Eron namoyishlar ortida "dushman" izini qidirmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy so’zlariga ko’ra, uning davlatini terrorizmda ayblagan AQSh rahbari eronliklarga hamdardlik bildirishga haqli emas. Yangi yil arafasida mamlakatda namoyishlar boshlanib ketdi. Donald Tramp Eronda o’zgarish vaqti kelganini ta’kidlamoqda.

To’polonlarni kuch bilan bostirish haqidagi ogohlantirishlarga qaramasdan, namoyishlar davom etayapti. Mashhad shahrida boshlanib, mamlakatning boshqa qismlariga tarqaldi. Ishsizlik, og’ir iqtisodiy sharoitdan shikoyat qilayotgan omma islomiy tuzumni ham qoralamoqda.

Prezident Hasan Ruhoniyga ko’ra, odamlar hukumatni tanqid qilishga, o’z fikrini bildirishga to’la haqli. Lekin, deydi u, zo’ravonlik hamda davlat mulkini talon-taroj qilish hollariga chek qo’yiladi.

“Jamoat mulkiga ziyon yetkazayotgan, ijtimoiy tartibni buzayotgan, g’alayon ko’tarishga harakat qilayotgan guruhlarga toqat qilmaymiz”, - deydi prezident.

Prezident Hasan Ruhoniy
Prezident Hasan Ruhoniy

Islomiy respublikada 2009-yilgi prezidentlik saylovlaridan beri bu kabi yirik norozilik chiqishlari kuzatilmagan edi. Hukumat Instagram va Telegram tarmoqlari vaqtincha yopib qo'yilganini ma’lum qildi. Bu tinchlikni ta'minlash uchun zarur, deydi rasmiylar.

Ichki ishlar vaziri namoyishchilar orasida Eronning dushmanlari bilan til biriktirgan shaxslar borligini, ular javobgarlikka tortilishini aytmoqda.

“Bu shaxslar internetni suiiste’mol qilib, zo’ravonlikni targ’ib qildi, qo’lbola qurollar va portlovchi moslamalar yasashni o’rgatdi. Odamlarni politsiyaga hujum qilishga, uy va do’konlarni yoqishga da’vatlar bo’lganini ko’rdik”, - deydi vazir Abdulrizo Rahmoniy.

Chetda yashovchi eronliklar ham hamyurtlarini quvvatlab, namoyishlar o’tkazdi. Prezident Donald Tramp Twitterda yozishicha, Eron xalqi ularning puli va boyligi o’zlashtirilib, terrorizm yo’lida sarflanayotganini tushunib yetgan. Eron rahbariga ko’ra, Tramp hamdardlik bildirishga haqli emas.

“Amerikadagi bu odam atigi bir necha oy oldin Eron xalqini terroristlar deb atagani yodidan ko’tarilgan shekilli”, - deydi Ruhoniy.

Donald Tramp Eron va bir necha davlat orasida erishilgan yadroviy kelishuvni qoralab kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG