Breaking News

Rossiyada muhojirga kasb o'rgatuvchi markazlar bor


"Mospromstroy", "Su-155" kabi yirik qurilish firmalari qoshida o'quv markazlari bor. Biroq ta'lim uchun vaqt kerak, muhojirga esa pul, ish.

Rossiyada “Mospromstroy”, “Su-155” kabi yirik qurilish firmalari qoshida o’quv markazlari ishlab turadi. Bu o’quv markazlari haqida migrantlarga xabar beramiz, ta’lim olish, malaka oshirishga undaymiz, deydi o’zbekistonlik jamoatchi faol, o’zini Ra’no deya tanishtirgan mutaxassis.
Rossiyada mehnat muhojiri uchun kasbga o'rgatuvchi o'quv markazlari/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:15 0:00
Yuklab oling

“Ba’zi ishchi migrantlar ishlab turib, o’qishga imkon topadi. Lekin bunaqalar uncha ko’p emas. Ko’pchilik kelib, tezroq ishga joylashay, tirikchiligimni qilay, uydagilarim mablag’ kutib o’tiribdi, deb o’qishni chetga surib qo’yadi”, - deydi u.

Muhojir duradgor, montajchi, armaturachi, g’isht teruvchi va boshqa kasblarni o’rganadi. Firma migrantni o’qitib nima naf ko’radi? Suhbatdoshning aytishicha, qurilish sifati shunga bevosita bog’liq.

“Kompaniyalar yosh, tajribasiz ishchilarni o’qitishga majbur bo’ladilar. Ikkinchidan, mahalliy aholi bu ishlarga bormaydi, chetdan kelayotgan odamlar bu ishlarga odatda rozi bo’ladilar”, - deydi ayol.

Rossiyadagi kasaba uyushmalari mehnat muhojirlariga kelishdan oldin sharoitni oldindan o’rganishni maslahat beradi. Biroq odamlarni nochorlik majbur qilishini tan olish kerak, deydi suhbatdosh.

“Ish qidirib kelgan muhojir kelib o’qishga vaqt sarflay olmaydi, keliboq hujjatlarni taxt qilish kerak. Hujjatlar bepul qilinmaydi. Yashash masalasi bor, turar-joy uchun to’lash kerak. Gap ana shunda. To’g’ri kelgan ishni bajarib ketaveradilar. Qornini to’yg’azish kerak va uyga, O’zbekistonga pul jo’natish kerak”, - deydi u.

O’zbekiston rahbari yaqinda Rossiyadagi ishchi migrantlarni dangasa deb tanqid qildi. Fikringiz? - deya so’raymiz undan.

“Odamning ko’nglini og’ritadi bunaqa so’zlar. Chunki ko’cha supurib yurganlar nochorlikdan, muhtojlikdan kelganlar. Obro’liroq mehnatga qurbi yetsa, hech kim bunday og’ir mehnatga rozi bo’lmas edi. Yosh yigitlarimiz, qizlarimiz shug’ullanib yuribdi shu ish bilan. Ularni yalqov degan odam, menimcha, bilmasa kerak bu odamlarning haqiqiy hayotini, haqiqiy ahvolini, afsuski”, - deydi u.

Mutaxassisning afsus bilan tan olishicha, jamoat tashkilotlarining ta’siri salmoqli emas Rossiyada. Ayniqsa, mehnat muhojirlarining huquqini himoya qilayotgan tashkilotlarning.

“Aynan muhojirlarning huquqini himoya qiladigan tashkilotlarning o’zi juda kam. Kasaba uyushmasi bor, uning ham qo’li kaltalik qiladi, qurbi yetmaydi. Ikkinchidan, muhojirlarning o’zi murojaat qilmaydi. Ularga nisbatan qonunbuzarlik ro’y bersa, haq-huquqlari poymol qilinsa, xabarining o’zi kelmaydi jamoat tashkilotiga. Tashkilot harakat qilib, ularni himoya qilishga qurbi yetsa ham, muhojir avvalo bizni boxabar qilishi kerak. Odatda, huquqini juda sust bilgani uchun ishga jalb qilinadilar, lekin birorta hujjat to’ldirishmaydi. Mehnat shartnomasi, ish faoliyatiga ruxsatnoma kabi hujjatlar bor, lekin mehnat muhojirlarining ko’pida bu dokumentlar yo’q. Uning hujjatlari joyida bo’lmaganidan keyin odamning haq-huquqini isbotlab berish qiyin bo’ladi, shuning uchun himoya qilish ham qiyin bo’ladi”, - deydi u.

Mehnat muhojiri qancha soliq to'laydi?

O’zbekistonlik faol muhojir soliq to’lashda huquqini boy berayotgan hollar yo’q emas, deydi. Qonunga ko’ra, migrant mamlakatga kirganidan boshlab 30 foiz daromad solig’i to’laydi. Olti oydan keyin (183 kun) esa undan faqat 13 foiz soliq ushlanib qolishi kerak. Lekin muhojirlar buni o’ylab boshini qotirib o’tirmaydi, ish beruvchi ham ortiqcha tekshirib o’tirishni zarur topmaydi. Migrant ko’p soliq to’lab yuborgan, lekin o’sha farqni qaytaring, deb talab qilmagan holatlar talay.

Soxta hujjatlar ba'zida yagona yo'l

Yana bir muhim masala, soxta hujjatlar bozori. Vokzal, metrolarda gurillab chiqayotgan odamlar orasida biror qora qosh-qora ko’z ko’rindimi, darrov oldiga soxta hujjat savdogarlari oshiqadi, deydi faol.

“Soxta hujjatlarni o’zimizning yigitlarimiz ishlab chiqaradilar, xaridorlari ham o’zimizning vatandoshlarimiz. Soxta dokument arzon, yengil qo’lga kiritiladi, ko’chada yurishda ba’zan qo’l keladi. Ba’zida ish beruvchilar ham o’sha soxta hujjatga, mayli, deb rozi bo’lib, ishga oladilar. Migrantlarni rasmiylashtirmaydi, mehnat shartnomalari tuzmaydilar. Natijada ish haqini to’lamoqchi bo’lmasa yoki kamroq to’lamoqchi bo’lsa, unda muhojir zaiflik qilib o’zini himoya qila olmaydi. Lekin moddiy ahvoli og’ir muhojir soxta hujjat sotib olishga majbur bo’ladi. Ikkinchidan, haqiqiy hujjatni taxlashning o’zi juda mushkul. Ko’p vaqt, pul, asablarni talab qiladi bu masala. Rasman, to’g’ridan-to’g’ri biror joyda shartnoma imzolashni biror odam o’zi eplolmaydi. Albatta biror bir tashkilotga murojaat qilishi kerak. U tashkilotdan kvota degan juda bir qimmat narsani sotib olishi kerak. Ishlash uchun bitta ruxsatnomaning bahosi bugun ming dollarga chiqdi. Malakasiz, oddiy ishchi uchun ruxsatnoma shuncha turadi hozir”, - deydi u.

Markaziy osiyolik muhojir o'ziga ishonmay qo'yadi

Bu mutaxassisning so’zlariga ko’ra, o’zbek ayollari ko’pincha uy-ro’zg’or ishlari bilan mashg’ul. Enagalik qilishadi, uy-puyga qaraydi.

“Odatda er-xotin ikkovlon bir hovlida ishlaydi. Ayol uy yumushlari bilan, eri esa hovlidagi ishlar bilan shug’ullanadi. Bog’, avtomobil, garajga qarash, deganday. Achinarlisi shundaki, oliy ma’lumotli ayol mutaxassislarimiz mana shunaqa yumushlar bilan bandlar. Shifokor, pedagoglar juda ko’p bular orasida”, - deydi u.

Buning sababi, birinchidan, hujjat to’plash jarayoni qimmat, odamlar kattaroq ishga vaqtini ketkazgandan ko’ra, shunga rozi bo’lib qoya qoladi. Ikkinchidan, deya tushuntiradi faol, markaziy osiyoliklar nima uchundir Rossiyada o’zini ekpertday his qilmaydi.

“O’zining saviyasi, bilimidan gumonlar paydo bo’ladi. O’zlariga ishonmay qoladilar va oson yo’l bilan tirikchilikni o’tkazishga harakat qiladilar. Diskriminatsiya, kamsitish borligini ham tan olish kerak”, - deydi u.

Ishchi muhojirlar uchun gazeta:

XS
SM
MD
LG