Breaking News

Eron Jenevaga yangi takliflar bilan bordi


Jenevada Eron yadro dasturi bo'yicha muzokaralar, 15-oktabr, 2013-yil
Jenevada Eron yadro dasturi bo'yicha muzokaralar, 15-oktabr, 2013-yil
Bugun Jenavada Eron yadro dasturi bo’yicha xalqaro muzokaralar boshlandi. Eron unda ishtirok etayotgan olti davlatga o’z taklifini taqdim etgan. Tehron AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Britaniya va Germaniyani yadro qurollari ustida ish olib bormayotganida ishontirishga va bu bilan unga qo’yilgan xalqaro sanksiyalardan xoli bo’lishga harakat qilyapti.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif muzokara boshida taklif haqida ma'lumot bergan. Uning o'rinbosari Abbos Araqchining aytishicha, P5+1 guruhi ularni ijobiy qabul qildi.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo’yicha mas’ul rasmiysi vakili Maykl Menn taklifni foydali deydi. Qo'shma Shtatlar bu borada munosabat bildirmagan hali.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy sanksiyalarning yumshatilishi uchun harakat qilishini aytgan. P5+1 guruhiga a’zo davlatlar undan gaplarini amalda isbotlashni so’ragan.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu xavfsizlikka javob beruvchi rasmiylari bilan majlis chog’ida xalqaro hamjamiyat bu masalani chala qoldirmasligi, Eronni atom qurolini yaratish salohiyatidan ayirishi kerak, degan.

AQShning demokratlar va respublikachilardan iborat qonunchilari agar Eron yadro dasturini oydinlashtirish uchun muhim qadam qo’ysa, yangi sanksiyalarni qo’llamaslikka tayyormiz, demoqda.

O’tgan hafta 10 senator prezident Barak Obama nomiga maktub yo’llagan. Ular agar Eron uran boyitishni to’xtatsa, AQSh va boshqa davlatlar ham yangi jazo choralari ijrosini to’xtatishi kerak, degan.

Biroq Tehron jarayonni to’xtatmoqchi emas. Muzokaralar ertaga davom etadi.
XS
SM
MD
LG