Breaking News

13 yoshdan oshgan afg'on qizlari bokiralik ko'rigidan o'tadi


Afg’onistonda xotin-qizlarni bokiraligidan shubhalanib hibsga olish amaliyoti hamon davom etmoqda. Bu holatni to’xtatishga mahalliy va xalqaro tashkilotlar qanchalik urinmasin, vaziyat o’zgarmagan.

13 dan oshgan afg'on qizlari bokiralik ko'rigidan o'tishadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:55 0:00

Agar politsiya biror bir qizni axloqsizlikda ayblab qo'lga olsa, u gunohsizligini isbotlashi uchun bokiralik ko’rigidan o’tishi shart. Ba’zi oilalar to’ydan ertasiga kelinning bokira yoki bokira emasligini tekshirtirgani shifoxonaga sudrashadi. “Amerika Ovozi” muxbiri Afg’onistonning Bomiyon viloyatida bo’lib, qarindoshi bilan sayohat qilgani uchun hibsga olingan qiz bilan suhbatlashdi.

Afg’on qizlari biror yigit bilan uchrashayotganlikda gumon qilinsa, politsiya qizni darhol hibsga olishi va bokiralik ko’rigidan o’tishga majbur qilishi mumkin. Jabr ko’rgan qizlar boshdan kechirayotganlarini hatto oila a’zolariga ham aytishmaydi. Bokiralik ko’rigidan o’tish degani, oila sha’niga dog’ tushirishday gap. Bunday holatlarda vaziyat sir saqlanadi. Oshkor bo’lsa, hech kim bu oila bilan quda-andachilik qilmaydi.

Yalda 19 yoshda. 2 yil avval dugonalari va bir qarindosh erkak bilan sayohatga chiqqanida uni politsiya hibsga olgan. Uni bokiralik ko’rigidan o’tishga majbur qilishgan.

Hamshira ko’rigidan so’ng Yaldaning bokiraligi o’z isbotini topdi. Lekin shu asossiz tekshiruv oqibatida Yalda va uning oilasi jamiyat nazarida isnodga qoldi, hayoti o’zgarib ketdi.

“Politsiyadan nega ko’rikdan o’tkazishga majbur qildingiz, deb so’radim. Shunchaki gumon qildim, dedi u. Politsiyaning shunchaki shubha-gumonlari tufayli hayotim ostin-ustun bo’lib ketdi”, - deydi Yalda.

Bokiralik ko’rigi aslida sud ekspertizasi bilan shug'ullanuvchi maxsus joylarda o'tkaziladi. Lekin Bomiyon viloyatida bunday sharoit yo’q. Ayollar shifokori yoki oddiy hamshira ham bu ishni qilaveradi.

Yaldaning onasi qizini politsiya hibsga olib bokiralik ko’rigidan o’tkazganidan so’ng mahallada gap-so’z tarqalganini va hatto Yalda maktabni tark etishga majbur bo'lganini aytadi.

“Ayblovni deb ko'p odamlar bor-budidan ayriladi. Politsiya qizimni ayblagach, u maktabga borolmaydigan bo'lib qoldi”, - deydi u.

Bomiyon viloyati poliklinikasida oyiga kamida 10 nafar yosh qiz bokiralik ko’rigidan o’tkaziladi.

“13 dan 20 yoshgacha qizlarni olib kelishadi.Deyarli hammasi maktab o’quvchilari yoki universitet talabalari”, - deydi Bomiyon kasalxonasi ginekologi doktor Bomani.

Viloyat politsiyasiga ko’ra, qizlarni bokiralik ko’rigidan o’tkazishga asos mahalladagi odamlardan tushgan shikoyatlar.

Jalil Vosiq viloyat politsiya mahkamasida jinoiy ayblovlar bo’limi boshlig’i.

“Agar qizning u bu kim bilan jinsiy aloqaga kirishgan bo’lishi mumkinligidan shubhalansak, ko’rikdan o’tishga yuboramiz”, - deydi u.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro guruhlarga ko'ra, ayollarni bokiralik ko’rigidan o’tishga majburlash jinsiy tazyiq va ayollar huquqi poymol qilinishining bir ko’rinishidir. Biroq bunday vaziyat Afg’onistonning boshqa viloyatlarida, xususan, poytaxt Kobulda ham hamon davom etyapti.

Afg’onistonning Birinchi xonimi Rula G’anining aytishicha, u qizlarni bokiralik ko’rigidan o’tkazish amaliyotini bas qilish haqida Prezident G’ani farmon imzolashidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG