Hila Najibulla: Otamning orzusi bilan yashayapman

  • Amerika Ovozi

Hila Najibulla

Afg'onistonning marhum Prezidenti Muhammad Najibulla yoki Najibulla Ahmadzoyning qizi Hila Najibulla Shveysariyada gumanitar tashkilotda ishlaydi.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda u o'z kechinmalari haqida so'zladi.

Mamlakatni 1986-yildan 1992-yilgacha boshqargan Najibulla Sovet Ittifoqi qulashi oqibatida moliyaviy yordamdan ayrilib, 1992-yilda hokimiyatdan olinadi va 1996-yilgacha BMTning Kobuldagi vakolatxonasida saqlanadi. Ammo Afg'onistonda o'z hokimiyatini o'rnatgan Tolibon harakati vakolatxonaga bostirib kirib, uni va ukasini o'ldiradi, jasadlarini yuk mashinasiga bog'lab, Kobul ko'chalaridan olib o'tadi, so'ng ko'chada osib qo'yadi.

“Dadam va amakimni yo'qotgandan keyin ko'p qayg'u chekdim, ammo bu meni kuchli qildi. Dushmanni kechirish oson emas, vaqt oladi. Biroq mamlakatdagi ko'p yillik beqarorlikdan so'ng bundan boshqa chora yo'q", - deydi sobiq rahbarning qizi Hila.

Unga ko'ra, judolik yoki zo'ravonlikka uchragan odam adolat qaror topishini, o'ch olishni istaydi.

"Men ham 18 yoshimda otamni yo'qotganimda xayolimdan aynan shunday o'ylar o'tgan", - deydi u.

Biroq insoniyat hayotini ijobiy tomonga o'zgartirish uchun Hila o'z yaralarini tuzatishga majbur bo'ldi, otasining o'limiga bir odam emas, siyosiy jarayonlar va omillar sabab bo'lganini angladi.

“Alam va qayg'u meni yeb bitirmasligi uchun kechirimli bo'lishni o'rgandim", - deydi u.

Otasining o'limidan so'ng Hila bir necha yil qochqin bo'lib yashadi, so'ng Shveysariya vizasini olib, endilikda xalqaro tashkilotda migratsiya masalalari bo'yicha maslahatchi bo'lib ishlaydi. Har bir afg'on kabi tinchlik umidi bilan yashaydi va o'zi singari vatandoshlariga yordam beradi.

“2014-yildan beri Yevropa migratsiya muammosi bilan yuzlashadi, Afg'onistonda hayot hanuz barqarorlashgani yo'q. Yevropaga kelgan afg'onlarga bu yerdagi hayotga ko'nikishlariga yordam beraman", - deydi Hila Najibulla.

Uning yaqinda chop etilgan "Afg'onistonda murosa va ijtimoiy malham" kitobida Afg'onistondagi mojaroga yechim taklif etiladi.

“Otamning orzusi bilan yashayman. O'z ishlarim bilan, Afg'oniston haqidagi tadqiqotlarim bilan, bu kitobim bilan, kechirimli bo'lishni o'rganish bilan, o'z xalqim bilan aloqa orqali, turli mafkuralar ta'siri ostidagi raqiblarimga quloq solish orqali otamning orzulari ketidan ketyapman”, - deydi Hila.

Kitob shunchaki mutolaa qilish uchun yozilmagan, suhbatdosh BMT va afg'on rasmiylari siyosatni belgilashda undan foydalanishlarini istaydi.

“Agar xalqaro hamjamiyat afg'on muammosiga yolg'iz harbiy yo'l bilan yechim topmoqchi bo'lsa, xato qilgan bo'ladi. Uning negizida nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy omillar ham bor. Yechim davomiy bo'lishi uchun turli siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy usullarni qo'llash kerak", - deydi marhum prezidentning qizi Hila Najibulla.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG