Terrorchilar qo'lida azoblangan afg'on xotin-qizlari

  • Amerika Ovozi

Jalolobod, Nangarhor viloyati, Afg'oniston

Afg'oniston sharqida "Islomiy davlat" tomonidan olib qochilib, oylab azoblangan xotin-qizlar oradan ancha vaqt o'tib qutqarildi. Ular boshdan kechirganlarini astalik bilan hikoya qila boshlagan.

“Zulmatda o'tirdik. Namoz o'qishga ruxsat berishmadi. Bolalarimizha hatto yig'lashga imkon berishmadi. Qo'rqinch va uqubatda yashadik", - deydi ayollardan biri.

Bu xotin-qizlar 2016-yilning boshida Nangarhor viloyatida terrorchilar qo'liga tushgan. To'rt oydan keyin qabila yetakchilari ularni mahalliy hukumat qo'lidagi "Islomiy davlat" a'zolariga almashishga muvaffaq bo'ldi.

"Islomiy davlat" naqadar shafqatsiz ekanini bilgani uchun bu ayollar nimalarga chidagani haqida gapirib berishga qo'rqdi. Lekin 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan gapirishga imkon topishdi.

Terrorchilar bilan mahbus almashishga shaxsan Prezident Ashraf G'ani ruxsat bergan.

"Islomiy davlat" jangarilarining oilalari tekshirilganida ular g'azablanib, begunoh oilalarga hujum qiladi. 2016-yilda bir gala xotin-qizlar va bolalarning terrorchilar tomonidan olib ketilishiga ham shu sabab bo'lgan.

Ular qorong'i manzilga olib borilgan va kunlab ovqat berilmagan.

“Ular bizni do'pposlar edi. Kofirsanlar deya o'ldiramiz deya qo'rqitishar edi", - deya hikoya qiladi suhbatdoshlardan biri.

“Bizni doimiy ravishda bir joydan ikkinchisiga ko'chirishar edi. Havo hujumlaridan qo'rqishar edi. Turmush o'rtoqlarimiz qatorma-qator o'ldirilganini isbotlovchi videolarni ko'rsatishdi".

"Islomiy davlat" jangarilarining aksariyati chet elliklar, deydi bu ayollar, ular xorijiy tillardan gaplashar edi.

“Sochlari uzun, maska kiyib yurishadi va gapini tushunmaysiz".

Nangarhor viloyati Inson huquqlari komissiyasi bu xotin-qizlarning hikoyalarini tasdiqlaydi.

“Ularning erlari "Islomiy davlat" qo'lida qiynoqqa solinib, birma-bir o'ldirilgan", - deydi Sabrina Hamidiy, komissiya rahbari.

Bu ayollar endi qarovsiz; bolalarini boqish uchun ishlashi kerak. Ishlash uchun esa imkoniyat kerak. Hukumat yordam berishi kerak, deydi Hamidiy.

"Islomiy davlat" esa xurujlarni davom ettirmoqda. Hujumlardan o'nlab odamlar halok bo'ladi. Ayrim hududlarda ular maktablarni yopgan va ularning o'rniga o'z madrasalarini ochgan.

Yaqinda terrorchilar Juzjon viloyatida ikki islomiy dargohga o't qo'ydi. "Islomiy davlat" ularni kofirlar markazi va la'nat tekkan joylar, deya e'lon qilgan.

Hukumatga ko'ra esa bu guruh ancha yer tishlagan. Qurolli kuchlar ularga zarba berishda davom etmoqda. Uch ming jangaridan hozir bir necha yuz nafari qolgan, deydi qo'mondonlar.

“Taqriban 700 jangari bor deb hisoblaymiz. Bu faqat "Islomiy davlat" odamlari. Nangarhor viloyatining uch tumanida faol", - deydi AQSh generali Charlz Klivlend, NATOning Kobuldagi idorasi rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG