Breaking News

Yevropa Ittifoqi Turkiyani o’z safiga qabul qilishga tayyormi?


Xabarlarga ko’ra, Turkiya Yevropa Ittifoqiga qo’shilish harakatlarini jonlantirishi mumkin. Jarayon bir necha yil oldin to’xtab qolgan. Unga turtki berish maqsadida Prezident Rajab Toyib Erdog’an viza tartibini erkinlashtirish va yangi savdo kelishuvini olg’a surishga harakat qilmoqda.

Xalqaro hayot - 15-dekabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:26 0:00

“Bojxona ittifoqini zamonaviylashtirish ustuvor vazifalardan biri, ayniqsa Turkiya iqtisodiyotining ayanchli holatini hisobga olganda. Bu borada muzokara boshlansa, sarmoyadorlarda ishonch kuchayadi, Turkiyaga xalqaro bozorlarda ishonch kuchayadi”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Berkay Mandiraji.

Bryusselda ikki kundan beri o’tayotgan Yevropa Ittifoqi sammitidan oldin tashkilotning tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borel Anqaraning viza siyosatini ochiqroq qilish va yangi bojxona ittifoqini tuzish rejasini qo’llab-quvvatlab chiqdi. Biroq tahlilchilar nazarida, Yevropa rahbarlarining Ukraina bilan ovora bo’lib qolgani va tashkilotni sharq tomon kengaytirishga e’tibor qaratayotgani Turkiya intilishlariga g’ov bo’lishi mumkin.

“Ikkita asosiy muammo mavjud. Biri Yevropaning siyosiy diqqati hozir Ukrainaga qaratilgan. Ikkinchisi shuki, Yevropada Germaniya kabi yirik mamlakatlar hozir ichki muammolarni boshdan kechirmoqda”, - deydi Iqtisodiyot va tashqi siyosatni o’rganish markazidan Sinan Ulgen.

Hozir Yevropada qit’aning Turkiya bilan yaqinlashuviga qarshi siyosiy kuchlar hokimiyatga kelmoqda, kelasi yili Yevropa parlamentiga saylovlar o’tkaziladi.

Turkiyaning inson huquqlari bobidagi siyosatidan norozi Bryussel Anqaraning Yevropa Ittifoqiga a’zolik istiqbollariga to’siq qo’ygan. Agar Turkiya tashkilot bilan viza, savdo va bojxona masalalarida kelishishni istasa, inson huquqlari masalasida Yevropa Ittifoqining ayrim talablarini bajarishga majbur.

Shu bilan birga NATO Shvetsiyaning alyansga a’zolik uchun arizasiga Turkiya ratifikatsiyasini kutarkan hamda Anqara Yevropaga bormoqchi bo’lgan migrantlar uchun darvoza vazifasini bajararkan, Erdog’an mana shu omillarni ishga solishi mumkin.

“Turkiya va Yevropa Ittifoqi bir-biriga kerakdir. Har safar ikki taraf aloqalari soviganida biror jug’rofiy yoki xavfsizlik muammosi kelib chiqib, Yevropa Ittifoqi Turkiya yordamiga ehtiyoj sezadi. Turkiyaning jug’rofiy joylashuvi, harbiy qudrati, qo‘shnilari bilan aloqalari katta ahamiyatga ega”, - deydi O’kan universitetidan Zaynab Olimdor.

Tahlilchilarning bashorat qilishicha, Yevropa rahbarlari Erdog’anning savdo va viza masalalaridagi qisqa muddatli iltimoslarini qondirgan holda Yevropa Ittifoqiga qo’shilish kabi uzoq muddatli masalani yana qoldirishga qaror qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG