Breaking News

AQSh O'zbekistonda inson huquqlariga doir vaziyatni qanday baholaydi?


Parlament sobiq a'zosi Samandar Qo'qonov (chapda) marhum prezident Islom Karimov bilan

AQSh Davlat departamentining inson huquqlariga doir yillik xalqaro hisobotida O’zbekiston ham tilga olinadi. Hisobotda O’zbekistondagi vaziyatga 38 ta sahifa bag’ishlangan.

Unga ko’ra, oldingi yillarda inson huquqlari muammolari talaygina bo’lgan - qiynoqlarga solish, mahbuslarni tahqirlash, sud hukmisiz hibsga olish va cheksiz muddat hibsxonada saqlash, siyosiy sabablarga ko’ra qamash, so’z, matbuot va internet erkinligini cheklash, senzura, odamlarning uyushish va namoyish qilish huquqlarini cheklash, inson savdosi, majburiy mehnat va yana qator holatlar.

Hisobot mana shu huquqbuzarliklarga 2018-yilda respublikada qay darajada yo’l qo’yilganini tahlil qiladi.

Hujjatga ko’ra, o’tgan yili siyosiy sabablarga asoslangan, noqonuniy qotilliklar sodir etilmagan, siyosiy faollar yoki jurnalistlar o’g’irlanmagan.

2017-yil noyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev qiynoqlar vositasida olingan dalillarni sud ishida qo’llash, 2018-yil aprelida esa qiynoqqa solish amaliyotlarini taqiqlovchi qonunlarni imzolaganiga qaramay, mahbuslarni tahqirlash, qiynoqqa solish holatlari butunlay yo’qolmagan.

Shu bilan birga, hisobotda mahbuslarni tahqirlash va qiynoqqa solishni buyurgan va bunga bevosita qo’l urgan tergovchilar va xavfsizlik idoralari mutasaddilarining ba’zilari lavozimini suiiste’mol qilgani uchun uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etilgani ham tilga olinadi.

AQSh hisoboti O’zbekiston qamoqxonalaridagi ayanchli, og’ir sharoitni ham tasvirlaydi. Unga ko’ra, oziq-ovqat kamomadi, kameralarda keragidan ortiq mahbuslarning saqlanishi, jismoniy tazyiqlar, talabga javob bermaydigan sanitariya sharoiti va tibbiy xizmat qamoqxonalarda saqlanayotgan odamlar ruhiy va jismoniy sog’lig’iga ziyon yetkazmoqda.

Davlat departamenti O’zbekiston adliya tizimi, undagi nuqsonlar, tizim mustaqilligi yo’lidagi muammolar, ayblanuvchi huquqlari va advokat vakolatlariga doir kamchiliklarni ham bayon qilarkan, sudlarda ayblanuvchilarning oqlanish sur’ati oshganini ta’kidlaydi. Masalan, 2017-yilda salkam 59 mingta jinoiy ishdan atigi 162 tasida ayblanuvchilar oqlangan bo’lsa, 2018-yil sentabriga kelib sudlar 569 nafar shaxsni aybsiz deb topgan.

Inson huquqlariga doir hisobotda siyosiy sabablarga ko’ra qamalgan ba’zi fuqarolarning amnistiyaga tushgani aytiladi – bir qismining qamoq muddati qisqargan, boshqalari esa erta ozodlikka chiqqan. Ammo o’zini aybsiz qamalgan deb bilgan kechagi mahbuslar ishlarining qayta ko’rib chiqilishiga va to’liq oqlanishga umid qilgan, ammo buning uchun zarur ma’lumotlarni qo’lga kirita olmagan.

23 yil qamoqda o’tirib, 2016-yil noyabrida ozodlikka chiqqan sobiq deputat Samandar Qo’qonovning ishiga tegishli sud materiallari Toshkent viloyat arxivi tomonidan yo’q qilingani ma’lum bo’ldi.

Hisobot senzura va matbuot nazorati mavzusini ham ko’targan. Unga ko’ra, mamlakatda mustaqil matbuot organlari ko’paygani bilan davlat hamon ularning faoliyatini nazorat qiladi, davlat matbuoti esa hukumat siyosatini aks ettirishga majbur, ayrim axborot saytlari ma’lum muddatga bloklangan, avgust va sentabr oylarida bir necha bloger hibsga olingan.

Davlat departamentining O’zbekistonda inson huquqlariga bag’ishlangan hisobotida ko’plab boshqa mavzu va muammolar ham yoritilgan. Hujjatning ingliz tilidagi nashri bilan bu yerda tanishish mumkin.

Hisobot e’lon qilinganidan ma’lum muddat o’tgach, odatda, AQShning O’zbekistondagi elchixonasi hisobotni o’zbek tiliga tarjima qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG