Breaking News

Amerikaning rang-barang tarkibli yangi Kongressi ish boshlamoqda


AQSh Kongressining yangi tarkibi, 14-noyabr, 2018-yil

Demokratlar va respublikachilar o’rtasida ikkiga bo’lingan yangi parlament 3-yanvar kuni AQSh Kongressida qasamyod qabul qilmoqda.

So’nggi ikki yil mobaynida Oq uy, senat va Vakillar palatasi respublikachilar nazoratida bo’ldi. Demokratlar bu safar Vakillar palatasida ko’pchilikni tashkil etmoqda.

O’tgan yilning noyabr oyida bo’lib o’tgan oraliq saylovlar natijasiga ko’ra, demokratlar Vakillar palatasida 435 o’rindan 235 tasini egallashga muvaffaq bo’lgan. Respublikachilar Senatda qo’shimcha ikkita o’ringa ega chiqdi. Yangi senatda 53 respublikcahi, 47 demokrat faoliyat yuritadi.

Demokratlardan Nensi Pelosining Vakillar palatasi spikerligiga saylanishi kutilmoqda. U mazkur lavozimda 2007-2011-yillarda faoliyat yuritgan. Pelosi AQSh tarixidagi yagona ayol spiker. Shuningdek, u partiyasi saylovlarda mag’lubiyatga uchragach Vakillar palatasida ko’pchilik o’rinni egallashi natijasida spikerlikka qaytgan yagona shaxsga aylanadi.

Ayrim demokratlar partiyaga yangi liderlar boshchilik qilishini istamoqda. Pelosi partiyadoshlaridan zarur dastak evaziga mazkur lavozimda to’rt yildan ortiq qolmaslikka va’da bergan.

Demokratlar liderlaridan Nensi Pelosi
Demokratlar liderlaridan Nensi Pelosi

Yangi Kongress tarkibi AQSh tarixidagi eng turfa toifalardan iborat.

Nyu-yorklik Aleksandriya Okasio-Kortez Amerika parlamentiga saylangan tarixdagi eng yosh ayol. U 29 yoshda. Kongressdan ilk bor ikki musulmon ayol o’rin egallagan – michiganlik Rashida Tolib va minnesotalik Ilhan Omar. Shuningdek, tarixda ilk bor ikki tub amerikalik ayol – nyu-meksikolik Deb Xaaland va kanzaslik Sheris Devidslar Kongress tarkibiga qo’shilgan. Shuningdek, yangi Kongressda jinsiy oriyentatsiyasi noan’anaviy bo’lgan qatlam vakillaridan 10 ta qonunchi ham faoliyat yuritadi.

Umumiy hisobda, ayollar Vakillar palatasida 102 ta, Senatda 25 ta o’rinni egallagan.

Ayni damda davlat byudjetini qabul qilish bo'yicha hukumat faoliyati qisman to’xtatilgan. Yangi Kongress ana shu dolzarb masalani hal etishi va hukumat operatsiyalarining to’xtab turgan chorak qismini ishga tushirishi lozim. Biroq respublikachilar va demokratlar o’rtasida davlat xarajatlariga doir murosadan hanuz darak yo’q.

Bundan tashqari, demokratlar Vakillar palatasi qo’mitalarini nazorat qilish vakolatidan foydalanib, Tramp ma’muriyati faoliyatiga doir ayrim tergov-surishtiruv ishlarini amalga oshirishni maqsad qilgan. Bular amaldagi prezidentning daromad soliqlarini, Adliya vaziri Jef Seshnsning ishdan olinishini hamda Trampning Rossiya Prezidenti Valdimir Putin bilan aloqalarini tekshirish kabi masalalarni o’z ichiga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG