Breaking News

Malakali muhojirlar uchun AQShda ish topish osonmi?


AQShda milliondan ortiq oliy ma'lumotli muhojir kam maosh to'lovchi oddiy ishlar bilan band ekani aytiladi. Ular o'z sohasida ish topishga qiynaladi. Hatto malakali mutaxassisga muhtoj axborot texnologiyalari yo'nalishida ham. San-Fransiskoda yangi muhojirlar va ular orasidan ishchi qidirayotgan kompaniyalar uchun mehnat yarmarkasi o'tkazildi.

Silikon vodiysida mehnat yarmarkalari tez-tez bo'lib turadi. Ammo bunisi o'ziga xos. Rossiya, Eron va Eritreya kabi davlatlardan kelgan 50 nafar yangi muhojir ish qidirmoqda.

Xolid Turkmani Suriyadan, kompyuter fanlari bo'yicha diplomi bor. San-Fransiskoda to'qqiz oy davomida "qora ishlar" bilan kun o'tkazdi. Oyoq kiyim sotdi, mebel yig'di. Soatiga 10 dollar haq olib, saytlar ham yasadi.

"Bu yerda tug'ilgan odam xuddi shu ish uchun soatiga 50 dollar oladi. Juda qiynaldim, lekin men ishdan qochmayman", - deydi Xolid.

Muhojir yigit "Upwardly Global" dasturi orqali o'ziga mos ish qidirishni o'rgandi. Bu tashkilot malakali muhojirlarga AQShda qanday ish topishni o'rgatadi. Xolid hozir axborot texnologiyasi loyihasi rahbari.

"Global Upwardly" dasturi uchun ishlaydigan Emmanuel Imon AQShda ish izlashda kichik detallar muhim rol o'ynashini aytadi.

"AQShda kim bilan gaplashsangiz, ko'ziga tik qarashingiz kerak. Uchrashganda, qo'lini mahkam qisasiz. Bu o'zingizga ishonishingizni ko'rsatadi", - deydi u.

Asli nigeriyalik Imon muhojirlar qanday so'zlashishni ham o'rganishi kerak, deydi.

"Immigrantlar jamoa, guruh, kompaniya yoki tashkilot haqida gapirishadi. AQShda boshqacha, men qildim, deyishadi", - deydi Imon.

Sakkiz oy oldin Silikon vodiysiga rafiqasi bilan kelgan rossiyalik Ivan Vislov ilg'or texnologiya sohasida ish topish oson bo'lishini umid qilgan edi.

"Axborot texnologiyalari sohasida professional menejer va biznes tahlilchilarmiz. Texnologiyalar markazi bo'lgani uchun biz San-Fransiskoga, Silikon vodiysiga keldik", - deydi u.

Vislov "Yelp", "TaskRabbit" kabi kompaniyalarga ishga kirish uchun ariza bergan. Ish ko'rgazmalarida tanishlar orttirish niyatida. Shunday qilishga majbur, chunki uning oldida bundan boshqa yo'l yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG