Hisobot: Dunyo bo'ylab internet erkinligi cheklanmoqda

  • Amerika Ovozi

Dunyo bo'ylab hukumatlar internetdagi erkinlikni cheklash harakatlarini kuchaytirmoqda. "Tarmoqdagi ozodlik 2017" hisobotida shunday xulosa qilinadi.

"Ozodlik uyi" chiqargan yillik hisobotga ko'ra, o'rganilgan 65 davlatning yarmida internet erkinlikligi yomonlashgani aniqlangan. Ayniqsa, Ukraina, Misr va Turkiyada bu narsa yaqqol ko'zga tashlangan. Ahvol eng yomon davlat Xitoy deb topilgan bo'lsa, undan keyingi o'rinlarni Suriya va Misr egallagan.

Hisobotni tayyorlagan guruh rahbari Sanja Kellining aytishicha, internet cheklanishi dunyo bo'ylab global tarmoqdan foydalanish imkoniyati oshib borayotgan bir paytda ro'y bermoqda.

"Cheklovlar nega kuchayib borayotganining sabablaridan biri shundaki, avtoritar davlatlardagi ayrim yetakchilar internetning qudratini anglab yetdi va uni to'xtatishning yangicha yo'llarini o'ylab topishyapti", - deydi u.

Yaqingacha Afrikadagi ayrim hukumatlar internetga uncha e'tibor bermas edi. Aksincha, ular ko'proq an'anaviy ommaviy axborot vositalari, xususan, telekanallar ustidan nazorat o'rnatib kelishgan. Ammo internetdan foydalanuvchi aholi soni 20-30 foizdan oshishi bilan bu narsa o'zgaryapti, deydi Kelli.

Zambiya va Gambiya kabi mamlakatlar mobil telefonlar orqali internetga kirishni butunlay to'xtatib qo'ygan, ayniqsa, saylov paytida.

"Mobil internetni uzib qo'yish juda ahmoqona qaror. Bu hukumat istaganini qilishi mumkinligini ko'rsatadi", - deydi Kelli.

"Tarmoqdagi ozodlik 2017" hisoboti uchun yaratilgan xarita
"Tarmoqdagi ozodlik 2017" hisoboti uchun yaratilgan xarita

Internetdagi ovozlarni o'chirishga qaratilgan usullar shu paytgacha, asosan, Xitoy va Rossiya tomonidan amalga oshirib kelingan. Bugun esa bunday davlatlar soni oshib bormoqda, deydi hisobot mualliflari.

Hisobotda O'zbekiston, avvalgi yillarda bo'lganidek, internet erkin bo'lmagan davlatlar ro'yxatiga kiritilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG