Breaking News

Xalqaro sud Eron foydasiga hukm chiqardi


Xalqaro sud hakamlari Eronning arziga muvofiq ishni ko'rib chiqish avvalida. Gaaga, Niderlandiya. 2018-yil, 3-oktabr.
Xalqaro sud hakamlari Eronning arziga muvofiq ishni ko'rib chiqish avvalida. Gaaga, Niderlandiya. 2018-yil, 3-oktabr.

BMT Oliy sudi Vashingtonga Eron gumanitar mahsulotlar importini cheklovchi sanksiyalarni bekor qilishni buyurishi ketidan Qo'shma Shtatlar Eron bilan 1955-yilda imzolangan Do'stlik haqidagi bitim amalini to'xtatdi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, shartnomani 39 yil oldin bekor qilish kerak edi.

Bitim Eronda Amerikaga xayrihoh shoh tuzumi hukmron bir paytda imzolangan edi. 1979-yilda Eronda islomiy inqilob yuz berib, yangi diniy hukumat 60 dan ortiq amerikalikni salkam bir yarim yil garovda ushlab turgan. Shundan so'ng ikki davlat o'rtasida diplomatik aloqalar uzilgan, biroq Do'stlik haqidagi bitim bekor qilinmay kelgan edi.

Gaagadagi sud Vashingtonga bu hujjat haqida eslatgan ko'rinadi.

Xalqaro sud 3-oktabr kuni AQShning dori-darmon, oziq-ovqat va samolyot ehtiyot qismlariga doir cheklovlarini to’xtatish to’g’risida qaror chiqardi. Ushbu choralar joriy yil avvalida Tramp ma’muriyati tarafidan Eronga nisbatan qayta joriy qilingan edi.

Sud o’z qaroriga asos qilib 1955-yilda AQSh va Eron o’rtasida imzolangan “Do’stona munosabatlar, iqtisodiy aloqalar va konsullik huquqlari to’g’risida”gi bitimni ko’rsatgan.

Mayk Pompeo sud qaroridan so’ng 1955-yilda imzolangan bitimning ortiq amal qilmasligini ma’lum qilgan.

“Iyul oyida Eron Xalqaro sudga Do’stlik bitimining buzilayotgani iddaosi bilan murojaat qilgan edi. Eron AQShning yadroviy dastur bo’yicha bitimdan chiqib ketishi va qayta joriy qilingan sanksiyalar yuzasidan bahs qilishni maqsad qildi. Shuningdek, Tehron Vashingtonning Amerika milliy xavfsizligini ta’minlash yo’lida zarur huquqiy choralar qo’llashga doir suveren huquqlariga tahdid solmoqda. Eron siyosiy va tashviqiy-targ’ibiy maqsadlarda Xalqaro sud vakolatlarini suiiste’mol qilmoqda; ularning arzi, chiqarilgan hukmdan ko’rinib turganiday, mutlaqo adolatsiz”, - deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

AQSh prezidenti joriy yilning may oyida Eronni yadroviy dastur bo’yicha kelishuvga amal qilmayotganlikda ayblab, sanksiyalarni tikladi.

Bitim ijrosini nazorat qilishga mas’ul BMTning Atom energiyasi bo’yicha agentligi Eron shartnoma talablariga amal qilib kelayotganini xulosa qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG