Breaking News

Sobiq AQSh prezidenti Jorj Bush 94 yoshida vafot etdi


Sobiq AQSh prezidentlari va ularning rafiqalari (chapdan) Laura Bush, kichik Jorj Bush, Bil Klinton, Hillari Klinton, Barak Obama, Mishel Obama, birinchi xonim Melaniya Tramp va oldinda katta Jorj Bush Barbara Bushning dafn marosimida, Xyuston, 21-aprel, 2018-yil.

AQShning 41-prezidenti Jorj Bush uzoq davom etgan xastalik ortidan 94 yoshida Texasdagi uyida olamdan o'tdi. U 1989-1993-yillar AQSh prezidenti bo'lgan.

Keksa Jorj Bushning o'limi haqidagi xabar, dastlab, uining idorasi tomonidan "Twitter"ga qo'yildi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp ham "Twitter" orqali Bushning o'limi yuzasidan ta'ziya bildirdi.

Bush jahon siyosiy sahnasida katta o'zgarishlar yuz bergan bir pallada mamlakatni boshqardi. AQSh iqtisodiyotining sekinlashishi hamda ishsizlikning oshishi kabi muammolar ortidan u 1992-yil qayta saylanish imkoniyatini boy berib, faqat bir muddat prezidentlik qildi.

Bushning prezidentlikni boshlash arafasida qilgan nutqi yangi davrga xos hissiyot hamda umidlarga to'la edi.

"Yangi havo esmoqda va ozodlikdan qayta tozalangan dunyo yangi tug'ilgandek go'yo. Diktatorlar kuni tugadi. Totalitar era o'tmoqda. Uning eski mafkuralari xuddi ko'hna, hayotsiz daraxtning barglaridek uchib ketdi", - degan edi Bush inauguratsiya nutqida.

Uning bu bayonotidan ko'p o'tmay Germaniyani ikkiga ajratib turgan Berlin devori quladi; Sovet Ittifoqi ham parchalana boshladi. Berlin devori qulashi ortidan Bush sovetlar yetakchisi Mixail Gorbachev bilan uchrashdi va Maltadagi muzokaralar 1991-yilda imzolangan Strategik qurollarni kamaytirish bitimi sari boshladi.

Sovet yetakchisi Mixail Gorbachev (chapda) va Prezident Jorj Bush Oq uyda uchrashmoqda, 1-iyun, 1990-yil.
Sovet yetakchisi Mixail Gorbachev (chapda) va Prezident Jorj Bush Oq uyda uchrashmoqda, 1-iyun, 1990-yil.

Bush prezidentligi davrida Panamaga qo'shin kiritib, uning narkotrafik bilan shug'ullangan yetakchisi Manuel Noriegani hokimiyatdan ag'dardi. Yaqin Sharqda Saddam Husaynga qarshi urush boshlab, Iroq kuchlarini Quvaytdan surib chiqardi. Harbiy amaliyot muvaffaqiyatli chiqishi ortidan Bushning mamlakatdagi reytingi keskin oshib, 89 foizga chiqdi.

Former US President George HW Bush Has Died
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

Keyinroq harbiy missiya Iroq ichigacha kirib bormagani, Saddam Husayn hokimiyatdan ag'darilmagani tanqid qilindi. Husaynni hokimiyatdan ag'darish 2003-yil Bushning o'g'li, prezident kichik Jorj Bush davrida amalga oshdi.

Prezidentlikka saylangan Jorj Bush rafiqasi Barbara Bush bilan, 8-noyabr, 1988-yil.
Prezidentlikka saylangan Jorj Bush rafiqasi Barbara Bush bilan, 8-noyabr, 1988-yil.

Prezidentlikdan avvalgi hayoti

Bush Ikkinchi jahon urushida harbiy uchuvchi sifatida qatnashgan. 18 yoshida Yaponiya manzillarini nishonga olgan. Keyinroq uning samolyoti hujumga uchrab, motori yonib ketadi. U sakrab, Bonin orollari yonidagi suvga tushadi va qutqariladi.

Urushdan keyingi yillarda u AQShning BMTdagi elchisi bo'ldi, so'ng qisqa muddat Respublikachilar Milliy qo'mitasini boshqardi. 70-yillar o'rtasida Xitoydagi AQSh missiyasiga rahbarlik qildi. Keyinroq AQSh Markaziy Razvedka agentligini boshqardi.

Uning siyosiy hayoti har doim ham muvaffaqiyatli kechmagan. 1964-yil Texasdan AQSh Senati uchun bo'lgan saylovda yutqazdi. Keyinroq Vakillar palatasiga saylandi. Undan keyin Senat saylovida yana yutqazdi. Keyingi davrlarda esa bir qator idoralarda yuqori lavozimlarda ishladi.

Ronald Reygan bilan saylovdagi ishtiroki

Bush 1980-yil prezidentlik uchun nomzodini qo'ydi, ammo partiya saylovlarida Kaliforniya gubernatori Ronald Reyganga imkoniyatni boy berdi. Shundan so'ng Reygan Bushni saylovda vitse-prezidentlik uchun o'ziga sherik qilib oldi. To'rt yildan keyin ham u shu lavozimga qayta saylandi.

1988-yilda prezidentlik uchun yana nomzodini qo'ydi va demokrat raqibi Maykl Dukakisni mag'lub etib, 41-AQSh prezidenti etib saylandi.

Sobiq AQSh Prezidentlari Jorj Bush (chapda) va Bil Klinton, 25-iyun, 2018-yil
Sobiq AQSh Prezidentlari Jorj Bush (chapda) va Bil Klinton, 25-iyun, 2018-yil

Bush faqat bir muddat prezidentlik qilgan. Qayta saylanish poygasida demokrat raqibi, Arkanzas gubernatori Bil Klintonga 1992-yil imkoniyatni boy bergan.

Ota Jorj Bush o'g'li, AQSh Prezidenti kichik Jorj Bush bilan, 20-yanvar, 2001-yil.
Ota Jorj Bush o'g'li, AQSh Prezidenti kichik Jorj Bush bilan, 20-yanvar, 2001-yil.

Hayotining keyingi kunlari

Siyosatdan iste'foga chiqqan Bush o'g'li kichik Jorj Bushning ikki marta AQSh prezidenti etib saylanishiga guvoh bo'ldi. Texasda keksa Bush sharafiga maxsus kutubxona ochildi.

Hayotining so'nggi yillarida bir qator xastaliklar, xususan, Parkinson bilan og'ridi, yura olmay, nogironlar aravachasiga o'tirib qoldi.

Bush rafiqasi Barbara bilan 73 yil birga umr o'tkazdi. Barbara Bush shu yil aprel oyida 92 yoshida olamdan o'tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG