Breaking News

Tadqiqotchilar: Qurolli jinoyatlarda ruhiy salomatlikni ayblamang


Amerikada yana otishma, yana o’nlab odam halok bo’ldi. Umar Matin ismli shaxs Floridadagi tungi klubga avtomat bilan kirib, 49 kishini o’ldirgan. Sobiq rafiqasi uni “ruhan nosog’lom” deya ta’riflaydi. AQShda jinoyatchilar va ruhan kasal odamlarga qurol sotmaslik borasida yana bahslar qizimoqda.

Bunday manzaraga ko’z o’rganib ketgan… har bir otishmadan keyin odamlar marhumlarni xotirlashadi, voqea joyini gullar bilan to’ldirishadi. Ba’zilarning ko’zida yosh. Xalq dahshatda. Undan so’ng ruhan kasal odamlarni qurolga yaqinlashtirmaylik, qonunlar o’zgarsin, degan chaqiriqlar yangraydi.

Yaqinda Prezident Barak Obama bilan uchrashuvda politsiya boshliqlaridan biri unga shu haqda savol berdi.

“Ommaviy qatliomlar va terror hujumlarini qanday bartaraf etamiz? Ruhan kasal va jinoyatchilarni qanday qilib aniqlaymiz? Bu katta muammo. Ular qonunga amal qilmaydi”, - deydi politsiyachi.

Lekin aslida ruhan kasalmand odamlar boshqalarga qaraganda zo’ravonlik sodir etishga ko’proq moyil deyish noto’g’ri. Jamiyatda shunday yanglish tasavvur shakllangan.

Jons Xopkins universiteti olimasi Bet Makginti ruhan nosog’lom odamlarning aksariyati atrofdagilarga jabr yetkazmaydi, Amerikada qurolli hujumlarni ko’pincha sodir etayotgan ham ular emas, deydi.

Uning aytishicha, qurolli zo’ravonlik va ruhiy xastaliklar yonma-yon yurishi haqidagi fikr axborot vositalaridan kelib chiqadi. Aslida AQShda jinoyatlarning atigi to’rt foizini aqldan ozganlar sodir etadi.

“Yurtimizda sog’liqni saqlash tizimi a’lo darajada deb faraz qilaylik. Kasal odamlar kerakli muolajani vaqtida olayapti ham, deylik. Shunda qurolli hujumlarning 4-5 foizini bartaraf etgan bo’lamiz. Chunki qolgan 95-97 foizi bu muammoga taalluqli emas”, - deydi Makginti.

Asl sabablar chetda qolib ketayapti, deydi ruhshunos Pol Gionfriddo.

“Qonli fojialarda ruhiy kasallikni sabab qilib ko’rsatish oson. Aqldan ozgan odam qo’liga qurol olibdi, deb mavzuni yopib qo’yamiz. Otishmalar muntazam sodir bo’layotgani ortida yana qanday omillar bor deb so’ramaymiz, savolga tutishni istamaymiz”.

Ekspertlarga ko’ra, AQShda qurolli zo’ravonliklar sababi chuqur o’rganilishi lozim, ammo Kongress 20 yildan buyon bunday izlanishlarga mablag’ ajratmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG