Breaking News

Masjidlar "Xarvi" to'foni jabrdiydalari uchun eshigini ochdi


Texasdagi masjid tabiiy ofardan zarar ko'rganlarga boshpana berdi.
Texasdagi masjid tabiiy ofardan zarar ko'rganlarga boshpana berdi.

To'fon ortidan Texasning Xyuston shahri sekin-asta o'ziga kelmoqda, ammo suv omborlari va to'g'onlarga yaqin hududlar hanuz suv ostida. Tabiiy ofatdan aziyat chekkanlar uchun boshpanalar tashkil etilgan. Odamlarga eshigini ochgan muassasalar orasida masjidlar ham bor.

Vaqtinchalik boshpanalarda kun kechirayotganlar uchun oson emas. Ular uylariga qachon qaytishni bilmaydi. 19 yoshli Sara al-Azzat Saudiya Arabistonidan. Xyustonga kelganiga endi 4 oy bo'lgan.

"Men yashagan joyda hech qachon bunaqa dovullar bo'lmagan. Biz uni jiddiy olmadik. Suv toshqinlari boshlangach, uning qanchalar jiddiyligini angladik", - deydi u.

Al-Azzatning onasi indoneziyalik, otasi esa Suriyadan. Bu yerga oila a'zolari bilan kelgan. Bolalar o'yin bilan band ekan, kattalar xavotirda. Ular majburiy evakuatsiya tugab, uylariga tezroq qaytishni istashadi. Ammo hozirgi turgan joylari xavfsiz va odamlar mehribon.

"Vaqtinchalik boshpana istab ko'plab odamlar keldi. Boshqalar esa o'z uylaridan joy berish uchun ularni olib ketishdi. Bundan judayam ta'sirlandik", - deydi Ilyos Choudri ismli ko'ngilli.

Xyustonning toshqin yetib bormagan g'arbiy qismida yashovchi odamlar musulmonlar tashkil etgan boshpanaga kelib, ko'rpa, yopinchiq kabi kerakli ashyolarni ehson qilmoqda. Ko'pchilik uchun bu ilk bor masjidga kirish.

"Hech qachon masjid ichida bo'lmaganman. Qaysi eshikdan kirishni bilmay turgan edim, tashqaridagi bir yosh ayol menga yo'l ko'rsatdi", - deydi bu yerga kelganlardan biri.

"Barcha e'tiqoddagilar jamul-jam bo'ldi. Hammasi insonparvarlik nomidan ishlamoqda. Bir-biriga yordam bermoqda. Turli qarash va fikrdagi odamlar bor. Ulardan ko'p narsalarni o'rganyapmiz", - deydi Choudri.

Bu yerga kelib ayrimlarning qarashlari ham o'zgarmoqda.

"Erkaklari men kutgandan ko'ra iliqroq ekan. Ayollarini doim mehribon va ochiq deb bilganman, lekin urf-odatlarini bilmaganim uchun musulmon erkaklardan tortinib yurardim", - deydi Mendel ismli ayol.

Choudri ham ko'p narsani o'rgandi.

"Hamma odam. Ular bizning do'stlarimiz va insoniyatga, kimligidan qat'i nazar, yordam ko'rsatishmoqchi. Odamlarga ko'mak berishni istashyapti, xolos", - deydi u.

Al-Azzatning aytishicha, bu yerda yangiliklardagi kabi musulmonlarga qarshi kayfiyat mavjud emas.

"Musulmon bo'lmagan odamlar kelib ehson qilishyapti. Bu Amerika haqidagi qarashlarimni o'zgartirdi", - deydi u.

"Musulmon bo'lmaganlarning kelib bizga yordam qilishi juda-juda oliyjanob ish. Behad minnatdorman", - deydi masjidda qo'nim topganlardan biri.

Ko'ngillilarning aytishicha, odamlar tafovutlarni unutib birga ishlasa, jamiyat yanada kuchli bo'ladi va shahar ham tezroq oyoqqa turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG