Breaking News

Tahlilchilar: Eron masalasi Koreya bilan kelishuvga to'siq emas


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Shimoliy Koreyaga borib,

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari uchrashuvi oldidan Pxenyan Amerikaning uch fuqarosini qamoqdan ozod etdi. Ular AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan vatanga qaytgan.

Pompeo Tramp va Kim Chen Un o'rtasidagi uchrashuvni rejalash uchun Pxenyanga borgan. Kim Hak Song, Toni Kim va Kim Dong Chu ayg'oqchilikda va "dushmanona" xatti-harakatlarda ayblanib Shimoliy Koreyaning mehnat lagerlariga mahkum qilingan edi.

Oq uyning bildirishicha, har uchalasining sog'ligi joyida.

8-may kuni Tramp Eron bilan bir necha davlat imzolagan yadroviy bitimdan AQSh chiqishini e'lon qildi. Tahlilchilar fikriga ko'ra, bu qaror Shimoliy Koreyaning atom dasturini tugatish bo'yicha diplomatik harakatlarni izdan chiqarmaydi, ammo muzokaralarni qiyinlashtirishi mumkin.

Olti davlat (AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Rossiya) va Eron orasida 2015-yilda erishilgan kelishuvga binoan islomiy respublikaning uranni boyitish salohiyati cheklangan, yadro obyektlari xalqaro inspektorlarga ochilgan. Evaziga Eronga iqtisodiy-tijoriy imkoniyatlar berilgan, sanksiyalarning katta qismi olib tashlangan edi.

Trampning maslahatchisi Jon Bolton so'zlariga ko'ra, AQSh bitimdan voz kechib Eronga nisbatan sanksiyalarni tiklayotgani Shimoliy Koreyaga signal degani. Ya'ni Vashington har qanday kelishuvga rozi bo'lavermaydi.

AQSh-Shimoliy Koreya sammiti

Koreya masalalari bo'yicha mutaxassis Viktor Cha fikricha, AQSh Eron bo'yicha siyosatini o'zgartirgani Shimoliy Koreya tomonidan salbiy yoki ijobiy qabul qilinmaydi. Chunki, deydi Cha, Pxenyan o'zini tamomila boshqa, alohida masala deb hisoblaydi.

2015-yilgi bitim Eronning yadroviy bomba yaratishga qaratilgan urinishlarini cheklagan bo'lsa, AQSh Markaziy Razvedka Agentligining aniqlashicha, Shimoliy Koreya allaqachon 60 tagacha yadroviy kallaklarga hamda 40 dan 100 tagacha atom inshootlariga ega.

Ammo Tramp erishajak kelishuvni undan keyingi prezident bekor qilishi ehtimoli Pxenyan olg'a surayotgan talablarni kuchaytirishi mumkin.

"Kelgusi ma'muriyat kelishuvni saqlab qolishiga ishonch bor, chunki Tramp ma'muriyatidek ekstremal hukumat yana qaytishini tasavvur qilish qiyin", - deydi Mi Terri, sobiq razvedkachi.

Osiyodan munosabat

Ayrim moliyaviy tahlilchilar bu yili Eronning Osiyo va Yevropaga neft eksporti kamayishini, Xitoy va Hindiston kabi importyor davlatlar esa sanksiyalarga qarshi chiqishini kutmoqda. Janubiy Koreya, masalan, Eron neftini xarid qilishda davom etmoqchi va sanksiyalardan istisno bo'lishni so'raydi.

Yaponiya ta'biricha Eron bo'yicha kelishuv "qurollar tarqalmasligi va Yaqin Sharq barqarorligi uchun muhim" va AQSh kelishuvdan chiqayotganidan norozi.

Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy rahbarlari 9-may kuni Tokioda uchrashganida Trampning qaroriga izoh berishmadi.

"Shimoliy Koreyaning ommaviy qirg'in qurollari va raketalari, BMT rezolyutsiyalariga binoan, to'laligicha va ishonchli ravishda yo'q qilinishini ta'minlaylik", - dedi Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe.

Pxenyan bu jarayon zudlik bilan emas, bosqichma-bosqich amalga oshishini so'ramoqda. Bu davlat har bir qo'ygan qadami uchun muayyan imtiyozlar olmoqchi.

Tramp ma'muriyatining "maksimal bosim" kampaniyasi Shimoliy Koreya bilan savdoni 90 foizga cheklab, Kim Chen Unni muzokaraga majbur etgani aytilmoqda. Kim Chen Un yaqinda Janubiy Koreya prezidenti bilan chegarada yuzma-yuz ko'rishdi va qo'shni davlat bilan tinchlik bitimi imzolashga kelishib oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG