Breaking News

Qizlar tarbiyasi Amerikada ham nozik masala


Bu jamiyat ham qizlari aqlli, mehr-oqibatli va faol fuqarolar bo'lib yetishishini istaydi, deydi "Chaqqon Qizlar" nohukumat tashkiloti asoschisi Molli Barker
Bu jamiyat ham qizlari aqlli, mehr-oqibatli va faol fuqarolar bo'lib yetishishini istaydi, deydi "Chaqqon Qizlar" nohukumat tashkiloti asoschisi Molli Barker

AQShda tobora tanilib borayotgan tashkilot qizlarni o’ziga ishongan, faol va sog’lom fuqarolar sifatida tarbiyalashni maqsad qilgan.

Bu muassasa 8-13 yosh orasidagi o’quvchilar bilan ishlaydi. Navbahor Imamovaning hikoya qilishicha, bu jamiyat ham qizlari aqlli, mehr-oqibatli va kuchli shaxs bo’lib yetishishini istaydi.

To’qqiz yoshli Ela Kalra Vashington xalqaro maktabida taklif qilinayotgan mashg’ulotlarga qatnaydi.

“Menga yoqqan tomoni",- deydi u, "bu darslarda bizga o’zimizni qanday hurmat qilishni o’rgatishadi. Boshqalarni hurmat qilish uchun avval o’zingni hurmat qilishing kerak deyishadi”.

Ela 45 shtatdan tanlangan 60 ming qizlardan biri. Ular ikki yarim oy davomida ilmni qadrlash, axloq-odobni va to’g’ri ovqatlanishni o’rganadi.

Molli Barker maxsus mashg'ulotlarda qatnashayotgan qizlar bilan
Molli Barker maxsus mashg'ulotlarda qatnashayotgan qizlar bilan

Bu tashkilotga Molli Barker ismli ayol asos solgan. Uni “Chaqqon Qizlar” deya nomlagan.

“Maqsadimiz”,- deydi bu jonkuyar amerikalik, “qizlarimizni irodasi kuchli, har tomonlama mustaqil va faol ayollar qilib yetishtirish”.

“Jamiyatimizda qizlar va ayollar kuchli nufuzga ega bo’lishi, muhim rol o’ynashi uchun ularning ma’naviyatini boyitishimiz kerak. Xotin-qizlar bir qolipga tushib qolmasligi lozim”.

Bu jamoatchi ayol fikricha, qizlar boshqalarning fikriga qarab emas, o’z bilimi va qarashlariga asoslangan holda yashashni o’rganishi kerak. Ular mehrli, halol va mas’uliyatli bo’lishini ta’minlash uchun maktabning o’zi yetmaydi.

Vashingtondagi markazlardan biriga borib, murabbiylarni suhbatga tortdik.

“O’smir qizlar bir to’da bo’lib, boshqa o’smirlarga nisbatan zo’ravonlik qilayotganini, azob berayotganini ko’ramiz",- deydi Ashli Griffit, o'qituvchi.

"Qizlar o’zi nima qilayotganini bilmaydi, oqibatini tushunmaydi. Bu juda xavfli narsa”.

Qizlarni kuchli va irodali shaxslar qilib tarbiyalash uchun maktabning o'zi yetmaydi. Oila va butun jamoatchilikning roli beqiyos.
Qizlarni kuchli va irodali shaxslar qilib tarbiyalash uchun maktabning o'zi yetmaydi. Oila va butun jamoatchilikning roli beqiyos.

Darsdan keyin tashkil etiladigan mashg’ulotlarda qizlar guruhlarga bo’linib, aniq bir loyihalar ustida ishlaydi. Masalan, insonparvarlik, xayriya, mahallada yo’qsillarga yordam berish… Yaqinda bir guruh qizlar mablag’ to’plab, Efiopiyadagi tengqurlariga yubordi, sportchi qizlarni quvvatlash uchun.

Arzimagan narsalar deyish mumkin, ammo ta’siri beqiyos.

“Bu qizlar ayrim mamlakatlarda ular tengi o’smirlar yalang oyoq, och yurganini ko’rishi, saboq olishi kerak. Hayotning, pulning va bilimning, imkoniyatning qadriga yetishni o’rganadi. Boshqalar haqida bilib, ko’zi ochiladi”,- deydi Ashli Griffit, muallim.

Bu tashkilot o’tgan 14 yil mobaynida minglab qizlarni to’g’ri yo’lga soldi desak xato bo’lmaydi.

“Qizlar tarbiyasi juda nozik jarayon. Ular qanday xonadon, mahalladan chiqqan bo’lmasin, ko’rinishi qanday bo’lmasin, e’tibordan chetda qolmasligi kerak”,- deydi Otum Sakston-Ross, murabbiylardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG