Breaking News

Savodxonlikni oshirish yo'lida faol tashkilot


Bangladeshdagi qizlar "Qiroatxona" tashkilotidan olingan kitoblar bilan.
Bangladeshdagi qizlar "Qiroatxona" tashkilotidan olingan kitoblar bilan.
Yer ahlining 800 millioni savodsiz, aksariyati kambag’al mamlakatlarda yashaydi. Ularning uchdan ikki qismi xotin-qizlar. “Microsoft” kompaniyasining sobiq rahbari bu raqamlarni kamaytirishga bel bog’lagan. Jon Vud va u asos solgan “Qiroatxona” nodavlat tashkiloti shu kunga qadar dunyoning eng qashshoq burchaklarida 1650 ta yangi maktab va 15000 ta kutubxona ochdi.

Bolalar savodxonligini oshirish yo'lida, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:44 0:00
Yuklab oling
1998-yilda Nepalga dam olish uchun borgan Jon Vud tog’li bir qishloqdagi maktab direktori bilan tanishib qoladi va borib uning maktabini ko’radi.

Bu voqea “Microsoft” kompaniyasining o’sha paytdagi rahbari Vudning hayotini butunlay o’zgartirib yuboradi.

“Maktabda 450 o’quvchi bo’lsa-da, birorta ham kitobi yo’q ekan. Kutubxona bor, lekin bo’m-bo’sh edi”, - deydi u.

Vud o’shanda bu kutubxonani kitob bilan to’ldirishga va’da beradi.

Oradan bir yil o’tgach, u yana shu qishloqqa qaytadi. Bu safar ustiga 3000 ta kitob yuklangan ho’kizlar bilan. Bu faqat boshlanishi edi. Vud “Microsoft” kompaniyasidagi ishidan bo’shab, yiqqan pulini nodavlat tashkiloti qurishga sarflaydi. Shu tariqa yuzaga kelgan “Qiroatxona” tashkiloti dunyoda har bir bola savodli bo’lishi kerak, degan aqida asosida ish yuritadi. Bugunga kelib Vud Osiyo va Afrikaning 10 mamlakatida faol ish olib bormoqda.

“Erishgan yutuqlarimiz hayratga soladi odamni. Jahon miqyosida faoliyat yuritadigan tashkilot tuzdik. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar ta’limi sohasida katta muvaffaqiyat qozondik”, - deydi Vudning hamkori Erin Ganju.

Ganju “Qiroatxona” asoschilaridan. Tashkilotning asosiy maqsadi savodxonlik, lekin jinsiy tenglikka ham e’tibor qaratamiz, qizlarga bilim beramiz, deydi u.

“Qizlarning nafaqat boshlang’ich va o’rta maktabda o’qishini ta’minlash bo’yicha, balki ularga yana boshqa jabhalarda ham yordam beramiz. Qizlar uchun namuna bo’lib xizmat qiladigan taniqli ayollar ularga muallimlik qiladi. Darslardan keyin turli to’garaklar uyushtirganmiz. Ular maqsadga erishish, liderlik qobiliyati va muammoni yechish kabi sohalarda bilimini oshiradi”, - deydi Ganju.

Qars ikki qo’ldan chiqadi, deganlaridek, “Qiroatxona” mahalliy guruhlar bilan hamkorlik qiladi. Tashkilot pul, kitoblar ajratsa, mahalliy hokimiyat yer beradi, ota-onalar maktab qurishda yordamlashadi, mamlakat ta’lim vazirligi o’qituvchi va kutubxonachilarga maosh to’laydi.

Kitoblarni mahalliy yozuvchilar yozadi, mahalliy rassomlar ular uchun surat chizadi.

“Natijadan juda mamnunman, chunki maktabimizda va hatto mening sinfimda bolalar savodxonligi ancha oshdi”, - deydi muallimalardan biri Agnes.

U Zambiyadagi maktabda o’qituvchi va kutubxonachi bo’lib ishlaydi.

“O’zgarishlar katta. Juda xursandman. Ko’p mehnat qilish kerak, albatta. Har bir o’quvchiga kutubxonadan foydalanishni o’rgatish va buni singdirish lozim”, - deydi u.

Tashkilot yuz tutayotgan yagona muammo – yordam so’rab murojaat qilayotganlarning ko’pligida, deydi Jon Vud. Yuzlab mahalallar bizga ham yordam bering, bizda ham savodxonlik dasturini boshlang, deb murojaat qiladi. Lekin ilojimiz yo’q, vaholanki, har bir bolaga “ha”, deb javob bergimiz keladi, deydi u.

2015-yilga borib “Qiroatxona” tashkiloti orqali harf tanigan bolalar soni 10 millionga yetadi. Bu boshida rejalashtirilgan muddatdan besh yil ertaroq.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG