Breaking News

"Islomiy davlat" Indoneziyada ham xavotirlarga sabab bo'lmoqda


So'nggi yillarda Indoneziya hukumati terror xavflariga qarshi politsiya reydlarini o'tkazdi, aybdorlarni sudga tortdi. Bu yondashuv shu paytgacha muvaffaqiyatli kechayotgan edi. Ammo Yaqin Sharqda bo'y cho'zgan "Islomiy davlat" guruhi dunyoning eng ko'p musulmon aholisiga ega davlatda yangi beqarorliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Indoneziyada terrorizm xavfi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:32 0:00

Poytaxt Jakarta yaqinidagi "Al-Hikam" maktabida yoshlar radikal ideologiyaga qarshi mo'tadil islom bilan qanday kurashish yo'llarini o'rganmoqda.

Hukumat moliyalayotgan bu dastur rahbari Orif Zamhariyning aytishicha, yoshlar o'qishni bitirgach, mamlakat bo'ylab masjidlarda ma'ruza o'qiydi.

"Jamiyatimiz orasida tinchlikni targ'ib etuvchi islom "virus"ini tarqatyapmiz. Muammo shundaki, odatda, radikallarning ovozini ko'proq eshitamiz. Mo'tadil guruhlar bosh ko'tarib gapirishga o'rganmagan", - deydi u.

So'nggi bor Indoneziyada xuruj 2009-yilda sodir etilgan edi. Jakartadagi ikkita mehmonxona nishonga olindi o'shanda. "Jamia Islomiya" va Janubi-sharqiy Osiyoning "al-Qoida"ga aloqador boshqa jangari guruhlari uzoq yillar mamlakat barqarorligiga tahdid solgan.

Hukumat terrorchilar yetakchisi Abu Bakr Bashirni hibsga olish orqali tahdidlarga barham berishning uddasidan chiqdi. Sud jarayoni zo'ravonlikka qarshi jamoatchilik fikrini kuchaytirdi.

Ammo yaqinda "Islomiy davlat" safida jang qilayotgan indoneziyalik jangari videomurojaat chiqarib, vatandoshlarini hukumatga qarshi bosh ko'tarishga undadi.

Jakartadagi Mojarolarni tahlil qilish instituti olimi Sidni Jounsning aytishicha, video hukumat uchun jiddiy ogohlantirish bo'ldi.

"Indoneziyaliklar ilk bor "Islomiy davlat"ni milliy suverenitet uchun tahdid sifatida ko'rdi. Bu jiddiy munozaralarga sabab bo'ldi. Aslida xavf birdaniga paydo bo'lgani yo'q", - deydi u.

O'shandan beri politsiya guruhga aloqador bir necha mahalliy fuqaroni qo'lga olib, qo'shni mamlakatda qo'zg'olonga yordam bergani uchun sudga tortdi. Hukumat, shuningdek, Suriyada jang qilayotgan qariyb 150 fuqarosini Indoenziya pasportidan mahrum qilishi mumkin.

Ayrim ulamolar mamlakatdagi diniy ta'lim uchun chetdan, xususan, Saudiya Arabistoni va Erondan mablag' kirib kelishiga to'siq qo'yish lozim, degan fikrda. Ammo bunday taqiq nasroniy tashkilotlariga ham taalluqli bo'ladi.

Sidni Jounsning aytishicha, Indoneziyada musulmon aholining asosiy qismi "Islomiy davlat"dan qattiq dahshatda.

Indoneziya oxirgi besh yilda biror terror xurujiga guvoh bo'lgani yo'q. Ammo "Islomiy davlat" guruhi safida indoneziyaliklarning paydo bo'lishi mamlakatning terrorga qarshi kurashi hali to'xtamasligidan dalolat beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG