Grin-karta lotereyasi kerak emas, deydi respublikachi senatorlar

  • Amerika Ovozi

Har yili Amerikaga kamida 50 ming odam grin-karta yutib keladi

AQShda doimiy yashash va ishlash imkoniyatini beruvchi grin-karta (yashil kartochka) uzoq yillardan beri minglab insonlar uchun bu mamlakat darvozasini ochadi. O'zbekistondan, masalan, yiliga o'rtacha 2-3 ming kishi shu tarzda immigratsiya qiladi.

Amerika jamiyatini madaniy jihatdan boyitib borish maqsadida taklif qilinadigan bu imkoniyat lotereya orqali yutiladi. Uni har yili o'rtacha 14 million odam o'ynaydi va go'liblar soni 50 ming atrofida. Grin-karta bilan Amerikada besh yil yashaganingizdan keyin fuqarolikka kirishingiz mumkin. O'ziga xos talablari bor, jumladan mamlakatda muqim yashashingiz shart.

Respublikachilar hukmron Kongressda grin-kartaga qarshi kurash avjida. Arkanzas shtatidan senator Tom Kotton of Arkansas va Jorjiya shtatidan Deyvid Perdyu grin-kartani bekor qilishni taklif qilmoqda. Ular, shuningdek, immigratsiyani cheklash kerak, deya targ'ibot olib bormoqda.

Respublikachi senatorlar Tom Kotton va Deyvid Perdyu grin-karta lotereyasi kerakmas degan fikrda
Respublikachi senatorlar Tom Kotton va Deyvid Perdyu grin-karta lotereyasi kerakmas degan fikrda



Vakillar palatasida ham shunday taklif olg'a surilgan. Respublikachi qonunchilar nazarida millionlab noqonuniy muhojirlar taqdirini qanday hal qilishni bilmay turgan mamlakatga ortiqcha immigrant kerak emas. Ortiqcha xarajat, kuch va vaqt talab qiladi, deydi ular.

22 yil oldin boshlangan dastur ilk bor qarshilikka uchrayotgani yo'q: respublikachilar va demokratlar o'tmishda uni ko'p marta yo'q qilishga uringan. Lekin ularning takliflari har doim ko'pchilik ovozini ololmaydi. Bu safar Kongress tomonidan tasdiqlansa, 2018-yildan binoan grin-karta berilmaydi. Demak, 2017-yildan boshlan lotereya o'ynalmaydi.

Senator Perdyu:

"Qonuniy immigratsiyadagi muammolarni hal etish payt yetdi. Asosiy e'tibor amerikaliklar manfaatida bo'lishi kerak, ya'ni ularning tirikchiligi osonlashishi uchun chora ko'rishimiz lozim".

Senatorlarning ta'kidlashicha, grin-karta dasturi to'g'ri yuritilmaydi. AQSh davlat agentliklari ishini tekshiruvchi idora bergan hisobotga ko'ra, lotereya qanday tashkil qilinishidan tortib, g'olib qanday aniqlanishigacha, butun jarayonda kamchilik va xatolar ko'p kuzatiladi.

Davlat departamentiga ko'ra esa tizim mukammallashgan. Anketa to'ldirish endi osonroq va aniqroq. Grin-kartaga hujjat topshirish xizmatini taklif qiluvchi bizneslar ko'p. AQSh ularga ham talabni oshirgan. Lotereya o'ynash bepul, lekin bu firmalar anketa to'ldirayotgan odamdan haq oladi.

Lotereyada omadi kelgan odam AQSh konsulining talablariga javob berishi, anketada bergan ma'lumotlarini tasdiqlashi shart. 2015-yilda 48 ming 97 kishi kelgan. O'sha yili jami 531 ming 463 kishi yangi immigrant sifatida qabul qilingan. Bu degani grin-karta lotereyasi orqali kelayotganlar juda oz sonni tashkil etadi.

Bu yo'l bilan Amerikaga kelganlar bu yerga yangi hayot boshlar ekan, turar joy, ish va ta'lim borasida o'zlari jon kuydiradi. Ularga hukumat hech qanday yordam taklif qilmaydi. Boshida sal yo'l ko'rsatiladi xolos.

Kimdir o'zini topadi, kimdir esa adashadi, qiynaladi. Vataniga qaytib ketayotganlar ham ko'p. Oddiy qilib aytganda, grin-karta farovon hayot uchun kafolat emas. Biroq tirishqoq muhojir va uning oilasi uchun yaxshiroq turmush uchun ayni muddao.

Biror mamlakatdan agar o'tgan besh yil ichida 50 mingdan oshiq muhojir kelgan bo'lsa, grin-karta lotereyasi o'ynash imkoniyati bu davlat fuqarolariga taklif qilinmaydi.

Bangladesh, Braziliya, Kanada, Xitoy, Kolumbiya, Dominikan Respublikasi, Salvador, Gaiti, Hindiston, Yamayka, Nigeriya, Pokiston, Filippin, Peru, Janubiy Koreya, Britaniya va Vyetnam fuqarolari shu bois qatnasha olmaydi.

Quyidagi jadvalda o'tgan yili grin-karta yutganlarning mamlakatlari aks etgan. Omadi chopganlarning davlatlari:

"NumbersUSA" singari erkin immigratsiyani targ'ib qiluvchi nohukumat tashkilotlar respublikachilarning takliflariga qarshi chiqib, Kongressni Amerika qudrati nimada ekanini unutmaslikka chaqirmoqda. Sehrli diyorning sehri uning madaniy, diniy va etnik boyligida; intellektual va ma'naviy iqtidorida, deydi faollar.

"RAISE Act" deb nomlangan qonun loyihasi oilalarga yaqinlarini olib kelish, qochqinlarni qabul qilish, grin-karta lotereyasi singari imkoniyatlarni bekor qilishni ko'zlaydi. Loyiha "W" degan viza turi tanishtiradi. Unga ko'ra, bolalari AQSh fuqarosi bo'lgan ota-ona besh yillik viza olishi mumkin, biroq ular hech qachon fuqarolikka kira olmaydi va bu mamlakarda ishlay olmaydi.

Prezident Donald Tramp Amerika darvozasi har kimga ham ochiq turmasligi kerak degan gaplari bilan tanilgan. Yaqinda Kongressda qilgan nutqida u talantli da'vogarlarga imkoniyat berishni xohlashini aytdi. Ya'ni, muhojirlar chertib-chertib, ta'lim darajasi va iqtidoriga qarab kiritiladi. Bu esa juda murakkab jarayon, deydi mutaxassislar. Ilm-fan, tibbiyot, texnologiya, talab yuqori bo'lgan soha vakillarini tanlash so'zda oson, amalda juda qiyin.

Lotereya o'ynash uchun anketa to'ldirganingizda sizdan ta'lim va ishingiz haqida so'raladi. O'rta ta'limga ega bo'lishingiz shart. Shuningdek, grin-karta yutgan taqdiringizda barcha xarajatlar sizning bo'yningizda. Ko'riklardan o'tish va safar uchun o'zingiz to'laysiz. Bu imkoniyat kambag'al oilalar uchun emas, deya tanqid qiladi ba'zi tashkilotlar. Internetga kira olmaydigan, zarur axborot ololmaydiganlar millionlarni tashkil etadi.

Grin-karta bilan kelganlarning maqsadini so'rasangiz, ular odatda farzandlari ravnaqi uchun kelganini aytadi. Vatanidagi ishi va mulkini tashlab, yangi mamlakatda hayot boshlash, begona tizim va sharoitga ko'nikish ko'p hollarda azob, deydi ota-onalar, lekin ertangi kun manfaatlari uchun shunday qilishga majbursiz.

AQSh Kongressi e'tiboridagi loyihalar bilan ingliz tilida mana bu yerda tanishing: S. 354 va H.R.1178 - SAFE for America Act.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG