Breaking News

HRW Markaziy Osiyo hukumatlariga: Pandemiyaga qarshi kurashda huquqni unutmang


Bishkek,Qirg'iziston
Bishkek,Qirg'iziston

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti tahlilicha, Markaziy Osiyo davlatlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda o'z qonunlari hamda xalqaro normalarni buzmoqda.

Turkmaniston va Tojikistonda virus yuqtiriilgani haqida biror holat rasman qayd etilmagani kuchli xavotir uyg'otadi, deya bildirmoqda HRW.

O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonda mart o'rtasidan beri karantin va minglab insonlarda virus aniqlangan, o'nlab odamlar vafot etdi, yuzlab bemorlar tuzaldi.

Lekin HRWga ko'ra, karantin paytida matbuot erkinligi keskin cheklandi, faollarga tazyiq oshdi hamda odamlarni asossiz hibsga olish hollari kuzatilmoqda.

"Markaziy Osiyodagi barcha hukumatlar o'z fuqarolari huquqlarini hurmat qilib, pandemiya haqida ishonchli axborot berishi lozim", - deydi Xyu Uilliamson, HRWning mintaqa bo'yicha bosh eksperti.

"Jurnalistlar, tibbiy xodimlar va axborot berishga uringan va xalq manfaati yo'lida harakat qilganlarga bosim o'tkazilmasligi kerak".

Pandemiya rasman qayd etilgan respublikalarda o'n minglab odamlar karantinda va tibbiy nazorat ostida. Ular yashayotgan sharoit va ularga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik xususida aniq informatsiya berilsin, deya undamoqda HRW.

Xalqaro qonunlar nafaqat haqqoniylikni talab qiladi, balki har bir hukumat mamlakatda sog'liqni saqlash uchun maksimal chora ko'rishi shart va bu borada oshkoralik ta'minlanishi kerak. Hukumatlar haqiqatni yashirishi, odamlarga zarur axborot berilmasligi xalqaro me'yorlarga ziddir, deya ogohlantirmoqda HRW.

O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonda rahbarlar va mutasaddilar vaziyat haqida aholini va dunyoni o'z vaqtida boxabar qilib turganini, karantindagilar ahvoli va bemorlar taqdiri xususida zarur informatsiyani berayotganini ta'kidlaydi. OAV faoliyati ham cheklanmagan, deydi Qozog'iston va O'zbekiston rasmiylari.

Qirg'izistonda favqulodda choralar hukmron hududlarda jurnalistlar ham ularga bosh egishi kerak deya e'lon qilingan va ularga aksariyat hollarda tashqariga chiqishga ruxsat berilmayapti. Bu holat, HRW nazarida, matbuot erkinligini bo'g'ishdir.

Turkmaniston hukumati agar kimdir kasalikkka chalinganida, albatta, ma'lum qilingan bo'lardi, deya javob bermoqda. Biroq turkman faollariga ko'ra, hukumat haqiqatni yashirishga usta va qanchalik isbot-dalil yig'ilmasin, lom-mim demayapti.

Tojikistonda yig'inlar va tadbirlar to'xtamagan va aholi salomatligiga befarqlik hukmron, deya baho bermoqda HRW.

Har ikki respublikada hukumatlar koronavirus tarqalmasligi uchun nima chora ko'rayotganini tushuntirmaydi.

Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti vaziyatni o'rganishi kerak degan chaqiriqlar yangramoqda. Bu organ ekspertlari yaqin kunlarda tekshiruv boshlashi kutilmoqda.

HRW O'zbekiston va Qozog'istonda odamlarni yolg'on informatsiya tarqatganlik gumoni bilan hibsga olish hollari yuzasidan ham xavotir bildirmoqda. Ichki ishlar va adliya tizimiga ishonch past bo'lgan bu tuzumlarda fuqaro huquqlari e'zozlanayotganiga bu tashkilot shubha bilan qaraydi.

Faollar va blogerlarga tazyiqlar, ularning dom-daraksiz ketishi va keyinroq militsiya qo'lida ekani ayon bo'lishi, ularga qanday muomala qilinayotgani, huquqlari qanchalik ta'minlanayotgani - bularning hammasi jiddiy savollar uyg'otmoqda, deyiladi HRW 23-aprel kuni chiqargan tahlilnomada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG