Breaking News

Xelsinki Komissiyasida Qirg'izistondagi qirg'inni taftish qilgan guruh ishi ko'rildi


Xelsinki Komissiyasida Qirg'izistondagi voqealar bo'yicha tinglov, 22-iyun, 2011-yil
Xelsinki Komissiyasida Qirg'izistondagi voqealar bo'yicha tinglov, 22-iyun, 2011-yil



Kecha AQSh Kongressida Xelsinki Komissiyasi Qirg'izistonda O'sh qirg'inini tergov qilgan xalqaro guruh ishi yakunlari bo'yicha tinglov o'tkazdi. Taftishni olib borgan komissiya rahbari Kimmo Kilyunenning aytishicha, Qirg'iziston janubida o'tgan yili insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan. Ammo Qirg'iziston elchisiga ko'ra rasmiy Bishkek guruhning hamma xulosalariga ham qo'shilmaydi.

O'tgan yili Qirg'iziston janubidagi etnik zo'ravonliklardan so'ng hukumat bir necha mamlakat mutaxassislaridan tuzilgan xalqaro guruhdan voqealarni tergov qilishni so'radi. Unga finlyandiyalik arbob Kimmo Kilyunen rahbar etib tayinlandi. Bir necha oylik izlanishlardan so'ng taftish komissiyasi bir qator xulosa va tavsiyalar bitilgan hisobotini taqdim etdi. Uning mag'zi shuki, O'shda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan.

"Tinch aholiga qarshi jinoyatlar keng qamrovli, uyushgan, muttasil ekanini ko'rdik. Ayniqsa 11-13 iyun kunlari o'zbek mahallalarida", - deydi Kilyunen.

Uning aytishicha, zo'ravonliklardan so'ng mingga yaqin sud ishlari o'tdi, aksariyati o'zbeklarga qarshi. Jazoga tortilganlarning barchasi shu millat vakillari.

Tinglovga raislik qilgan AQSh Kongressi a'zosi Kristofer Smitning aytishicha, janubda o'zbeklarga qarshi asossiz hibsga olishlar, qiynoqlar, adolatsiz sud jarayonlari shu kungacha davom etmoqda va bu tashvishlanarli holdir.

"Bunday murakkab mojarodan so'ng adolatga erishish juda qiyin. Mamlakatda millatchilik va adovat hissi kichli", - deydi kongressmen Smit.

Xalqaro tergov komissiyasi hisoboti chiqqach, Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayeva uni olqishlab, tavsiyalariga quloq solishga va ularni bajarishga so'z berdi. Ammo hujjat parlamentni g'azabga keltirdi. Natijada Kimmo Kilyunen "persona-non-grata" deb e'lon qilindi, ya'ni Qirg'izistonga kirishi taqiqlandi. Ayniqsa, deydi arbob, qirg'iz matbuoti o'zini juda agressiv tutdi.

"Nazarimda Qirg'iziston jamiyatini ajratayotgan, etnik yarash o'rniga adovatni qo'zg'atayotgan aynan matbuotdir. Hisobot tavsiyalari bo'yicha Bishkekda matbuot anjumani o'tkazilganda o'zimni dushman qurshovidagidek his qildim. Hisobotga qarshi gaplar aytilganida zaldalgilarning barchasi qarsak chalardi".

Shu sabab komissiya xulosalaridan biri shuki, Qirg'izistonda milliy masalalarni yoritishga kelganda matbuot uchun ma'lum qoidalar majmuini yaratish lozim.

Kilyunen hisobotga nisbatan norozilik haqida gapirar ekan, guruh ishiga yordam bergan mahalliy mutaxassislarga bosim qo'yilayotganini ta'kidlaydi. Bir odam, hatto Qirg'izistonni tark etishga majbur bo'ldi, deydi Kilyunen.

Qirg'izistonning AQShdagi elchisi Muxtor Jumaliyev ham Xelsinki Komissiyasi tinglovida so'zladi. Uning aytishicha, hujjatda Qirg'iziston uchun muhim tavsiyalar o'rin olgan. Biroq shu bilan birga kamchiliklar ham yo'q emas.

"Komissiya xulosalari janubdagi vaziyatni keskinlashtirmasligi juda muhimdir. Shu sabab hukumat xalqaro hisobotni tekislashga ko'rsatma berdi. Uning hozirgi ko'rinishi noxolis, tomonlarning yarashishiga sabab faktlar inobatga olinmagan. Masalan, qirg'iz va o'zbeklar bir-biriga yordam berib, bir-birini asrab qolgan hollar bo'lgan, buni hisobotda ko'rmadik", - deydi Qirg'iziston elchisi.

Falsafa fanlari doktori, asli o'shlik Alisher Hamidov 2010-yil voqealari paytida shaharda edi. O'n minglab o'zbek qochqinlari bilan birga jon saqlashga majbur bo'lgan. Uning aytishicha, mojaro zaminida boshqa sabablar bor va Kilyunen hisobotida ular aks etmagan.

"Komissiya xulosalari juda muhim va foydali. Ammo Qirg'izistondagi mojaroning ildizi chuqur bo'lib, xalqaro guruh uni aniqlab bera olmagan. Hozir eng asosiy vazifa - barcha siyosiy organlar, jumladan prezident va parlament vakolatlarini aniq belgilash lozim. Har ikki yilda Konstitutsiyani o'zgartirmasdan, bittasini mahkam ushlab, takomillashtirib borish kerak".

Qirg'iziston elchisi Muxtor Jumaliyevning aytishicha, hukumat adolat qaror topishi uchun qo'ldan kelgancha harakat qilmoqda va bu ishda xalqaro hamjamiyat ko'magiga muhtoj.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG