Breaking News

Erondagi namoyishlar siyosiy tuzum barqarorligiga qanday ta'sir qiladi?


Eronda benzin qimmatlashishi ketidan boshlangan namoyishlarda so’nggi bir haftada 100 dan ziyod odam o’lgan. Xavfsizlik kuchlari tartibsizliklarni kuch bilan bostirmoqda.

Ayrim tahlilchilaring aytishicha, chiqishlarning bostirilishi Erondagi diniy rahbarlarning xalq isyonidan qo’rqishini ko’rsatmoqda. Biroq hozirgi vaziyatda tuzum o’zgarishiga hech kim ishonmaydi.

Namoyishchilarning ba’zilari oddiy bezorilikka o’tgan. Bank binolari, politsiya mahkamalari, do’konlarga zarar yetkazilmoqda. Ayni paytda Eronning 40 qa yaqin shahrida namoyishlar kuzatilmoqda. Hukumat bu gal ancha qattiq chora ko’rmoqda.

“Kuch ishlatishga doir xalqaro norma va andozalarning buzilayotgani, namoyishchilarga qarshi haqiqiy o’qlar qo’llanayotgani haqidagi xabarlardan xavotirdamiz”, - dedi BMTning Inson huquqlari Oliy komissari idorasidan Rupert Kolvil.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy g’alayonlar ortida tashqi kuchlar turganini aytadi.

“Ko’chadagi anarxistlar soni ko’p emas. Ammo ular uyushgan, qurollangan, mintaqadagi zamondan ortda qolgan, sionist va amerikaliklar tomonidan tayyorlangan reja asosida ish ko’rishmoqda”, - dedi u.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga ko’ra, xavfsizlik kuchlari bilan to’qnashuvlarda 100 dan ziyod odam o’lgan. Mirshablar orasida ham talafotlar bor.

Tahlilchilarga ko’ra, so’nggi yarim asr mobaynida Eronda ko’plab qonli namoyishlar kuzatilgan va hech biri tuzum o’zgarishiga yetaklamagan.

“Xavfsizlik kuchlari, qamoqxona xodimlari, harbiylar maoshini vaqtida olyapti, bunday odamlar orasida norozilar yo’q, boshqalarni bostirishda jonbozlik ko’rsatishyapti. 100 ta odam o’ladimi, 10 mingta o’ladimi, ularga farqi yo’q”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan Robi Barett.

Mazkur siyosatshunos nazarida, Erondagi tuzumni sanksiyalar bilan ag’darib bo’lmaydi, chunki iqtisodiyotni harbiy elita nazorat qilmoqda. Biroq, deydi u, Eronning qarib qolgan va bemor diniy rahnamosi Ali Xomeneiydan so’ng harbiylar obro’sini to’la qozongan ikkinchi bunday rahbarni topish oson emas. Xomeneiy vafotidan so’ng harbiylar hokimiyatni qo’lga olishi mumkin, deydi Barett.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG