Ayrim shaharlar hujjatsiz muhojirlarni Trampdan himoya qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Yarim million noqonuniy muhojir yashovchi Nyu-York shahrida huquq faollari va shahar meri ularni himoya qilishga va'da bermoqda. Donald Tramp prezidentlik vazifasini boshlar ekan, muhojirlar orasida xavotir oshgan.

Donald Tramp prezident bo'lgach, jinoyat sodir etgan 2-3 million hujjatsiz muhojirni mamlakatdan haydashga va'da bergan. Bu esa immigrantlarga xizmat qilib kelgan Jadson kabi cherkov jamoasini xavotirga solmoqda.

"Seshanba va payshanba kunlari o'nlab odam yaqinlari hibsga olingani yoki deportatsiya qilinayotgani haqida yordam so'rab keladi", - deydi rohiba Donna Skaper.

Nyu-York muhojirlarni himoya qiladigan 40 shahardan biri. Ular federal organlarning deportatsiya ishlariga yaqindan yordam bermaydi. Bunday siyosatga immigratsiya nazoratini kuchaytirish tarafdorlari qarshi.

"Ko'p hollarda xavfli, zo'ravon jinoyatchilarni bu yerga noqonuniy kelgani uchun himoya qilyapmiz".

Respublikachi senator Pet Tumi agar shaharlar federal organlar bilan hamkorlik qilmasa, ularga mablag' bermaslikni taklif qildi. Donald Tramp saylov kampaniyasi davrida bu taklifni olqishladi.

"Federal hukumat bilan ishlashdan bosh tortuvchi shaharlarga soliqchilar puli berilmaydi. Kongress bilan bu holatning oldini oladigan qonun tayyorlaymiz", - dedi Tramp.

"Shaharlarning muhojirlarni himoya qilish siyosati aslida odamlarning oyog'idan chalishga xizmat qiladi".

Nyu-York shtati qonunchisi Ron Kastorina shahar meri Bil de Blazioni Tramp ma'muriyati bilan ishlashni xohlamayotganlikda ayblaydi. Unga ko'ra, hozirgi siyosat shaharlar xavfsizligi uchun ziyon.

"Odamlar qayerdan kelgan, bu yerda nima qilyapti, bilib bo'lmaydi. Bu esa yomon odamlarning kirib kelishiga imkoniyat yaratadi", - deydi u.

Nyu-York immigratsiya koalitsiyasi vakili Frensis Mediga ko'ra, kattaroq xavf aslida muhojirlar jinoyat haqida xabar berishdan qo'rqishida.

"Agar odamlar politsiyaga kelishdan qo'rqsa, o'rtada hech qanday ishonch bo'lmaydi va politsiya ham kelajakda jinoyatlarning oldini ololmaydi", - deydi u.

Ruhoniy Skaper Tramp ko'radigan choralar kelajakda kutilmagan salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishidan xavotirda.

"Agar u aytgan gaplarini qiladigan bo'lsa, immigrantlar harakati radikallashadi. Bu yaxshi narsa, ammo shu bilan birga insonlarning aziyat va jabr ko'rishi juda og'ir bo'ladi", - deydi u.

Nima bo'lganda ham, ruhoniy odamlarning bir-biriga yordam berishiga ishonadi va shundan ilhom olishini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG