Breaking News

Xorijiy talabaga Amerikada do'st orttirish oson emas


Chet ellik talabalar
Chet ellik talabalar
AQSh oliy o’quv yurtlarida xalqaro talabalar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Ammo yaqinda e’lon qilingan bir hisobotga ko’ra, xorijlik talabalar amerikaliklar bilan do’stlashishga qiynaladi.

“Xalqaro va madaniyatlararo kommunikatsiya” jurnali chop etgan tadqiqot shuni ko’rsatganki, AQShda tahsil olayotgan chet elliklarning 37 foizi biror yaqin mahalliy o’rtog’im yo’q degan.



Tadqiqot muallifi Elizabet Garesning aytishicha, Amerikada do’st orttirmagan xalqaro talabalar vataniga tushkun va qoniqmaslik hissi bilan qaytadi.

“Amerikaliklar bilan do’st tutingan xalqaro talabalar bu yerda o’tkazgan vaqtlaridan mamnun bo’ladi. Tillari ham, o’qishlari ham yaxshi bo’ladi va Amerikaga nisbatan qarashlari yaxshilanadi”, - deydi tadqiqotchi.

AQShda do’st orttirishga eng ko’p qiynaladigan xorijliklar asosan sharqiy osiyoliklar. 52 foizining amerikaliklar orasida umuman do’sti yo’q. Buning sababi madaniyat va tildagi farqlar bo’lishi mumkin, deydi Gares.

“Sharqiy Osiyodan chiqqan talabalar madaniyati amerikaliklarnikidan ko’p jihati bilan farq qiladi. Ingliz tilida muomala qilishga qiynalishadi. Ijtimoiy aloqaga kirishish uchun gapni kichik mavzulardan boshlash madaniyati ham bu talabalar kelgan davlatlarda bo’lmasligi mumkin”, - deydi Gares.

Tadqiqotchining aytishicha, xalqaro talabalarning, dastlab, o’z mamlakatlaridan kelgan talabalar bilan do’stlashishga harakat qilishi tabiiy hol. Bu AQShdagi madaniy tafovutlarga ko’nikishga yordam beradi.

Ammo amerikaliklar bilan faol munosabat o’rnatmasa, o’qishidan qoniqishi qiyin bo’ladi, deydi u. Gares deydiki, bu hol hatto davlatlar o’rtasidagi munosabatlarga ham ta’sir qilishi mumkin.

“Xorijlik talabalar o’z yurtiga qaytib, rahbar lavozimlarga ko’tarilgach, AQSh bilan samarali aloqa o’rnatishi uchun imkon tug’iladi. Agar ularning bu yerda yaqin do’stlari bo’lmasa, xalqaro ta’limdan kutilgan eng muhim natijani boy bergan bo’lamiz”, - deydi Gares.

Xalqaro talabalarga mo’ljallangan dasturlarning aksariyati qisqa muddatli. Mahalliy va chet ellik studentlarning o’zaro munosabatlarini yanada yaxshilash uchun ularni bir-birlari bilan aloqa qilishga undovchi sharoit yaratish lozim, deydi tadqiqotchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG