Breaking News

Rossiyaning Gruziyaga bosimi gruzin iqtisodiyotga zarar yetkazmoqda


Gruziyada Rossiyaga qarshi salbiy kayfiyat hukm surmoqda. 11 yil oldin uning ikki hududi – Abxaziya va Janubiy Osetiya Gruziyadan ajralib, Rossiya himoyasiga o‘tgan.

20-iyunda esa mamlakatga taklif etilgan rossiyalik deputat Andrey Gavrilovning Gruziya parlamentida spikerning o’rnini egallashi avval gruzin muxolifati noroziligiga, so’ng namoyishlarga sabab bo’ldi. Bunga javoban Rossiya Gruziyaga barcha aviaqatnovlarni to’xtatib, iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi.

Poytaxt Tbilisi ko’chalarida namoyishlar o’shandan beri tingani yo’q.

“Namoyishlardan asosiy maqsad parlament spikerini iste’foga chiqarish. Biroq hukumat namoyishchilarga qarshi keragidan ortiq kuch ishlatganidan so’ng bu ishga aloqador rasmiylar, xususan ichki ishlar vazirining ham ketishini talab qilyapmiz”, - deydi namoyishchilardan biri.

Chiqishlar Tbilisi va Moskva o’rtasida yana bir diplomatik inqirozga sabab bo’ldi.

Kreml ikki mamlakat o’rtasida aviaparvozlarni to’xtatib, Gruziyadagi rossiyalik sayyohlarni vataniga qaytishga da’vat etdi. Tahlilchilarga ko’ra, bu choralar rossiyalik sayyohlar hisobiga rivojlanayotgan gruzin iqtisodiga zarardir.

“Gruziya Milliy banki hisoblariga ko’ra – bu ham Markaziy bankdir – yillik zarar 400 million AQSh dollariga to’g’ri keladi”, - deydi Gruziya sobiq iqtisodiyot vaziri Vladimir Papava.

2008-yilda Gruziyadan ajralgan Abxaziya va Janubiy Osetiyaga qo’shin kiritgan Rossiya ko’plab gruzinlar nigohida bosqinchidir. Bo’lginchi hududlarni yolg’iz Rossiya, Nikaragua, Venesuela va Nauru tan olgan.

“Hozirgi namoyishlar Osetiya va Abxaziyani qaytarishimizga yordam bermaydi, ammo hukumatizdan chora ko’rishni talab qilamiz”, - deydi bir namoyishchi.

“Gruziya hududining 20 foizini Rossiya egallab olgan. Buni inkor etib bo’lmaydi. Bu gruzinlar uchun og’riqli masala va ko’p ruslar buni tushunmaydi”, - deydi yana bir namoyishchi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya bunday bosim bilan Gruziyaning NATOga qo’shilishiga g’ov bo’lmoqchi. Gruziya bu rejadan voz kechsa, Rossiya bilan ishlash osonroq bo’ladi, deydi ba’zilar.

“Tarixda Rossiyaning murosa qilganiga doir misollar ko’p. Agar Rossiya bilan muzokara qilishga intilsak, qo’shinlarini hududlarimizdan chiqarishi mumkin, biz esa buning evaziga hech qanday harbiy bloklar, jumladan NATOga a’zo bo’lmaslikka so’z berardik”, - deydi sobiq spiker Nino Burjanadze.

Biroq Yevropa bilan yaqinroq bo’lishni istagan siyosiy arboblar uchun NATOga a’zolik harakatlaridan voz kechish to’g’ri kelmaydi.

“Mustaqil suveren davlat haqida so’z borganda, xoh Gruziya bo’lsin, xoh Ispaniya, xoh Bangladesh, uning suveren qarorlarini hurmat qilish kerak. Biz NATOga qo’shilamizmi, Yevropa Ittifoqigami, bizning ishimiz. Biz Rossiyada emas, Rossiya bilan yashashni xohlaymiz”, - deydi Gruziyaning AQShdagi sobiq elchisi Tedo Japaridze.

Biroq Rossiya sanksiyalaridan tobora kattaroq zarar ko’rayotgan Gruziya qo’shni davlatga teng kela olmasligini ko’plar anglab yetmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG