, muhojirlar orasida ham munosabat o’ta salbiy.

Lekin Tramp poygada g’alaba qilishiga ishonch bildirmoqda. Chunki, deydi u, xalq siyosatchi emasligimni, va’dalarim ustidan chiqishimni yaxshi biladi.

Saralash bosqichida o’nlab raqiblaridan ustun kelgan Trampni ko’pchilik prezidentlikka loyiq deb ko’rmaydi.

“U o’z bayonotlari bilan respublikachi elektorat ko’nglini qozona oldi. Lekin umumiy saylovda unga qiyin bo’ladi”, - deydi tahlilchi Tom Defrank.

Klinton uchun ham eng qiyini - saylovchilar ishonchini qozonish.

Sharhlovchi Skot Fokner ta’rifiga ko’ra, Klinton yoqimsiz, odamlar bilan chiqishmaydigan nomzod. Uni pardozlab, hozirgacha yuz bir qiyofada tanishtirishdi, deydi u.

Tahlilchi Jon Fortye fikricha, Klinton e’tiborni Trampning nuqsonlariga qarataveradi.

“Klinton siyosat olamida shunchalik tanilganki, u haqdagi salbiy tasavvurlar allaqachon shakllanib bo’lgan. Uning vazifasi - o’z tarafdorlarini saylovga olib chiqish, Tramp oliy lavozimga noloyiq ekanini ko’rsatish”, - deydi Fortye.

Har ikki nomzodga ishonch past ekan, shaxsiyatga asoslangan shiddatli kampaniya noyabrgacha davom etishini kutavering.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG