Breaking News

Turk-yunon qarama-qarshiligi. Yangi ixtilof ehtimolimi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an iyun oyida Izmir yaqinida o'tkazilgan harbiy mashg'ulotlarni kuzatmoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an iyun oyida Izmir yaqinida o'tkazilgan harbiy mashg'ulotlarni kuzatmoqda.

NATOga a’zo Turkiya va Gretsiya o’rtasida hududiy bahslar sabab ziddiyatlar kuchaymoqda. Ayrim mutaxassislar mintaqada yangi mojaro ehtimoli haqida ogohlantiryapti.

Xalqaro hayot - 20-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:42 0:00

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an qo’shni Gretsiyani xalqaro bitimga zid holda bir necha orolni harbiylashtirganlikda ayblarkan, ularni bosib olishiga ishora qilgan.

“Gretsiya NATO a’zoligiga yarashmaydigan avantyurasidan voz kechishi, nodiplomatik yo’lidan qaytishi kerak. Bu Turkiya jamiyati xavotiriga sabab bo’lmoqda, “Gretsiya Turkiya bilan urush holatidami?” degan savol kelib chiqyapti, bu esa Turkiyada ultramillatchi kayfiyatlarni avj oldiryapti”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.

Gretsiya orollarni Turkiyaning harbiy tahdidlariga javob tariqasida militarizatsiyalashtirishga majbur bo’lganini da’vo qilyapti.

Afina AQSh va Fransiyadan qurollar sotib olyapti, o’zidan qudratliroq qo’shniga qarshi mudofaaga hozirlanayotganini bildiryapti.

“AQSh va Fransiya bilan imzolangan ikki bitim grek armiyasi salohiyati va ruhini kuchaytirdi. Ular o’ziga qattiq ishonyapti”, - deydi Afina universitetining turk tahlilchisi Chingiz Aktar.

Har ikki mamlakat rahbari kelasi yili bo’ladigan saylovga hozirlanar ekan, ayrim kuzatuvchilar nazarida, ichki siyosat turk-yunon ziddiyatlarini kuchaytirmoqda.

Erdog’an iqtisodiy muammolar bilan yuzlashmoqda, inflyatsiya darajasi 100 foiz atrofida. Gretsiyada esa muxolifat rahbari telefon suhbatlarining yashirincha kuzatilgani Bosh vazir Kiriakos Mitsotakis obro’siga dog’ tushirdi.

“Ikki mamlakat o’rtasidagi ziddiyatlar bu arboblarga qo’l kelishi mumkin. Biroq haddan ziyod harakat istalmagan oqibatlarga olib kelishi ham mumkin”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universiteti professori Serhat Guvench.

Bu ikki mamlakat o’rtasidagi ilk ziddiyat emas. 1996-yilda ular kichik kimsasiz orol uchun urush yoqasida bo’lgan. AQSh mojaroning oldini oldi.

Biroq Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Erdog’anning G’arb bilan taranglashgan aloqalari bu safar vositachilikka pand berishi mumkin.

“Anqara va Erdog’an Yevropa Ittifoqi va AQSh uchun katta boshog’riq bo’lib turibdi. Yana bir muammoni hech kim istamaydi”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutining tahlilchisi Asli Oydintoshbosh.

Yaqinda Egey dengizida migrantlarning cho’kishi ketidan Turkiya va Gretsiya aybni bir-biriga to’nkadi. Rahbarlarning hech biri yon berishni istamas va vositachilikka harakat yo’q ekan, ziddiyatlar kuchayishda davom etishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG