Breaking News

"Islomiy davlat" G'arbda dinlararo urush boshlashga urinmoqda


Fransiyada jihodchi tomonidan o'ldirilgan ruhoniy Jak Amel surati, 2-avgust, 2016-yil
Fransiyada jihodchi tomonidan o'ldirilgan ruhoniy Jak Amel surati, 2-avgust, 2016-yil

“Islomiy davlat” o'z tarafdorlarini nasroniylarga qarshi hujumlar uyushtirishga undamoqda. Bundan bir necha kun oldin terror guruhi tarafdorlari 85 yoshli fransuz ruhoniysini ibodat paytida so’yib ketgan edi. Rasmiy Parijga ko’ra, bu hodisa ko’p sonli musulmon disaporaga ega Fransiyada islom va nasroniylik vakillari orasidagi ziddiyatni kuchaytirishga qaratilgan.

“Islomiy davlat”ga qarashli “Dabiq” internet jurnalining so’nggi soni “xochni sindirish”ga bag’ishlangan. Intervyular turkumida islomni qabul qilgan sobiq nasroniy xorijiy jangarilar G’arbdagi tarafdorlarini “dimog’dor nasroniylar”ni yo’q qilishga da’vat etadi.

Jurnalning 15-sonida Rim papasi Fransisk nishon sifatida ko’rsatiladi. “Islomiy davlat” targ’ibotchilari Papani mazax qiladi, uning Orlandodagi gey klubida ro’y bergan otishmani qoralashi ortida o’g’il bolalarni zo’rlash amaliyotini ma’qullash bor, deya ta’kidlanadi.

Iyunda Orlandodagi klubda o’t ochib 49 odamni o’ldirgan va ko'pchilikni yaralagan Umar Matin avval “Islomiy davlat”ga sadoqat bildirgan edi. O’shanda katolik cherkovi otishmani darhol qoralab chiqdi.

Ilgari Trinidad va Tobagoda yashagan sobiq nasroniy jangari Aby Sa’d at-Trinidadiy “Dabiq” orqali tarafdorlarini “Fransiya va Belgiya arslonlari, Kaliforniyadagi er-xotin hamda Orlando va Nitsadagi qahramonlardan o’rnak olish”ga da’vat etdi.

Terror guruhi taraforlariga qarata u “G’arb ahlini o’z uyida qo’rquvda yashab, ko’chalarini qonga to’ldirishga qodirmiz”, deydi va avvalambor, nasroniylar nishonga olinishi kerakligini ta’kidlaydi. U, shuningdek, askarlar hamda tinch aholi o’rtasidagi farqqa e’tibor bermaslik kerak, deydi.

Mavhumlik hududi

“Islomiy davlat” nomidan nasroniylarni nishonga olish va nasroniylikni yo’q qilishga da’vatlar ilgari ham yangragan. 2015-yil fevralida terror guruhi Liviyada 21 nafar misrlik nasroniyning qatl etilishi tasvirlangan besh daqiqalik videoni chiqargan edi. Unda guruh so’zlovchisi “Alloh roziligi bilan Rimni zabt etamiz”, deydi.

Suriya va Iroqda nasroniylar o’ldirildi, zo’rlandi, o’g’irlandi, islomni qabul qilishga majbur qilindi. 2014-yilda Rim papasi “Suriyada fuqarolar urushi soyasida yana bir urush – cherkovimizga qarshi urush davom etmoqda”, deb aytgan edi.

Ammo hozir G’arb va nasroniylikka qarshi kurashga da’vatlar kuchaydi. Bundan maqsad, tahlilchilar fikricha, G’arb hukumatlari va fuqarolarining jahlini chiqarish, islomga qarshi qayrash va pirovardida hanuz ikkilanayotgan yosh musulmonlarni G’arb mafkurasidan yuz o’girib, jihod va xalifalik g’oyalarini qabul qilishga undash.

“Dabiq” jurnalining 2015-yil yanvarda chiqqan sonida bunday “islom va kofirlar o’rtasida” ikkilanayotgan yoshlar “mavhumlik hududida” qolayotgani aytilgan edi.

“Islomiy davlat” guruhi hisobicha, G’arbda amalga oshirilayotgan hujumlar qanchalik dahshatli bo’lsa, G’arb hukumatlari va fuqarolari musulmonlardan shunchalik tezroq nafratlana boshlaydi, millatchilar partiyalari kuchga kiradi. Demak, musulmonlarning jihodchilar saflariga qo’shilishdan boshqa chorasi qolmaydi, deydi jangarilar.

Fransiyaning Normandi viloyatidagi ibodadxonada ruhoniy Jak Amelning o’ldirilishi bunday kurashda burilish nuqtasini yasashi mumkin. Chunki bu qotillik Yevropa turpog’ida “Islomiy davlat” nasroniylarga qarshi amalga oshirgan birinchi hujum bo’ldi.

Mudhish hodisadan keyin rasmiy Parij musulmonlar va nasroniylar o’rtasidagi zo’ravonlikka yo’l qo’ymaslik eng ustuvor masala deb aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG