Breaking News

Vengriya Shvetsiyani hamon NATOga qo’ymayapti


Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban

NATOga a’zo ayrim davlatlar Vengriyadan Shvetsiyaning alyansga a’zolik bo’yicha arizasini tezroq ma’qullashni so’ramoqda. Joriy hafta Bosh vazir Viktor Orbanning “Fidesh” partiyasidan qonunchilar parlamentda masala bo’yicha ovoz berishdan bosh tortdi.

Xalqaro hayot - 8-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:00 0:00

NATOga 25 yil oldin a’zo bo’lgan Vengriya Turkiya Shvetsiya arizasini ma’qullashi ketidan bunga to’siq bo’lib turgan yagona mamlakatdir.

Vengriya parlamenti hozir ta’tilda, biroq muxolif qonunchilar dushanba kuni favqulodda majlisga to’planib ovoz bermoqchi bo’ldi. “Fidesh” vakillari jarayonda qatnashishdan bosh tortdi.

“Bir tarafdan “Fidesh” vaziyatni to’g’ri tushunmayapti deb o’ylashimiz mumkin, ammo ikkinchi tarafdan hozirgi vaziyatdan manfaat ko’rayotgan faqat bir odam bor – Rossiya Prezidenti Vladimir Putin. Janob Orban unga iltifot ko’rsatyapti”, - deydi muxolif qonunchi Tomposh Marton.

Vengriyaning NATOdagi ittifoqchilari ham unga bosim qo’ymoqda. AQShning Vengriyadagi elchisi Deyvid Pressman parlamentda dushanba kungi majlisdan so’ng fikr bildirdi.

“Bosh vazir qonunchilarni bir joyga to’plab, masalani imkon qadar tezroq hal qilishga da’vat etishga va’da bergan. Bugun shunga imkoniyat bo’lgan edi. Vengriya tezroq harakat qiladi degan umiddaman”, - dedi Amerika diplomati.

AQSh Senatida Tashqi aloqalar qo’mitasining raisi Ben Kardin Vengriyani NATOning ishonchga eng kam sazovor a’zosi deb atadi va AQSh uni sanksiyalar bilan jazolashi kerakligini aytdi.

Germaniya rasmiylariga ko’ra, Vengriya uchun Shvetsiya arizasini ma’qullash NATO alyansiga sadoqatdan dalolat bo’ladi.

Orban biror talab bilan chiqgani yo’q, ammo Shvetsiyaning Vengriyada demokratik jarayonlarga tanqidi yuzasidan norozilik bildirmoqda.

Unga ko’ra, “Fidesh” partiyasidan deputatlar Shvetsiya arizasini ma’qullashdan oldin bu mamlakat bosh vaziri bilan Budapeshtda gaplashmoqchi.

“Agar bu masala shvedlar uchun muhim bo’lsa, ular Budapeshtga albatta yetib keladi. Yoki vengriyalik qonunchilar ko’nglini olishga qaratilgan biror chora qabul qilishadi”, - deydi Vengriya bosh vaziri idorasining rahbari Gergeli Gulyash.

Shvetsiya bosh vaziri Budapeshtga masala hal bo’lganidan keyin borishini ma’lum qildi.

“Fidesh” va Orban boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Endi esa xatolarini tuzatishga ojizlik qilishyapti, chunki diqqat markaziga tushib qolishdi va bu vaziyatdan obro’ni yo’qotmasdan chiqa olishmaydi. Jamoatchilikning biror shakldagi e’tirofini qozonmaguncha Orban masalani hal qiladi deb o’ylamayman”, - deydi Budapeshtdagi “Siyosiy kapital” tahlil markazidan Peter Kreko.

Vengriya parlamenti ta’tildan 26-fevral kuni qaytadi. Shvetsiyaning NATOga a’zolik arizasiga qayta ovoz berish qachon o’tkazilishi hozircha noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG