Breaking News

Inflyatsiya Turkiyada saylov natijasiga qanday ta'sir qiladi?


Turkiyada inflyatsiya darajasi yuqori bir paytda Prezident Rajab Toyib Erdog’anning may oyiga belgilangan saylovda ishonchli g’alaba qozonishi hozircha savol ostida.

Xalqaro hayot - 14-aprel, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:40 0:00

Ramazon oyida iftorda taklif etilayotgan tekin taom ayrim muhtojlarga bir oz bo’lsa-da yordam bo’lyapti. Ular hayot og’irlashganidan shikoyat qilmoqda.

“Shuncha odam oz miqdordagi yegulik uchun nega navbatda turibdi deb o’ylaysiz? Narxlar oshib ketdi. Ijara haqqi, iqtisodiyot. Odamlar qiynalyapti”, - deydi istanbulliklardan biri.

Muxolif hokim boshqaruvidagi Istanbul ma’muriyati aholiga bepul oziq-ovqat tarqatmoqda. Muxolifat nazoratidagi boshqa yirik shaharlarda ham shunday.

Parlament va prezident saylovlari yaqinlashar ekan, muxolifat inflyatsiya darajasi 55 foizdan oshib ketganiga e’tibor qaratadi. Ular Prezident Erdog’anni inflyatsiyani nazorat qilish uchun foiz stavkalarini ko’tarish o’rniga tushirayotganlikda ayblaydi.

“Ahvol chatoq. O’tkazilayotgan har bir ommaviy so’rovda so’ralganlarning salkam 80 foizi iqtisodiy vaziyatdan noliydi. Ular hayot so’nggi bir yilda yomonlashganini aytadi. 60 foizi esa ahvol keyingi 12 oyda yanada yomonlashadi degan fikrda”, - deydi tahlilchi Atilla Yeshilada.

Shahardagi bozorda mahsulotlarini sotayotgan dehqonlar xaridorlar kamayib ketganini aytadi.

“O’tgan yilgiga qaraganda narxlar ikki baravar oshdi, ayniqsa chorva ozuqasiga. Tuxum yetishtirib, uni sotish ancha qiyinlashdi. Sut ham shunday. O’ta qimmatlab ketdi”, - deydi Meral ismli fermer ayol.

“Gaz 100 foizga qimmatladi. Dalani ijaraga olgandik, ijara haqi ham juda ko’tarilib ketdi. Ishchilar haqi 150 lira edi. Hozir 400 liraga chiqdi”, - deydi yana bir dehqon.

Erdog’an boshqaruvining dastlabki yillarida iqtisodiyot misli ko’rilmagan darajada o’sdi, kuchli diniy o’rta sinf vujudga keldi. Tahlilchilarga ko’ra, ushbu tabaqa vakillari Erdog’an dunyoviy tizim tarafdorlari bo’lgan partiyalarga saylovda boy bersa, yutuqlar ham boy berilishidan xavotirda. Biroq inflyatsiyaning yuqoriligi ularning fikriga ta’sir qilishi mumkin.

“Iqtisodiy inqiroz barchaga ta’sir qilyapti va o’z navbatida qutblashish ta’sirini kamaytirmoqda. Hozir konservativ fuqarolar ham, dindan uzoq bo’lganlar ham, boshqalar ham birday zarar ko’ryapti”, - deydi tahlilchi Usmon Sert.

Hafta boshida harbiy-dengiz kuchlariga Turkiyaning ilk milliy avianosetsi qurib topshirildi. Erdog’an bu bilan mamlakatni mintaqaviy kuchga aylantirganiga ishora qilib, dindor va millatchi saylovchilar ovozini yana olishga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG