Breaking News

Yangi hisobot Qozog'istonni kelajak haqida ogohlantirmoqda


Qozog'iston prezidenti, 73 yoshli Nursulton Nazarboyev Sovet davridan buyon mamlakatni boshqarib keladi.
Qozog'iston prezidenti, 73 yoshli Nursulton Nazarboyev Sovet davridan buyon mamlakatni boshqarib keladi.
Tabiiy boyliklar tufayli iqtisodiy o’sishga qaramay Qozog’iston islohotlarga muhtoj. Ish joyidagi sharoitlardan norozi fuqarolar ko'p. Ijtimoiy tafovutning kuchaytishi, boy va kambag'allar orasidagi jarlikning chuqurlashishi va islomiy guruhlarning faollashishi mamlakat barqarorligiga tahdid solmoqda. Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhi (International Crisis Group) chiqargan yangi hisobot xulosalaridan biri.

“Qozog’iston: o’zgarish ilinjida” deb nomlangan tahlilnomada 73 yoshli prezident Nurzulton Nazarboyevning kelajagi, uning davr nihoyasiga yetayotgani va barqarorlik istiqbollari xususida so'z boradi.

Nazarboyev hukumati Qozog’istonning xalqaro energiya manbalari bozoridagi o’rnini mustahkamlashga muvaffaq bo’ldi. Ammo siyosiy institutlar zaif, korrupsiya chuqur ildiz otgan, matbuot senzura qilinadi va so’z erkinligi hamda boshqa inson huquqlari cheklanadi.

Shunday ekan, xalq orasida siyosatdan norozilar ko’paymoqda. Nazraboyev oldida turgan asosiy vazifa - hokimiyatni tinch yo’l bilan boshqa odamga uzatish, deyiladi hisobotda.

2014-yil yakunida xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etar ekan, Markaziy Osiyodagi barqarorlik ham savol ostida qoladi. Yosh qozoqlar qo’shni mamlakatlardagi tengdoshlari kabi jihodni maqsad qilib olgan harakatlar saflariga qo’shilgan va bu g’oyalarni vataniga olib kelishga urinishi mumkin.

Hisobotning asosiy xulosalari quyidagicha:

  • Qozog’iston 2010-yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti sammitiga mezbonlik qilganidan buyon siyosiy va shaxsiy erkinliklarni cheklashga qaratilgan qonunlarni amalga kiritdi. Muxolifat a’zolari, ommaviy axborot vositalari va fuqaroviy jamiyat hukumatni tanqid qilgani uchun hibsga olinadi yoki jarima shaklida jazolanadi. Hokimiyatning kichik bir guruh qo’lida mujassamlangani, siyosiy institutlarning zaifligi va iqtisodiy o’sishning, asosan, Ostana va Almatida so’nggi 22 yilda erishilgan yutuqlarni puchga chiqarishi mumkin.

  • Yosh qozoqlar, xususan, g’arbiy viloyatlarda yashovchilar uchun siyosiy norozilikni ifoda etish hamda hukmron tabaqadan farq qiladigan shaklda o’zini anglash uchun islom asos bo’lib xizmat qilmoqda.

  • Nazarboyevdan keyingi davrda hukumat cho’qqisidagi shaxs yoki guruh hokimiyatni saqlab qolish uchun nazoratni kuchaytirishga majbur bo’ladi. Qozog’iston siyosiy institutlari raqobat yoki ko’p fikrlilikka moslashmagan. Siyosiy va iqtisodiy elitalar orasida ichki kurashlarning vujudga kelishi, demak, vaziyatning beqarorlashishi ehtimoli juda katta. Xalq namoyishlari boshlangan holda norozilarga nisbatan qattiqqo'lligi bilan tanilgan xavfsizlik xizmati yanada keskinroq choralar qo’llashi mumkin.

  • Nazarboyev o’zining hokimiyatni uzatish rejasini oshkor etishi va tushuntirishi kerak. G’arb inson huquqlariga hurmat bilan yondashishni talab qilsin. Bu ma’noda mamlakatda hech qanday siljish bo’lmasa, Qozog’istonning 2017-2018-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashida o’ringa egalik qilishi qo’llab-quvvatlanmasligi lozim.

“Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmasa, Qozog’iston ulkan tabiiy boyliklari tufayli erishgan yutuqlarni saqlab qololmagan yana bir avtoritar rejimga aylanishi mumkin”, - deydi Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhi Markaziy Osiyo dasturi direktori Didra Tinan.

Qozog'iston hukumati pozitsiyasi shuki, mamlakat to'g'ri yo'ldan ketmoqda va istiqbol buyuk. Iqtisodiy taraqqiyot birinchi o'rinda, deydi rasmiylar. Xalq Nazarboyevga ishonadi va tayanadi. Ularning aytishicha, davlat rahbari vaqti kelganida demokratik ravishda, ya'ni fuqaro ovozi bilan o'zgaradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG