Breaking News

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga umid bilan qaramoqda


Xalqaro Valyuta Jamg'armasi Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga umid bilan qaramoqda
Xalqaro Valyuta Jamg'armasi Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga umid bilan qaramoqda

Jamg'arma hisobotida aytilishicha, mintaqa davlatlari global moliyaviy tanazzuldan so'ng qaddini rostlab oldi.

Yaqinda Xalqaro Valyuta Jamg'armasi Markaziy Osiyoda iqtisodiy ahvol bo'yicha hisobot chop etdi. Unda aytilishicha, mintaqada global moliyaviy tanazzul ketidan qaddini rostlamoqda. Eksport jonlanib, ishchi migrantlar vatanga ko'proq pul jo'nata boshlagan.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi hisobiga ko'ra, mintaqada joriy yil o'sish deyarli olti foiz bo'lishi kutilmoqda. 2009-yilda bu ko'rsatkich 3,5 foiz edi. Bunga, asosan, Rossiyaning o'zini o'nglab olishi sabab bo'lgan. Bu davlatda ishlayotgan markaziy osiyolik mehnat muhojirlaridan kelayotgan pul oqimi yana o'sib, Rossiyaning mintaqa bilan savdosi oshgan, jahon bozorida tabiiy boyliklar narxi ko'tarilgan.

Jamg'armaning Markaziy Osiyo bo'yicha bo'limi mudiri muovini Deyvid Ovenning aytishicha, umuman olganda, manzara ijobiy, ammo ayrim davlatlarning 2009-yildan oldingi ahvolga qaytishiga hali bor.

"Markaziy Osiyo va Kavkazda iqtisodiy tiklanish kuzatilyapti. 2010-2011-yillarda 5-6 foiz atrofida bo'lishi kutilmoqda. Hukumatlarning moliyaviy rag'bat dasturlari qisman ish beryapti", - deydi Oven.

Jamg'arma hisobotiga ko'ra, iqtisodiy o'sish asosan gaz va neftni eksport qiluvchi davlatlar orasida kuzatiladi. Ozarbayjonda 4,5 foiz, Turkmanistonda 9,5 foiz. 2011-yilda bir barrel neft 80 dollarda turishi bashorat qilinar ekan, iqtisodiy o'sish ham o'zgarishsiz qolishi aytiladi.

Qirg'izistonda bu yil sodir bo'lgan siyosiy va etnik zo'ravonliklar iqtisodiyotga salbiy ta'sir qilgani sabab o'sish 3,5 foizga tushgan, ammo kelasi yili 7 foizga ko'tarilishi bashorat qilinmoqda.

Jamg'arma hisobicha, Tojikiston iqtisodiyoti 2009-yilga qaraganda ikki foizga rivojlanib, 5,5 foizni tashkil qiladi. O'zbekistonda bu raqam 8 foizga teng bo'ladi.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasiga ko'ra, ishsizlik va ish kuchining yetishmasligi mintaqa uchun jiddiy muammo.

Deyvid Ovenning aytishicha, ba'zi mamlakatlar fuqarolari xorijda ishlash uchun chiqib ketgan.

"Masalan, Tojikistonda mehnatkashlar soni 50 foizga qisqargan. Aksariyat respublikalarda hukumatning biznesga aralashuvi va biznes muhitning sustligi ham ishsizlikka yetaklagan omillardan. Xususiy tadbirkorlik va bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni jadallashtirish kerak", - deydi jamg'arma vakili.

Inflyatsiya global moliyaviy inqiroz davridan beri ancha barqarorlashgan, biroq bug'doy narxining ko'tarilgani vaziyatni yana beqarorlashtirishi mumkin.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi hisoboti mintaqa farovonligini bevosita rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga bog'laydi. Xarid qilish quvvatining sustligi, xususan, mintaqada neft va gazga bo'lgan talabni pasaytiradi.

Jamg'arma mutaxassisi Deyvid Ovenning maslahat berishicha, mintaqa hukumatlari aholini, xoh kredit olish, xoh depozit qo'yish bo'lsin, dollar kabi xorijiy valyuta emas, balki o'z milliy pul birligidan ko'proq foydalanishga rag'batlantirishi kerak.

"Dollarga keragidan ortiq tayanish moliyaviy zaiflikka yetaklaydi", - deydi mutaxassis.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasining Markaziy Osiyo bo'yicha eksperti Deyvid Oven mintaqa hukumatlariga aholi uchun uzoq muddatli zayom va obligatsiyalar chiqarishni tavsiya qilib, shu tariqa milliy pul birligini kuchaytirish mumkin, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG