Breaking News

Anbar viloyatida jangarilar faol, Bag'dodga yaqinlashmoqda


Bag'doda restoranlar nishonga olinib, kamida 21 odam halok bo'lgan. 21-oktabr, 2014-yil.
Bag'doda restoranlar nishonga olinib, kamida 21 odam halok bo'lgan. 21-oktabr, 2014-yil.

Qo'shma Shtatlar harbiylarining aytishicha, Iroq armiyasi mamlakatda "Islomiy davlat"ga boy berilgan hududlarni qaytarishi uchun yana oylar kerak bo'ladi.

Ularning so'zlariga ko'ra, Iroqning Anbar viloyatida koalitsiya havo hujumlariga qaramay, ahvol hanuz og'ir va jangarilar bostirib kelayapti. Anbar esa Bag'dodga yaqin va u yerdan turib jangarilar poytaxtga bemalol hamla qilishi hech gapmas.

Kurdlarning peshmerga jangchilari Suriya-Turkiya chegarasiga yordamga otlanayotgani muhim, deydi AQSh qo'mondonlari. Lekin Iroqda jangarilarga qarshi davomli va shiddatli zarbalarni amalga oshira boshlashi uchun armiyaga hali ancha vaqt bor, deydi harbiylar.

Suriyadagi huquq faollari hisobicha, koalitsiya oxirgi bir oyda 553 odamni o'ldirgan, aksariyati "Islomiy davlat" va al-Qoidaga aloqador al-Nusra fronti jangchilari. Tinch fuqarolar orasida talofatlar 32 kishi ekani taxmin qilinadi.

Bu orada, Turkiya rahbarining aytishicha, suriyalik kurdlar va Ozod Suriya armiyasi Suriyaning Kobani shahri himoyasi uchun "Islomiy davlat"ga qarshi birlashmoqda.

Rajab Toyib Erdog'an bugun, juma kuni jurnalistlar bilan shu haqda gaplashdi. Ayni paytda, deydi Erdog'an, G'arb qo'llab-quvvatlovini olgan kurd jangchilari Turkiya orqali Suriyaga 1300 safdoshini jo'natishga hozirlik ko'rayapti.

Kurd jangchilari mana ikki oydirki, Kobani shahrida "Islomiy davlat" ekstremist guruhi bilan olishmoqda.

Suriyadagi bu shahar Turkiya chegarasidan atigi bir necha kilometr narida. U yerda olishuvlar avj olgani sari Anqara "Islomiy davlat"ga qarshi xalqaro kampaniyaga bosh qo'shishga majbur bo'lmoqda.

Biroq Turkiya jangovar amaliyotlarda hali bevosita qatnashgani yo'q. Amerika yetakchiligidagi, Yevropa va arab davlatlaridan iborat koalitsiya bu orada "Islomiy davlat"ning Iroq va Suriyadagi manzillarini bombardimon qilishda davom etayapti.

Fransiya qiruvchi samolyotlari Iroqda jangarilarga qarashli qurol-aslaha omborini yo'q qilganini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG