Breaking News

Qonunchilar Trampdan Xitoy rasmiylariga sanksiya qo'yishni so'ramoqda


AQSh Kongressi Vakillar palatasi
AQSh Kongressi Vakillar palatasi

AQSh Vakillar palatasida Xitoyning uyg'urlar bo'yicha siyosatini qoralovchi qonun loyihasi ovozdan o'tdi. Prezident Donald Trampdan Xitoyning yuqori lavozimdagi amaldorlariga qarshi sanksiya qo'yish so'ralmoqda.

Hujjatda Xitoy g'arbidagi Shinjon mintaqasida bir millionga yaqin uyg'ur va boshqa musulmonlar qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanayotgani tilga olinib, Pekin inson huquqlarini qo'pol ravishda buzayotganlikda ayblanadi.

Loyiha 407 ga 1 ovoz bilan ma'qullangan. O'xshash hujjat sentabrda AQSh Senatida ham ovozdan o'tgan edi. Endi ikkala versiya yaxlit hujjatga aylantirilib, imzo uchun Prezident Donald Trampga yuborilishi kutilmoqda.

Kongressda ko'rilayotgan bu choralar Xitoyning g'azabini qo'zg'ashi aniq. O'tgan hafta Tramp Gonkongdagi namoyishchilarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan hujjatga qo'l qo'yganidan keyin Pekin javob choralari haqida ogohlantirgan edi.

Vakillar Palatasida ma'qullangan qonun loyihasi uyg'urlarning ommaviy ravishda hibsga olinishini qoralaydi, Xitoy o'quv markazlari deb tasvirlaydigan lagerlarni yopishga chaqiradi. Trampdan bu siyosat ortida turgan Xitoy rasmiylariga sanksiya qo'yish talab qilinmoqda.

"Pekin vahshiyona xatti-harakatlari bilan uyg'ur aholining qadr-qimmati va inson huquqlariga tahdid solmoqda", - dedi palata spikeri Nensi Pelosi.

Xitoy hukumati olib borayotgan repressiya odamlarni yoppasiga kuzatish, qamoqda yakka saqlash, kaltaklash, majburiy sterilizatsiya va boshqa qiynoqlarni o'z ichiga oladi, deya tanqid qildi Pelosi.

Avvaliga lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin hozirda ularni "kasb-hunar o'rgatish markazlari" deb ataydi. Rasmiylarning aytishicha, bu markazlar ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish uchun zarur.

Agar loyiha qonunga aylansa, Davlat departamenti Shinjondagi ahvol to'g'risida bir yil ichida hisobot tayyorlaydi. Tijorat vazirligidan Shinjonda odamlarni kuzatish va hibs qilishda qo'llanadigan texnologiyalar eksportini man etish talab etiladi.

Senatdagi loyiha muallifi, respublikachi senator Marko Rubioning ta'kidlashicha, Xitoy Kommunistik partiyasi uyg'urlarning etnik va madaniy o'zligini yo'q qilish uchun sistematik ravishda harakat qilmoqda. Ovozdan o'tgan ikkala loyihani birlashtirib, Prezident Trampga imzo uchun yuboramiz, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG