Breaking News

Hindiston: saylov mavsumida musulmonlarga qarshi kayfiyat avj oldi


Hindistonlik musulmonlar saylov uchastkasida, Varanasi, Hindiston, 2019-yil, 19-may
Hindistonlik musulmonlar saylov uchastkasida, Varanasi, Hindiston, 2019-yil, 19-may

Saylovchilar orasida o'tkazilgan so'rov natijasiga qaraganda, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikkinchi muddatga o'z lavozimida qoladi.

Millatchilikka yo'g'rilgan saylov kampaniyasi davomida Modi o'zini Hindistonni boshqarishga va Pokistonni jilovlashga qodir qat'iy rahbar sifatida ko'rsatishga harakat qildi. Uning partiyasi 545 o'rinli parlamentda 300 dan ortiq o'rinni qo'lga kiritishi kutilmoqda.

Ovoz berish huquqiga ega 900 million saylovchining ovozlarini sanash jarayoni 23-may kuni tugaydi.

Ozchilik guruhlarga hujumlar

Inson huquqlari tashkilotlari Hindistonda nafratga asoslangan hujumlar ko'paygani haqida bong urmoqda.

"Ozchilik guruhlarda, xususan musulmonlar va dalitlar orasida qo'rquv kuchaygan", - deydi "Human Rights Watch" tashkilotidan Jayshri Bajoriya.

Uning aytishicha, hukmron Bxaratiya Janata partiyasi (BJP) yetakchilari o'z chiqishlarida hujumchilarni maqtab, hindular ustunligi va ultra-millatchilikni targ'ib qilib, zo'ravonlikka hissa qo'shmoqda.

Hukumat ozchilikdagi diniy jamoalarga qarshi hujumlarni bartaraf eta olgani ham, ishonchli tarzda tekshira olgani ham yo'q, deydi kuzatuvchilar. BMT Inson huquqlari kengashi mart oyidagi hisobotida Hindiston hukumatini tanqid qilgan.

Musulmonlar ko'pincha hinduizmda muqaddas hisoblangan sigirlarni sotish, tashish, iste'mol qilish va so'yishda gumon qilinib, olomon hujumiga uchraydi.

"Human Rights Watch"ga ko'ra, 2015-2018-yillar orasida kamida 44 kishi sigirlarga aloqador zo'ravonliklarda o'lgan, shundan 36 nafari musulmonlar.

O'tgan oy 68 yoshli musulmon Shavkat Ali mol go'shti bilan savdo qilganlikda ayblanib hindular tomonidan o'rab olingani va unga cho'chqa go'shti yedirilgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Millatchilik

Ba'zi tahlilchilar Hindistonda musulmonlarga qarshi zo'ravonlikni avj oldirishda hukumatning induizm, ya'ni hindutva mafkurasiga yon bosishini sababchi deb biladi.

"O'zbochimcha guruhlar hukumatning quvvatlovini his qiladi, chunki BJP rasmiylari o'z chiqishlari va xatti-harakatlari bilan hindularga yon bosadi, hujumlarni oqlashga harakat qiladi", - deydi "Human Rights Watch" vakili Jayshri Bajoriya.

Milliy Kongress muxolif partiyasiga ko'ra, hukumat nafratga asoslangan siyosat olib bormoqda.

"Musulmonlarga qarshi hujumlar oshganiga BJPning mentatileti sababchi. Bu partiya mamlakatni kim qaysi dinga e'tiqod qilishiga qarab bo'lib tashlamoqda", - deydi Milliy Kongress so'zlovchisi Pavan Xera.

Hindiston hukumati bunday ayblovlarni rad etadi.

"Siyosiy raqiblarimiz tarqatayotgan safsata bu. Ayrim guruhlardan kelayotgan asossiz gaplar o'rniga aniq dalillarni keltirsangiz, izoh berishim mumkin", - dedi BJP so'zlovchisi Narasimxa Rao "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Aksil-musulmon kampaniya

Ayrim ekspertlar ta'biricha, BJPning biror chora ko'rmasligini, chetdan qarab turishini amaldagi vaziyatdan qoniqish deb talqin qilsa bo'ladi.

"Hindu millatchiligi, hukumat ataylab musulmon aholiga nisbatan salbiy kayfiyatlarni gij-gijlashi mamlakatni bo'lib qo'yadigan xavfli o'yindir", - deydi professor Ashok Sveyn.

Bosh vazir Narendra Modining siyosati shundayki, doim Hindiston Pokistonga qarshi, hindular musulmonlarga qarshi, hindistonliklar kashmirliklarga qarshi, deydi Sveyn.

Ayrim mulohazalarga ko'ra, BJP aslida musumonlarga qarshi urushda emas, balki saylovda g'olib chiqish uchungina aksil-musulmon kayfiyatlardan foydalanmoqda.

"Har qanday partiya va Hindiston hukumati musulmonlarsiz ishlay olmaydi. Modi buni tushunadi. BJPning xatti-harakatlari saylov mavsumi bilan bog'liq", - deydi sharhlovchi Rajiv Sharma.

Shu oy oxiriga borib Hindistonda yangi hukumat e'lon qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG