Breaking News

HRW: AQSh O'zbekiston bilan huquq bobida jiddiyroq gaplashsin


O'zbekiston elchisi Baxtiyor G'ulomov va AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Nisha Bisvol AQSh-O'zbekiston do'stligi uchun qadah ko'tarmoqda, O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida Mustaqillik kuniga bag'ishlangan qabul marosimi, 9-sentabr, 2014-yil
O'zbekiston elchisi Baxtiyor G'ulomov va AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Nisha Bisvol AQSh-O'zbekiston do'stligi uchun qadah ko'tarmoqda, O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida Mustaqillik kuniga bag'ishlangan qabul marosimi, 9-sentabr, 2014-yil

Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot Human Rights Watch (HRW) Amerika hukumatini O'zbekiston bilan inson huquqlari yuzasidan jiddiyroq gaplashishga undamoqda.

1-2 dekabr kunlari Toshkentda ikki davlat orasida yillik maslahat kengashi bo'lib o'tadi. Siyosiy hamkorlikdan tortib madaniy rishtalargacha, hammasi muhokama qilinadi, deya bildiradi Davlat departamenti.

HRW Obama ma'muriyatini bu muzokaralarda bir narsani aniqroq tushuntirishga chaqirmoqda: inson huquqlari bilan bog'liq ahvol yaxshilanmasa, hamkorlik cheklanadi.

Mana shunday shart Islom Karimov boshliq hukumatni repressiyani pasaytirishga majbur qilishi mumkin, deya bayon etadi HRW.

AQSh Davlat departamenti Kongressga uzatgan hisobotlarida O'zbekistonni erkinlik keskin cheklangan, vaziyat og'ir jamiyat sifatida ta'riflaydi. Mustaqil matbuot yo'q. Uzviy huquqlar muntazam ravishda toptaladi. Tuzumni tanqid qilganlar jazolanadi.

Bu masalada Toshkent bilan ochiq muloqot yo'lga qo'yilgan, deydi AQShning O'zbekistondagi elchisi Jorj Krol "Amerika Ovozi" bilan suhbatlarda. Huquqni e'zozlash ustuvor masala, deydi u.

Krol endilikda Qozog'istonga elchilikka o'tadi. O'tgan yillarda Qirg'izistonda bosh diplomat bo'lgan Pamela Stratlen esa Toshkentga boradi. AQSh Senati yaqinda har ikkisini yangi lavozimlarga tasdiqladi.

Davlat departamentida mintaqa bilan aloqalarga mas'ul Nisha Bisvol, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini, hozir Toshkentda va maslahat kengashi raislaridan biri. O'zbekiston tomondan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rais.

Bisvol xonim ham inson huquqlari va demokratiya targ'iboti Obama ma'muriyati uchun nihoyatda muhim ekanini ta'kidlab keladi.

Biroq shunisi ham aniqki, O'zbekiston va Amerika hamkorligi markazida asosan Afg'oniston turibdi. Vashington Karimov rahbariyatining qo'shni davlatdagi missiyaga ko'rsatayotgan yordamiga muhtoj. Qo'shinlarga zarur mahsulotlar tashiladigan Shimoliy Ta'minot Tizimi respublika hududidan o'tadi.

Harbiy harakatlar nihoyasiga yetib, xalqaro koalitsiya, xususan Amerika kuchlari Afg'onistondan chiqar ekan, O'zbekistonga tobelik ham pasayadi va shu munosabat bilan endi huquq masalasi yana yuqoriga chiqishi kerak, deydi faollar.

“O'zbekiston rasmiylariga shuni aniq aytish kerakki, repressiya davom etaversa, jazo choralari ko'riladi", - deya undaydi Stiv Sverdlov, HRWning mintaqa bo'yicha bosh mutaxassisi.

Tashkilot yaqinda chiqargan tahlilnoma O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar taqdirini bayon etadi. Asossiz qamashlar, soxta ayblovlar, sahnalashtirilgan sudlovlar va qiynoqlar yoritiladi.

HRW paxta dalalarida majburiy mehnat masalasini ham ko'tarib keladi va Vashingtonni bu muammoga ko'z yummaslikka chaqiradi.

Yaqinda AQShning sakkiz senatori prezident Karimovga yana bir bor maktub yo'llab, qamoqdagi jurnalist va faollarni ozod etishga chaqirdi.

AQSh tashqi siyosatida muhim rol o'ynaydigan bu qonunchilar deydiki, O'zbekiston bir necha yildan beri Amerika bilan yaqinlashishga urinib kelmoqda.

"Biz hamkorlik kengayishi tarafdorimiz", - deya yozadi senatorlar. "Afsuski, yuqorida qayd etilgan masalalar hal etilmayotgani aloqalarimizga to'siq".

HRW BMT qoshida O'zbekistondagi inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni kuzatuvchi alohida vakil tayinlash g'oyasini olg'a surgan va Obama ma'muriyatidan buni quvvatlashni so'ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG