Sovet Ittifoqining birinchi va so’nggi prezidenti Mixail Gorbachev kecha 91 yoshda vafot etdi. SSSR Kommunistik partiyasining so’nggi bosh kotibi xorijda ardoqlangan, ammo o’z yurtida hurmat topmagan arboblardan biri edi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden bayonot chiqarib, Gorbachevni kelajakni ko’ra biladigan inson bo’lgan deb atadi. Amerikada uni Sovet Ittifoqini demokratlashtirishga harakat qilgan, AQSh sobiq prezienti Ronald Reygan bilan kelishib, ikki davlat yadro arsenalini qisqartirishga muvaffaq bo’lgan rahbar deb bilishadi.
Gorbachev Sovet Ittifoqining Afg’onistonda 10 yil davom etgan urushiga chek qo’yib, 1989-yilda qo’shinlarni chiqaradi.
Avstraliya Moliya vaziri Jim Chalmers uni dunyoning eng ahamiyatli rahbarlaridan biri deb atadi.
“Gorbachev hal qiluvchi pallada muhim rol o’ynagan arbob bo’ldi. Dunyo mojaroni ko’rgan bir paytda u tinchlik va imkoniyatni ko’rar edi. U jasorat timsoli bo’lgan. Urushni boshlashdan ko’ra uni tugatishga jasorat kerakligini namoyish etgan”, - dedi u.
Kreml matbuot kotibiga ko’ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin chuqur ta’ziya izhor qilgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Gorbachevni “dunyo tarixini o’zgartira olgan arbob” deb atadi.
Gorbachevning sovet tizimida siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish niyatida 1985-yilda boshlagan ochiqlik va qayta qurish siyosati Sovet Ittifoqining tarqailishiga va Sovuq urushning tugashiga olib keldi. 1990-yilda Gorbachev tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’ldi.
Biroq bugungi Rossiyada Gorbachevni buyuk davlatni parchalagan arbob, Sovet Itttifoqi qulashidan keyin uning turli hududlarida vujudga kelgan mojarolarga sababchi deya bilishadi.
"Gorbachev Sovet Ittifoqini yaxshi tomonga o’zgartiradi degan ishonch bor edi bizda o’shanda. Ammo u Sovet Ittifoqini, buyuk mamlakatni parchalagan bir odamga aylandi. Bu esa sobiq sovet respublikalarida ko’plab urushlar va tartibsizliklarga olib keldi. Shuning uchun Gorbachevga, uning hayoti va yutuqlariga hurmat yo’q menda”, - deydi Vladimir Kalinin ismli bir moskvalik.
"Gorbachev qilgan ishlarining natijasini ko’rish uchun uzoq umr ko’rganidan xursandman. Ko’rdi va hayotdan ko’z yumdi. Har bir odam o’z ishi uchun javob berishi kerak. Gorbachev qarorlarining fojiali oqibatlarini anglamagan ko’rinadi. U xatolarini tuzatmadi. Tuzatmasdan olamdan o’tdi. Biz esa uning ahmoqligi qurbonlarimiz”, - deydi Nataliya Salimuxina ismli ayol.
"Mixail Gorbachev haqida ijobiy fikrga ega emasman. Mamlakatimizga ko’p ziyon yetkazdi. Oqibatlari bilan esa biz yuzlashyapmiz”, - deydi Larisa Kalashnikova ismli yana bir moskvalik.
Qizig’i shundaki, Sovet Ittifoqining tarqatilishida qo’li bor to’rt siyosatchidan uch nafari shu yili olamdan o’tdi – may oyida Belorussiya parlamentining sobiq raisi Stanislav Shushkevich va Ukraina sobiq prezidenti Leonid Kravchuk, kecha esa Mixail Gorbachev. Yana biri Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin bo’lib, u 15 yil oldin hayotdan ko’z yumgan.
Aytish joiz, Gorbachev sovet rahbarlari orasida eng ko'p umr ko'rgan arbobdir. Sovet davlati asoschisi Vladimir Lenin 53 yoshda, mamlakatni 29 yil boshqargan Iosif Stalin 74 yoshda, Nikita Xrushev 77 yoshda, Leonid Brejnev 75 yoshda, Yuriy Andropov 69 yoshda, 73 yoshda vafot etgan.
Facebook Forum