Breaking News

Afg'onistonlik ziyoli: Tolibonning mamlakatni qayta qo'lga olishga kuchi yetmaydi


Turkiyada Afg'oniston muammolariga bag'ishlangan anjuman o'tkazildi.
Turkiyada Afg'oniston muammolariga bag'ishlangan anjuman o'tkazildi.
AQSh yetakchiligidagi xalqaro kuchlar Afg’onistonni asta-sekin tark etar ekan, g’anim Tolibon mahalliy armiya, NATO askarlari va tinch aholiga qarshi xurujlarni avj oldirayotgani sezilmoqda. Shimoldagi vaziyatni kuzatayotgan mahalliy mutaxassislar kuni kecha Turkiyada uchrashib, shu haqda majlis o'tkazgan. Ular nazarida toliblar bilan muzokarada g’oyat ehtiyot bo’lish kerak. "Amerika ovozi" asli kelib chiqishi Maymanalik, hozirda Turkiya teleradiokompaniyasining Afg’oniston bo’limi boshlig’i Humoyun Xayri bilan shu mavzuda suhbatda bo'ldi.

Jurnalistning bizga aytishicha, Afg'oniston xalqi Tolibon bilan muzokaralar o'tkazilishiga qarshi emas, ammo barcha jinoyatchilarga umumiy avf e'lon qilinishini noto'g'ri deb biladi.

"Sulh jarayoniga hech bir zamon muxolif bo'lmaganmiz, - deydi afg'onistonlik ziyoli. - Lekin bu jarayonda ijtimoiy adolat va inson haq-huquqlari masalasi oyoqosti bo'lmasligi kerak. Afg'oniston xalqi insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etgan ko'plab odamlarning shu sulh bahonasida qamoqlardan chiqishini istamaydi. Chunki bunday insonlar ozodlikka chiqsa, yana eski ishiga, yomon amallariga qaytadi. Hukumat ham, jarayonda ishtirok etayotgan boshqa tomonlar ham odam o'ldirgan qotillarning ozodlikka chiqib ketishiga yo'l qo'ymasligi kerak".

Humoyun Xayri 2014-yildan keyin Afg'onistonda vaziyat yaxshilanishiga umid qilishini aytadi.

Jurnalist Humoyun Xayri Anqara konferensiyasida
Jurnalist Humoyun Xayri Anqara konferensiyasida
" 2014-yildan keyingi ahvol hozirgi holatdan yomonroq bo'ladi, deb o'ylamayman. Aslida Tolibonning jiddiy zarba beradigan kuchi yo'q. Ular o'z ishlarini yanada dahshatli ko'rsatishga urinadi. Matbuot buni bo'rttirib yoritadi. Xorijiy kuchlar Afg'onistonni tark etsa, Tolibon mamlakatni qayta o'z nazorati ostiga olishga hozir kuchi yetmaydi. Ularning uyushgan tashkilot sifatidagi holi ham yo'q. Terror yo'li bilan dahshat solishga, vahshat sochishga urinishadi, xolos. Shuning uchun 2014-yildan keyin ahvol yanada yomonlashishi mumkin, degan OAV gaplariga men qo'shilmayman", - deydi afg'onistonlik kuzatuvchi.

Yana uning aytishicha, Afg'oniston xalqi Tolinbonni yoqtirmaslikda yakdil bo'lsa-da, ammo mamlakatning turli millatli xalqlari birlashib, Tolibonga qarshi bir kuch bo'lib chiqishi amrimahol.

"Haqiqat shuki, tojiklar, o'zbeklar, turkmanlar yoki turkiy xalqlarni oladigan bo'lsak, birortasida uyushgan bir tashkilot yoki maqsad yo'q, - deydi jurnalist. - Manfaatlari bir-biriga qarama-qarshi, maqsadlari faqat hokimiyat talashish. Kuchi bor, lekin milliy maqsadi yoki shu yo'lda biror loyihasi yo'q. Qaniydi, ular bir bo'lib, millat taqdiri yuzasidan harakat boshlasalar. Afsuski, bu faqat orzu. Hammasi har tomonga tortadi, ularning birlashib biror harakat boshlashiga ishonmayman".

Afg'onistonlik ziyoli Markaziy Osiyodagi qo'shni mamlakatlarni Afg'onistonning o'zini tiklab olishida yordam ko'rsatishga chaqiradi.

"Istagim shuki, ular oyoqqa turib olishimizda yordamchi bo'lsalar, - deydi u. - Ulardan ko'p narsa kutish ham to'g'ri emas aslida. Masalan, O'zbekistonning ham o'zida ichki muammolari ko'p. Agar ulardan yordam olishning imkoni bo'lsa, birinchi navbatda, ta'lim va maorif sohasida Afg'onistonga yordam berishlarini istagan bo'lardim".
Humoyun Xayri bilan suhbat, Javdat Sayhon
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:09 0:00
Yuklab oling
XS
SM
MD
LG