AQSh xorijiy tadbirkorlar uchun viza dasturini kechiktiradi

  • Amerika Ovozi

Tramp ma’muriyati Amerikaga xorijiy tadbirkorlarni jalb qilish dasturini kechiktirayotgani tanqidga uchradi. Biznes yetakchilar fikricha, hukumat bu qarori bilan kashfiyotlar va yangi kompaniyalar yaratilishiga to’sqinlik qilmoqda.

Ilg’or texnologiya markazi Silikon vodiysida Trampning so’nggi qarori salbiy kutib olindi. Obama davrida tasdiqlangan loyiha shu kunlarda kuchga kirishi kutilgan edi. U xorijiy tadbirkorlarga AQShga kelib, o’z biznesini boshlashga imkoniyat beradi.

“Dunyoning turli chekkalaridan bu odamlarga eshikni yopsak, ular boshqa davlatlarga boradi. Bu degani, boshqalar yutadi, Amerika orqada qoladi”, - deydi sarmoyachi Keyt Mitchell.

Chet ellik tadbirkorlarni jalb qilish tashabbusini Obama Oq uyni tark etishi arafasida ma’qullagan edi. Ichki xavfsizlik vazirligi uning boshlanishini 2018-yilga qoldirish va keyinchalik bekor qilish taklifi bilan chiqqan.

Loyiha doirasida har yili uch ming xorijlik biznes ochish uchun Amerikaga kelish huquqini qo’lga kiritgan bo’lardi. Ikki yarim yil yoki undan ham ortiq vaqtga. Shart shuki, ochiladigan kompaniya amerikaliklarni ish bilan ta’minlashi va kamida 250 ming dollar beradigan sarmoyachi topishi zarur.

“Uch ming ishbilarmon millionlab ish o’rinlari yaratishi mumkin edi. Bu siyosiy qaror iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko’rsatishi aniq”, - deydi biznesmen Alexandro Karrasko.

Ichki xavfsizlik vazirligiga ko’ra, programma keyingi bahorgacha kechiktiriladi chunki yangi immigratsion loyihalar uchun mablag’ yo’q.

Investor Fernando Franko deydiki, Silikon vodiysi baribir eng uddaburo insonlarni jalb etishda davom etadi.

“Agar tadbirkor haqiqatan muvaffaqiyatli bo’lsa va sarmoya topa olsa, Amerika vizasini olishi qiyin emas. Albatta, bu dastur ham ishga tushishini istaymiz. Talantlar hamisha yo’lini topadi”, - deydi u.

Izlanishlardan bilamizki, AQShdagi eng yuqori qiymatli kompaniyalarning 60 foizini birinchi yoki ikkinchi avlod immigrantlar ochgan. Xususiy startaplarning 50 foiziga ham muhojirlar asos solgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG