Tolibon guruhi Afg’oniston shimolida hujumlarini kuchaytirmoqda. Juzjon, Faryob, Sari Pul viloyatlari qonli urushlarga guvoh bo’lmoqda. Sari Pulning Mirzo O’lang hududiga hujum qilgan toliblar qariyb 40 kishini o’ldirgan. O’lganlar orasida bolalar va ayollar ham bor, deydi rasmiylar.

Mahalliy manbalarning tasdiqlashicha, Sayyod tumanining Mirzo O’lang hududiga hujum qilgan toliblar aholini qiynoqqa solgan. Shialar zich yashovchi bu hududda qariyb 40 odam qatl etilgan.

Sari Pul hokimi Zohir Vahdat vaziyat juda og’ir ekanini aytadi. Hududni qaytarib olishda mahalliy harbiylarning kuchi yetmaydi, deydi u, markaziy hukumatdan yordam so’rar ekan.

“Qamalda qolgan qishloq odamlari bilan aloqa qura olmayapmiz. Toliblar aloqa tizimini kesib qo’ygan”, - deydi Sari Pul hokimi.

Markaziy hukumatdan hanuzgacha hech qanday yordam yetib bormagan.
Ismi sir qolishini istagan “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan aholiga ko’ra, Tolibon Mirzo O’langda tintuv o’tkazmoqda. To’qnashuvlar natijasida yuzlab oilalar uy-joyini tark etishga majbur bo’lgan. Faollar vaziyatdan tashvishda.

Sari Pul viloyat sho’rosi a’zolaridan biri Muhammad Nur Rahmoniy hududni qaytarib olish uchun hukumat hanuzgacha amaliy qadamlar tashlamaganidan shikoyat qiladi.

“Vaziyat juda og’ir. Aholi uy-joylari yoqib yuborilgan. Toliblar bir necha ayollarni o’zlari bilan olib ketgani aytilmoqda. Toliblar odamlarning telefonlarini yig’ib olgani uchun aniq ma’lumot ololmayapmiz”, - deydi Rahmoniy.

Suhbatdosh agar Sayyod tumani toliblar nazoratiga o’tsa, Sari Pul shahri ham jangarilar qo’liga tushishidan, ayni holda insoniy fojia yuz berishidan ogohlantiradi.

Mazkur hududga hujum qilgan toliblar soni 500 ga yaqin. Juzjon va Faryobdan yordamchi kuchlar borgan.

“Sari Pul va boshqa shimoliy viloyatlardagi urushlar xorijiy toliblar tomonidan boshqariladi”, - deydi Muhammad Nur Rahmoniy.

Toliblar oddiy aholining ular tomonidan qatl qilingani iddaosini rad etadi.
Shu kunlarda Juzjonning Oqcha tumanida ham harbiylar va toliblar o’rtasida jiddiy to’qnashuvlar kechmoqda. Juzjon politsiyaning bildirishicha, Tolibonning muhim qo’mondonlaridan bo’lgan Mulla Ahmadshoh va yana besh isyonchi halok bo’lgan.

Qo’shni Faryob viloyati hujum ostida. Harbiylardan tortib olingan tanklar yoqib yuborilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda vaziyat yuzasidan bahslar qizg’in kechmoqda. Hukumatni befarqlikda ayblayotganlar bor. Shimoliy viloyatlarni beqarorlashtirish rejalangani haqida gap ketmoqda.

Sari Pul, Juzjon va Faryob Afg’oniston shimolidagi notinch viloyatlardan sanaladi. Mazkur uch viloyat, DAISh va toliblar keng ko’lamda faoliyat qilayotgan joylar.

Sari Pulning Ko’histonot tumani ikki yildan beri Tolibon nazoratida. Bu tumanni qaytarib olish uchun hech qanday harbiy amaliyot o’tkazilmagan.

Juzjonning Darzob va Qo’shteppa tumanlarining ko’p qismida jangarilar hukmron. Faryobning sakkiz tumanida to’qnashuvlar tinmayapti.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG